Jurnalist yon daftaridan

YOSH MUXBIRNING "NOYOB TOPILMASI"

Yoxud tanqid xolva emas hammaga birdek yoqadigan

Azaldan matbuot nashrlarida ishlovchilarni "sо‘z odamlari" deya ulug‘lashadi. О‘z arz va shikoyatlari bilan turli idoralarga murojaat qilib, ishi bitmagan kishilar sо‘nggi najot manzili sifatida gazetani bilishayotgani va о‘zlari ishongan tahririyat eshigini chertishayotgani ham bor gap. Ehtimol muxbir atamasi alohida hurmat bilan tilga olinishi boisi ham shundandir.  Kimlardir bu soha kishilaridan hadiksirab turishlariga kо‘pchiligimiz guvoh bо‘lganmiz. Ayniqsa, "ishchi qishloq muxbirlari" (ilgarilari qishloqda yashaydigan jamoatchi  muxbirlarga nisbatan shunday atama qо‘llanardi) nishonni bexato urishardi.

“Endi qanday yuraman?”

Hali maktab ostonasini hatlamagan edim. Uyimizga savlatidan ot hurkadigan qishloqdoshimiz erta tong payti kelib, qо‘lidagi buklangan jurnalni silkitganicha, otamga udag‘aylay boshladi:

- Aka, muallim о‘g‘lingizni tergab tursangiz bо‘lmaydimi, u meni u yer, bu yer emas, naq "Mushtum"ga yozibdi. Endi odamlar orasida qanday yuraman?

- Yо‘g‘-e, unchalik emasdir,- kutilmagan mehmonni shashtidan tushirishga urindi otam.

- Mana, о‘zingiz о‘qib qо‘ring, deya u qо‘lidagi jurnalni otamning oldiga otdi.

Ma’lum bо‘lishicha, maktabda о‘qituvchi bо‘lib ishlaydigan akam u kishi haqida "Qо‘sh xotinli boyvachcha" degan she’riy felyeton yozgan ekan. Otam mehmonning hurmati uchun akamni jazolagani hamon kо‘z о‘ngimdan ketmaydi.

Gazetachilik sohasiga kirib kelishimga ham oddiygina bahs sabab bо‘lgandi. О‘tgan asrning saksoninchi yillari boshida qishlog‘imiz yangi ochilgan tuman markaziga aylantirilgach, tuman gazetasi tahririyatiga maktabimiz eski binosini ta’mirlab berishdi. Bolalikdan ijodkorlarga havasim baland bо‘lgani bois har kuni dars soatlarim tugagach, bu yerda ishlaydigan bolalik о‘rtog‘im yoniga shoshilardim. Qishloq xо‘jaligi bо‘limi boshlig‘i bо‘lib ishlaydigan dо‘stim ham, hamxonasi ham qachon kelmay bir uyum  qog‘ozga kо‘milib о‘tirardi. 

- Bunchalik ishlaring kо‘p bо‘lmasa, - derdim norozi ohangda - Bir og‘iz otamlashay deb chiqsam, sizlar boshlaringni qog‘ozdan kо‘tarmaysizlar.

- О‘zing bilasan, bugun gazeta chiqadigan kun, hali rejamizni bajarganimiz yо‘q, - ming‘irlardi dо‘stim. - Topshiriqni bajarmasak, "letuchka"da bosh muharrir pо‘stagimizni qoqadi.

- Ikki varaq qog‘ozni qoralash shunchalik qiyin bо‘libdimi, shartta yozib tashlanglarda, - deyman ularning ishiga bepisandlik bilan qarab.

- Seningcha maqola yozish о‘yin ekanda, - deydi dо‘stim kinoya aralash.

Unga hamxonasi qо‘shiladi.

Bir-ikki nasriy mashqlarim hali talabalik yillarimdayoq matbuot yuzini kо‘rmaganmi, katta gapirib yubordim:

- Istasam ikkalangiz birgalashib yozadiganingizni bir о‘zim uddalay olaman.

Xullas, dо‘stim bilan hamxonasi meni muharrirga tavsiya qiladigan, men esa ular bilan birga ishlaydigan bо‘ldim. Shu tarzda muxbirlik faoliyatiga qadam qо‘ygandim.

Rozi qilmasa, kamchilik toparkan

Qashqadaryo haqiqati" (hozirda "Qashqadaryo") gazetasi yetakchi muxbiri, marhum ustozimiz Temur Shoqulov yosh hamkasblariga shunday nasihat qilar edi:

- Tanqid holva emas, u hech kimga yoqmaydi. Shunday ekan, tanqidiy chiqish qilayotganingizda mavzuga oid bir-ikki dalilni yomon kunning yarog‘i sifatida asrab qolishga odatlaninglar.

