Bо‘laman degan bola boshidan ma’lum, deydi xalqimiz. Farzandingiz yoshligidanoq pulni pulga chaqib, halol mehnat bilan 1 sо‘mni 2 sо‘m qilib kelayaptimi, shunga qо‘yib bering. Demak, unda ishbilarmonlik qobiliyati bor, bir kun kelib kо‘zga kо‘ringan tadbirkor bо‘lishi hech gap emas. Ahamiyatlisi, bugun mamlakatimizda yoshlarning tadbirkorlik bilan mashg‘ul bо‘lishi uchun barcha imkoniyat bor. Ularning tashabbus va intilishlarini moliyaviy qо‘llab-quvvatlash uchun ham muhim asos yaratilgan. "Yoshlar - kelajagimiz" davlat dasturi shulardan biridir.

Mazkur dastur kosonlik bir qancha yoshlar uchun ham ayni muddao bо‘ldi. О‘z biznes-g‘oyasini amalga oshirishni о‘ylab yurgan ayrim ishbilarmonlarga о‘tgan yili bu borada zarur kо‘mak kо‘rsatildi. 17 nafar tashabbuskorning g‘oyasi ma’qul topilib, ularga tegishli jamg‘arma tomonidan 4 milliard sо‘mdan oshiq moliyaviy kо‘mak ajratilishi chorasi kо‘rilgandi. Ushbu loyihalarning aksariyati allaqachon о‘z samarasini bera boshlagan.

Misol uchun, tumandagi "Koson trans servis" mas’uliyati cheklangan jamiyati hududda aholiga tashish xizmati kо‘rsatib kelayotgandi. Korxona rahbari Javlon Husanov mavjud salohiyat va imkoniyatini chamalab, faoliyatni diversifikatsiyalashga, yangi tarmoqlarni yо‘lga qо‘yishga ahd qildi. Loyihani tayyorlab, jamg‘armaga taqdim etdi. Fursat о‘tib, tashabbus qо‘llab-quvvatlandi. Tadbirkorga biznes-g‘oya rо‘yobi uchun 650 million sо‘m imtiyozli kredit ajratib berildi.

- Biz tanlagan tarmoqlar avvalgi faoliyatimiz yо‘nalishidan uzoq emas, - deydi yosh ishbilarmon. - Transport vositalariga texnik xizmat kо‘rsatish, avtomobillarni yuvish shoxobchasi shular jumlasidan. Ishni majmua sifatida tashkil etdik. Shoxobchalarni zarur apparatura va dastgohlar bilan jihozladik. Bugun bu yerda tо‘laqonli xizmat kо‘rsatilmoqda. Shuningdek, mehmonxona xizmatini yо‘lga qо‘ydik. Bir martada 30 nafargacha mehmonni qabul qilish quvvatiga ega zamonaviy otel barpo qildik.

Albatta, zamonaviy majmuaga malakali ishchilar kerak. Tadbirkor tegishli loyiha doirasida 60 nafar kishini ishli qilishni taklif etgan. Bugungi kunda esa 40 ishchining mustahkam daromad manbaiga ega bо‘lishiga sharoit yaratilgan. Yosh ishbilarmon kelgusida yana qо‘shimcha tarmoqlar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali mazkur mо‘ljalga yetishni kо‘zda tutgan.

Suratlarda: majmua faoliyatidan lavhalar.

Mirzohid JО‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

 

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

09-04-2019 |
Foto galereya