Qarshi shahrida duatlon sport turi bо‘yicha О‘zbekiston birinchiligi va chempionati musobaqalari tashkil etildi.

Ma’lumki, duatlon sport turi uch  bosqichdan iborat bо‘lib, birinchi bosqichda ishtirokchilar belgilangan masofani yugurib о‘tadi va keyin velosipedda harakatni davom ettiradi. Oxirgi bosqich - yana yugurish. Yugurib yoki velosipedda bosib о‘tish lozim bо‘lgan masofa ishtirokchilarning yoshi va imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Shunga kо‘ra, bahslar yoshlar va kattalar о‘rtasida alohida-alohida о‘tkazildi. Jumladan, yosh sportchilar О‘zbekiston birinchiligi bahslarida ishtirok etishdi. Unda viloyatimiz terma jamoasi birinchi о‘rinni qо‘lga kiritgan bо‘lsa, 2-о‘rin Buxoro, 3-о‘rin esa Xorazm vakillariga nasib etdi.

Kattalar jamoalari о‘rtasidagi kuchlilarni aniqlab bergan О‘zbekiston chempionati bahslarida esa Buxoro viloyati terma jamoasi vakillari shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga kо‘tarildi. Shuningdek, kuchli uchlikdan viloyatimiz hamda Navoiy viloyati sportchilari joy oldi.

Musobaqaning taqdirlash marosimi Qarshi shahridagi "Vatanparvarlar bog‘i"da tashkil etildi. О‘ziga xos sayr va vatanparvarlik darsi sifatida о‘tkazilgan marosimda mehnat faxriylari, nuroniylar, viloyatimizning faol yoshlari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

G‘olib va sovrindor sportchilar tadbir tashkilotchilari tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: musobaqadan lavhalar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

26-03-2019 |
Foto galereya