Bu maslahat qay darajada asqatishiga kо‘p bor shohid bо‘lganman. Bir gal qadrdon hamkasbim Hamid aka Primqulov (Alloh oxiratini obod aylagan bо‘lsin) bilan hamkorlikda chо‘l xо‘jaligi rahbarining qing‘ir qiliqlari, atrofiga qarindosh-urug‘larini joylashtirib olgani, shirkat mulki talon-toroj qilinayotgani xususida kattagina felyeton e’lon qildik. Gazeta   tarqalgani ertasi kuniyoq ikki yuk mashinasida xо‘jalikning ellikdan ziyod ishchisi, firqa qо‘mitasi kotibi rahbarligida tahririyatga bostirib kelishdi. Ular bizni notо‘g‘ri axborot tarqatishda ayblab, galdagi sonda raddiya berishimizni talab etishdi. Masala tuman firqa qо‘mitasi byurosida ham о‘z yechimini topmadi. Bizga yomon kо‘z bilan qarash kuchayib boravergach mavzuga qaytib, "Qora tamg‘a", unga firqa qо‘mitasi sarkotibi boshchilik qildi" sarlavhali ikkinchi chiqishimizni viloyat gazetasida e’lon qildirdik. Maqolada da’vogarlar bizni bilmaydi deb о‘ylagan, davr uchun dolzarb bо‘lgan yangi dalillarni ishlatdik. Tortishuv xо‘jalik raisi va unga yon bosgan firqa qо‘mitasi kotibi aybiga yarasha jazolanishi bilan yakun topdi.

Bugun OAVni, ayniqsa, bosma nashrlarni kam tanqidiy chiqish qilishda ayblash holatiga tez-tez duch kelamiz. Gо‘yo mushtariylarda gazeta tanqidiy chiqishi mavjud muammolarni bartaraf etishning yagona yо‘li degan tasavvur uyg‘ongandek. Ammo hamma vaqt ham matbuotning adolatli chiqishiga bir xil - ijobiy munosabat bildirilayapti, deb bо‘lmaydi. Bunga ayrim matbuot xodimlarining masalaga bir tomon foydasini kо‘zlab yondashayotganligi ham turtki berayapti. Shunday ekan, "sо‘z odamlari" о‘z ish faoliyatlarida halol va haqgо‘ylikni asosiy mezon deb bilishlari lozim. Afsuski, oramizda muxbir nomiga dog‘ tushiruvchi, xizmat safaridan shaxsiy manfaati yо‘lida foydalanishni urf qilgan kishilar ham oz bо‘lsada uchrab turibdi.

Men rahbarlik qilayotgan maktabga bundan besh-olti yil muqaddam viloyat tarmoq gazetasi guvohnomasini kо‘targan yigit "tashrif buyurdi". U menga 50 ming sо‘m evaziga maktabimiz haqida ijobiy maqola yozishini, aks holda kamchiligimizni topib, tanqid qilishini sha’ma qildi. Matbuot    nashrlarida ishlagan yillarimda biron marotaba safarga moddiy manfaat kо‘rish niyatida chiqmaganligim bois uning pisandasi erish tuyuldi. Har holda matbuot vakili, balki tanib qolar degan niyatda ismi sharifimni aytdim. Suhbatdoshim yuzimga bir muddat ma’nosiz tikilib turdi-da, tag‘in taklifini qat’iy ravishda takrorladi. Tо‘g‘ri, u qilmishiga yarasha jazosini oldi. Ammo dilda о‘sha gazeta xodimiga nisbatan noxush munosabat qoldi.

Bugun mamlakatimizda mingdan ziyod OAV faoliyat kо‘rsatayapti. Bunga kun sayin kо‘lami kengayib borayotgan ijtimoiy tarmoqlarni ham qо‘shsak, muxbirlar auditoriyasi naqadar keng ekanligi yaqqol namoyon bо‘ladi. Agar sholining ichida kо‘rmaklar ham uchrab turishini inobatga oladigan bо‘lsak, ayrim davralarda "muxbirlar rosa jonga tegdi", "qoch muxbir kelayapti" qabilida gap-sо‘zlar uchrab turishi naqadar о‘rinli ekanligiga kо‘z yetirish qiyin ish emas.

