Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti akademik litseyida "Yoshlar xorijiy tillarni о‘rganish yо‘lida" mavzusida tillar festivali о‘tkazildi.

    Ma’lumki, ushbu ta’lim muassasasida yoshlarga 4 xorijiy til: rus, ingliz, nemis va fransuz tillarida saboq beriladi. Akademik litsey "Egizak ta’lim muassasalari" ("Les etablissements jumilages") loyihasi asosida yurtimiz va xorijdagi nufuzli о‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalariga, shu bilan birga, xorijda malaka oshirib qaytgan pedagoglar jamoasiga ega.

    Qolaversa, bu yerda Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining PASCH - "Maktablar: kelajak hamkorlari" loyihasi orqali butun dunyoda tanlab olingan maktablarda nemis tili darsini qо‘llab-quvvatlovchi xalqaro dasturi ham amaliyotga tatbiq etib kelinmoqda. Ushbu dasturning maqsadi о‘quvchilari eng yaxshi ta’lim olish imkoniga ega bо‘lgan maktablardan iborat xalqaro tizimni shakllantirishga qaratilgan. Shu asosda о‘tgan yili litseyning 4 о‘qituvchi va yana shuncha о‘quvchisi Germaniyada bо‘lishdi.

    E’tiborlisi, pedagoglarning Yevropa va Sharqiy Osiyo mamlakatlari mutaxassislari bilan muntazam ravishda fikr, tajriba almashib kelayotgani ularning zamon talablari asosida dars о‘tishi, ta’lim sifati jahon standartlariga javob bera olishini ta’minlashda muhim о‘rin tutmoqda.

    Tillar festivalida Germaniya Federativ Respublikasining О‘zbekistondagi elchixonasi attashesi Yens Verner ham qatnashdi. Ma’lumot uchun, attashe ayni kunlarda ushbu ta’lim muassasasida bо‘lib, 2 kunlik seminar о‘tkazmoqda.

    Tadbirda chet tillardagi adabiyot namunalari, shuningdek, "Urf-odatlar - millat madaniyatining kо‘zgusi" mavzusida xorijiy mamlakatlarning urf-odatlaridan kо‘rinishlar, raqs va qо‘shiqlar ijro etildi. Mashhur kinoasarlarning xorijiy tildagi talqini barchaning olqishiga sazovor bо‘ldi.

N.XО‘JAYEV

S.NARZIYEV olgan surat.

 

03-03-2019 |
Foto galereya