Ma’lumki, zargarlik san’ati о‘zbek xalqi madaniyatining ajralmas qismi bо‘lib, uning shakllanish bosqichi  qadimgi davrlarga borib taqaladi. Xususan, Ayritom, Afrosiyob,  Dalvarzintepa, Bolaliktepa, Yerqо‘rg‘on va boshqa shu kabi yodgorliklardan topilgan, miloddan avvalgi I asrdan milodiy VII asrlar oralig‘ida yaratilgan chiroyli haykallar, taqinchoqlar, devor bezaklari orqali yurtimiz hududida zargarlik san’ati qanchalik rivojlanganini kо‘rish mumkin.

"Mard о‘g‘lon" davlat mukofoti sohibi, g‘uzorlik zargar Sharifjon Raupov ham milliy hunarmandchilikning ana shu eng nafis va kо‘hna turini о‘zlashtirib, uni davom ettirayotgan yoshlarimizdan. U bilan suhbatimiz ham bu hunarni о‘rganishiga sabab bо‘lgan omillar, erishayotgan yutuqlari hamda о‘z oldiga qо‘ygan maqsadlari xususida kechdi.

Zargarlik bizga otameros hunar

- Oilamiz kattalarining aytishicha, qadimdan ota-bobolarimiz zargarlik bilan shug‘ullanib kelishgan ekan. Ammo sulolamiz haqidagi asosiy ma’lumotlar о‘zining zargarlik san’ati bilan katta e’tibor qozongan Sharifxо‘ja Raupxо‘ja о‘g‘lidan boshlab saqlanib qolgan. U kishi bobomning bobolari bо‘lgan.

Sharifxо‘ja Raupxо‘ja о‘g‘li juda bilimdon, tashkilotchi kishi bо‘lib, Buxoro amiri Said Olimxon davrida amirlik saroyida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. Shu bilan birga, zargarlik hunari bilan shug‘ullangan. Keyinchalik saroy zarbxonasini boshqargan.

Buxoroda sovet hukumati о‘rnatilgach, qator amaldorlar, boylar qatorida bobomiz ham quloq qilingan. Ammo u kishidan farzandlariga juda katta moddiy va ma’naviy meros qolgan. Moddiy meros deganim о‘sha davrda foydalanilgan zargarlik uskunalari bо‘lsa, ma’naviy meros zargarlik hunaridir.

Katta bobomiz kuloq qilinganidan sо‘ng uzoq yillar davomida, ya’ni mustaqillikka qadar u kishining farzandlari, nevaralari zargarlik hunari bilan shug‘ullana olmagan. Chunki hukumat tomonidan aholining qimmatbaho metallar bilan ishlashiga taqiq qо‘yilgan edi. Shunga qaramay, farzandlari, nevaralari bobomizning hunarini ardoqlab, uni о‘rganib kelishgan. Hatto hunarning unutilib ketmasligi, ota-bobolarimizning qadriyatlarini saqlab qolish uchun har avloddan bir bolaga bobomizning ism yoki sharifini berishgan. Misol uchun, katta bobomiz - Sharifxо‘ja Raupxо‘ja о‘g‘li, bobom - Raup Sharipov. Mening ism-sharifim - Sharifjon Raupov. Xullas, bunday ism va familiyalar bizda juda kо‘p. Bu sulolamizning о‘z qadriyatlariga sobitligi, yoshlarning ota-bobolari hunariga nisbatan yuksak ehtiromi natijasi, deb bilaman. Bu menga g‘urur bag‘ishlaydi, shu bilan birgalikda, juda katta mas’uliyat ham yuklaydi.

Sakson yildan sо‘ng ustaxonani ishga tushirdim

  -  1993 yilda tug‘ilganman. Bu paytda Vatanimiz  mustaqillikka erishgan, hunarmandchilikning barcha sohalari qatori zargarlikka ham keng yо‘l ochilgan vaqtlar ekan. Shu bois yaqinlarim menga katta bobomning ism-sharifini berib, u kishining hunarlarini davom ettirishimga umid bildirgan.