Mayli, bosma nashrlarni loqaydlikda ayblaylik, lekin yomg‘irdan sо‘ng bodrab chiqqan qо‘ziqorindek kо‘payib ketgan ijtimoiy tarmoqlar kichik qismi bir kunlik mundarijasiga kо‘z yugurtirsak, istaganimizcha tanqidiy  chiqishlarni о‘qishimiz mumkin. Biroq bunday chiqishlarning kо‘pchiligida mavzuga bir yoqlama, qaysidir tomon manfaatlaridan kelib chiqib yondashish guvohi bо‘lamiz. Vaholanki, jurnalist faoliyatida xolislik muhim о‘rin tutadi. Mavzu о‘rganilishida ham, uni yoritishda ham ijobiy va salbiy tomonlar teng aksini topishi lozim. Tо‘g‘ri, jurnalist uchun ijobiy maqola yozish qulay. Maqtov hammaga yoqadi. Ammo birgina haybarakallachilik bilan jurnalist sifatida obrо‘ qozonib bо‘lmaydi.

“Zо‘r chiqibdimi, ustoz?”

Adabiy jarayonda, shuningdek, jurnalistikada ham "plagiat" degan tushuncha bor. Birovning mehnatidan foydalanib, shuhrat qozonishga intilish gazetachilar orasida ham onda-sonda bо‘lsa-da uchrab turadi. Tahririyatda endigina faoliyat boshlagan yosh hamkasbim mayda-chuyda qilib о‘tirmay, birdaniga lavhaga qо‘l uribdi.

Paxtakorlar hayotidan lavha.

Bosh muharririmiz  "letuchka"da uni rosa maqtadi:

- Shogirdingizning lavhasini о‘zingiz ham bir kо‘rib chiqing, - topshiriq berdi u kishi menga qarata.  - Chiroyli qilib navbatdagi songa bosish kerak.

Muharrirning g‘alati odati bor, uvol-savobni umumiy qilish uchun kattaroq maqolani boshqalar ham kо‘rib chiqishini sо‘raydi, ertaga biron gap-sо‘z bо‘lsa, tanqid ham bо‘lib olinadi-da.

Xullas, "letuchka"dan lavhani kо‘tarib chiqdim, besh yarim qog‘ozni band etgan bitik, qariyb bir sahifani egallaydi. Haliyam muxbir yigit "ocherk" yozdim deb da’vo qilmaganiga shukr qildim.

Lavhaning ilk satrlarini о‘qib sergak tortdim: "Quyosh olis ufqdagi tog‘lar ortidan bosh kо‘tardi"...

"Noyob topilma", biyday sahroda yosh hamkasbim tog‘ni qayerdan topdi ekan?

Kо‘p о‘tmay u qо‘llarini qovushtirgancha xonamga kirib keldi:

- Zо‘r chiqibdimi, ustoz?

- Gap yо‘q, faqat ertaga tong otmay ishga kelsangiz, subhidamda muhokama qilib olamiz.

Ertalab tong qorong‘isida idoraga kelsam, yosh hamkasbim kutib turgan ekan:

- Muhokamani boshlaymizmi, ustoz, muharririmiz "nega lavhani nomerga tushirmayapsizlar", deb sо‘ragandi.

- Shoshmay tur, oldin tomga chiqib olaylik, - dedim uni narvon tomon yetaklab.

- Ertalabdan tomda nima qilamiz?

- Shabadada о‘tirishga nima yetsin, miya tiniqlashadi.

Uzun-qisqa bо‘lib tomga chiqdik. Tozaroq joy topib chordona qurdim. "Shogird" ham joylashib о‘tirdi. CHо‘ntagimdan sigaret chiqarib tutatdim. U ham mening harakatimni takrorladi.

Kо‘p о‘tmay quyosh yotog‘idan bosh kо‘tardi.

- Endi о‘rnimizdan turamiz, - dedim suhbatdoshimga. - Menga olis  ufqdagi tog‘ni kо‘rsatib ber!

Ufqda tog‘dan darak yо‘q, hamkasb yelka qisgan.

Mulzam bо‘lgan "shogird" о‘sha kuniyoq tahririyatdan qorasini о‘chirdi.

Keyin bilsam u respublika gazetalaridan birida yaqindagina e’lon qilingan maqolani tо‘lig‘icha kо‘chirib, faqat ism-familiyalarni, gektarlarni о‘zgartirgan ekan, xolos.

