Joylarda o’tkazilayotgan sayyor qabullar va aholi vakillari bilan muloqotlar odamlarni qiynayotgan muammolarini hal etish, og‘irini yengil qilish, fuqarolarning davlatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov Mirishkor tumani Pomuq shaharchasida aholi vakillari bilan muloqot qilib, odamlarning orzu-istaklari, talab va ehtiyojlarini o‘rganish, ularga imkon qadar ko‘mak berish, mavjud muammolarga o‘z joyida yechim topish maqsadida sayyor qabul o’tkazdi.
Tadbirda tuman hokimi Fayzullo G’ulomov, viloyat Xalq qabulxonasi mudiri Faxriddin Jumayev, 3-sektor rahbari – IIB boshlig’i G’ayrat Xaydarov, Xalq qabulxonasi mudiri Abdurazzoq G’oziyev, viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Dastlab, viloyat rahbari tadbir ishtirokchilari bilan suhbatlashdi. So’ngra, rahbar yaqinda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan Jahon va O‘zbekiston chempioni, Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi a’zosi Shohrux Mamedov va uning oila a’zolariga, tumandagi 7 ta turli sohalarda faol mehnat qilayotgan namunali oilalarga esdalik sovg’alar topshirdi.
Sayyor qabulda 30 nafar fuqaro turli sohalarga oid murojaatlar yo’lladi. Shundan 10 tasi joyida hal etildi. Shuningdek, 3 nafar xotin-qizlarga tikuv mashinalari topshirildi. Muddat talab etuvchi murojaatlar ijrosi nazoratga olindi.