Keyinroq otam, bobom menga bu hunarni astoydil о‘rgatishdi. Yetti-sakkiz yoshimdayoq bu ishga qо‘lim kelishib qolgan edi. 18 yoshimda kattalardan oq fotiha olib, hunarmand sifatida rо‘yxatdan о‘tdim va bobomning ustaxonasida ish boshladim.

Tarixiy yо‘nalishga qiziqishim baland

- Ma’lumki, har bir zamonda zargar ustalar tomonidan yasalgan buyumlar ular yashagan davr san’ati, madaniyatini о‘zida namoyon etishi, milliy hunarmandchilikning о‘ziga xos xususiyatlarini aks ettirishi bilan ahamiyatlidir. Ustaning qalb qо‘ri, yuksak badiiy mahorati bilan ishlangan turli taqinchoqlar zeb-ziynat vazifasini о‘tashi bilan birga, inson salomatligi, ruhiyatiga ham ijobiy ta’sir kо‘rsatadi.

Zargar biror bir buyumni mukammal yasashi uchun bularning har birini о‘rganishi, katta bilimga ega bо‘lishi lozim. Masalan, u shunday taqinchoq yasasinki, ham bejirim bо‘lsin, ham salomatlikka foyda keltirsin, ham qandaydir ma’no anglatsin.

Shu bois hozir turli taqinchoqlar yasash bilan bir qatorda, о‘zbek milliy zargarligining tarixini о‘rganishga harakat qilayapman. Bu esa tarixga qiziqishimni va qadimiy taqinchoqlarning nusxalarini yaratib ularni shu tariqa qayta tiklashga ishtiyoqimni yanada oshirmoqda.

Bilimlarimni oshirish, tarixiy uslublarni о‘zlashtirish maqsadida bir qancha vaqt mobaynida Buxoro viloyatida tarixiy yо‘nalishda ishlaydigan mashhur zargar Alisher Haydarov qо‘lida tahsil oldim. U kishidan juda kо‘p narsalarni о‘rgandim.

Meni bu yо‘nalishga undagan yana bir sabab, bobomdan tarixiy uslubdagi taqinchoqlarni yasashda qо‘llaniladigan juda kо‘p nodir qoliplar qolgan. Bu juda katta boylik, imkoniyat aslida. Demak,  ana shu imkoniyatdan samarali foydalanib, bu uslubni yanada rivojlantirish, tarixiy taqinchoqlarning nusxalarini tiklash asosiy maqsadlarimdan biri.

Yerqо‘rg‘on taqinchoqlarini tikladim, navbat Amir Temur uzugiga

- Yaqinda qо‘limga viloyatimizda topilgan turli tarixiy buyumlar haqidagi albom-kitob tushib qoldi. Unda Yerqо‘rg‘ondan topilgan bir qancha buyumlar, jumladan, taqinchoqlar tо‘g‘risida ham ma’lumotlar, ularning suratlari bor ekan. Ana shu ma’lumotlar asosida bir nechta taqinchoqlarning aynan nusxalarini yaratdim. Bularni shu yil mustaqillik bayrami arafasida tarix muzeyiga  topshirmoqchiman.

Shuningdek, asosiy maqsadlarimdan yana biri buyuk bobokalonimiz Amir Temurning tarixiy uzugini yasash. Bilasiz, bu uzukning asl nusxasi hozir Amerikada saqlanmoqda. Shahrisabzdagi Amir Temur  nomidagi moddiy madaniyat tarixi muzeyi ("Shahrisabz" davlat muzey-qо‘riqxonasi)da uning ikki tomondan olingan suratlari mavjud. Kо‘plab tarixchilar bilan suhbatlashib, internetdan ma’lumotlar qidirib, Amir Temur uzugining aniq о‘lchamlari, shakli haqida aniq faktlar tо‘pladim. Endi uni xuddi о‘zidek qilib yasayapman. Uzukning asosi kumushdan, yuzasiga tilla suvi yugurtirilgan bо‘ladi. Hozir ana shu nodir buyumni yaratish bо‘yicha ishlayapman. Niyatim, uzuk nusxasini tezroq yasab, Shahrisabzdagi Amir Temur nomidagi  moddiy madaniyat tarixi muzeyi ("Shahrisabz" davlat muzey-qо‘riqxonasi)ga topshirish.

