Mamlakatimizda so‘nggi yillarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, soha va tarmoqlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, "aqlli dasturlar'ning qo‘llanish sohasini kengaytirish bo‘yicha davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi va ijro etilmoqda.
Chiroqchi tumanidagi 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi huzurida Toshkent shahridagi Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti rektori, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, professor Qalandar Abdurahmonov nomidagi "Inson kapitali va sun’iy intellekt" ilmiy maktabining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov, Qalandar Abdurahmonovning sinfdoshlari va shogirdlari, tuman sektor rahbarlari, professor, akademiklar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida so‘z olgan viloyat hokimi akademik Q.Abdurahmonovning bosib o‘tgan hayot yo‘li va ilmiy asarlarining bugun dunyo hamjamiyatida tutgan o‘rni, ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari ilmiy maktab faoliyati va u yerda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi.
"Maktab - oliy ta’lim - akademiya" integratsiyasi asosida tashkil etilgan ilmiy maktab muzeyida akademik Q.Abdurahmonovning hayot yo‘lini aks ettiruvchi fotousuratlar, akademik yoshligi bilan bog‘langan tarixiy buyumlar, qo‘lyozmalar, ilmiy asarlar jamlangan.
Shuningdek, maktabda o‘quvchilarni IT sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish maqsadida so‘ngi rusumdagi zamonaviy kompyuter jamlanmalari bilan ta’minlangan.