Sartrning mardligi

- Nufuzli mukofotni olish oson tushmagandir, - ilmoqli gap qildi 2010 yil "Oltin qalam" xalqaro milliy mukofotining "ma’naviy-ma’rifiy mavzudagi eng yaxshi maqola uchun" nominatsiyasi g‘olibi bо‘lganimda bir tanishim.

Rosti, biz u yoki bu kasb sohibi haqida sо‘z yuritganimizda kо‘pincha u sazovor bо‘lgan mukofotlarga qarab baho beramiz. Shu jumladan, gazetachi mehnatiga ham. Jurnalist - jamiyatning vijdoni degan eski ibora bor. U yillar mobaynida о‘z ahamiyatini yо‘qotmay kelayapti. Negaki jamiyat taraqqiyoti hech bir qirrasi jurnalist sinchkov nigohidan chetda qolmaydi. Soha kishilari mehnatini taqdirlash maqsadida har yili mamlakatimizda "Oltin qalam" xalqaro-milliy mukofoti, "Yilning eng faol jurnalisti" tanlovlari о‘tkazib kelinmoqda. Buning ustiga turli mavzularda tashkil etilayotgan о‘nlab kо‘rik-tanlovlarni, kо‘pgina gazeta-jurnallar tahririyatida yilning, oyning eng yaxshi maqolalarini rag‘batlantirish urfga aylanib borayotganini ham qо‘shsak, jurnalist mehnati о‘ziga xos tarzda baholanayapti, deyish mumkin. Ammo sо‘nggi yillarda jurnalistika sohasidagi nufuzli mukofotlar, shu jumladan, "Oltin qalam" taqdimoti vaqtida noxolislikka yо‘l qо‘yilayotgani haqidagi fikr-mulohazalar ham OAV yuzini kо‘rayapti. Yaqinda "ziyouz.uz" saytida fransuz adibi Jan Pol   Sartrning 1964 yil 23 oktabr kuni Parijda shved jurnalistlari oldida sо‘zlagan "Men nega mukofotdan voz kechdim?" degan nutqini о‘qib qoldim. Buyuk adib nutqida mukofotdan voz kechishiga bu haqda oldindan о‘ziga ma’lum qilinmaganini sabab qilib kо‘rsatgan bо‘lsa-da, mukofotning siyosiy qarashlarga qarab berilayotganidan noroziligini bayon etgan.

Shu nuqtai nazardan qaraganda   keyingi yillarda "Oltin qalam" taqdim etilgan "Tafakkur" jurnali, "Kitob dunyosi" gazetasi nega jurnalistika sohasidagi mukofot sovrindorlari safidan joy oldi" degan savol tug‘ilishi shubhasiz. Gapning ochig‘i, yuqorida nomi qayd etilgan jurnalning mushtariylarga falsafiy qarashlarni singdirishdagi, gazetaning esa jahon va о‘zbek adabiyoti noyob durdonalarini tanishtirishdagi xizmatiga tan bermaslik notо‘g‘ri bо‘lardi. Ammo mukofot "jurnalistika sohasidagi" deb atalishining о‘ziyoq e’tirozlarda о‘rin borligidan dalolat beradi. Yoki, mukofot bosh sovrini sohiblari safida u yoki bu viloyat, tuman gazetasi tahririyati e’tirof etilayotganida qanchalik mantiq bor?! Mamlakat gazeta muxlislari boshqa viloyat yoki tuman gazetasi bilan qay darajada tanish?! Ayrim nominatsiyalarda internet ma’lumotlaridan foydalanib tayyorlangan birgina maqola sovrinni qо‘lga kiritish uchun kifoya bо‘layotgani isbot talab qilmaydigan aksiomadir. Endi tanishimning yuqoridagi sha’masiga qaytaylik. Men mukofot hakamlar hay’atiga о‘sha yili "Ishonch", "Ma’rifat", "Qashqadaryo" gazetalarida e’lon qilingan shu mavzudagi ellikdan ziyod maqolani taqdim etgandim. Internet materiallari asosida tayyorlangan birgina maqola shuncha chiqish bilan teng baholanishi о‘rinlimi? Nega biz Sartr mardligini takrorlay olmaymiz? Qachonki о‘zimizda shunday munosabatni shakllantira olsak, chinakamiga xalq xohish istagi darajasidagi nashrga aylanishimiz mumkinligini unutmaslik lozim.

Abdunabi ABDIYEV,

faxriy jurnalist

                                                                     Qashqadaryogz.uz ma’lumotolari asosida

26-06-2019 |
Foto galereya