Mukofot yanada katta mas’uliyat yukladi

- Hunarmand sifatida faoliyat boshlagan ilk yillarimdan buyon о‘z ishlarim bilan turli kо‘rgazmalar, tanlovlarda faol qatnashib kelmoqdaman. Xususan, bir necha bor "Tashabbus" kо‘rik-tanlovining tuman, viloyat va respublika bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olganman. Yana yosh tadbirkorlar, hunarmandlar о‘rtasida о‘tkazilgan kо‘plab tanlovlarda ham ishlarim yuqori baholanib, g‘oliblar safidan joy egalladim.

Prezidentimizning 2019 yil 28 iyundagi farmoni bilan "Mard о‘g‘lon" davlat mukofoti bilan taqdirlanganimni eshitib, quvonish bilan bir qatorda, zimmamga yanada katta mas’uliyat tushganini his etdim.

Bu mukofotni qilgan ishlarim uchun emas, endi qiladigan ishlarim uchun oldindan berilgan rag‘bat deb bilaman. Ayni vaqtda milliy zargarlik san’atimizning noyob durdonalarini yig‘ish va qayta tiklash bо‘yicha kо‘plab rejalarim bor. Shularni amalga oshirib, о‘z ishlarim bilan xalqaro kо‘rgazmalarda ishtirok etish va yurtimizning boy tarixi, takrorlanmas san’at asarlarini dunyoga tanitish asosiy maqsadlarimdan biri.

Yoshlarimizda hunarga qiziqish yuqori

- Bilasizmi, donishmandlarimizning "Yer yuzida bitta ayol qolsa ham zargarga ish topiladi" degan mashhur gapi bor. Bu bekorga aytilmagan. Ayollarimiz qadim-qadimdan gо‘zallikka oshufta bо‘lishgan. Yerqо‘rg‘on xarobalaridan topilgan haykalchalarning rasmlarini kо‘rib,  bunga yana bir marotaba amin bо‘ldim. Ularning barchasida ayollar boshiga, bо‘yniga taqilgan turli taqinchoqlar bilan tasvirlangan ekan. Buning ustiga har bir taqinchoqning bejirimligi, alohida mahorat bilan ishlangani kо‘rinib turardi.

Qarangki, о‘sha vaqtlarda ham yurtimizda zargarlik san’ati yuksak rivojlangan ekan. Bugun hunarmandchilikning bu turiga talab yuqori. Ertaga ham davom etishi muqarrar.

Hozir yoshlarimiz orasida ham zargarlik hunarini о‘rganishga qiziqish kuchli. О‘zim misolimda aytadigan bо‘lsam, ayni paytda 40 nafarga yaqin shogirdim bor. Ularning barchasi hali maktab о‘quvchilari. Bо‘sh vaqtlarida kelib, shu hunarni о‘rganishmoqda. Ularda hunar о‘rganishga bо‘lgan ishtiyoqni kо‘rib, xursand bо‘laman. Bilganlarimni astoydil о‘rgatishga harakat qilayapman. Kо‘pchilik shogirdlarimning bu ishga ancha qо‘li kelishib qolgan. Demoqchi bо‘lganim, milliy zargarligimiz kelgusida ham yanada rivojlansa rivojlanadiki, unga bо‘lgan e’tibor aslo susaymaydi.

Jahongir BOYMURODOV yozib oldi.

Jamshid NORQOBILOV olgan surat.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

20-07-2019 |
Foto galereya