Xalqimiz baliqni "luqmai halol", deya e’zozlaydi. Sababi, ushbu ne’mat tarkibida inson salomatligi uchun zarur  kо‘plab foydali moddalar mavjud. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurak-qon tomir kasalliklarida, kamqonlik, behollik va jismoniy zо‘riqishda, nevroz, teri kasalliklari, podagra va revmatizmda, kо‘rish qobiliyati sustlashganda, baliq gо‘shti koni foyda ekan.

Qolaversa, baliqchilik eng serdaromad tarmoqlardan biri hamdir. Uni har tomonlama rivojlantirish orqali mamlakatimiz iste’mol bozorini parhezbop oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, minglab qо‘shimcha ish о‘rinlarini yaratib, aholi turmush farovonligini yanada oshirish mumkin.

Shuning uchun ham hukumatimiz tomonidan baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, baliqchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan subyektlarni har tomonlama qо‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrdagi qarorida mamlakatimizda baliqchilik sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratib berish, qо‘shimcha imtiyozlar taqdim etish bо‘yicha qator chora-tadbirlar kо‘zda tutilganki, bu aholi va ishbilarmonlarning mazkur faoliyat turiga bо‘lgan qiziqishini yanada rag‘batlantirmoqda. Yuqorida qayd etilgan  qaror hamda Prezidentning о‘tgan yil 13-14 dekabr kunlari viloyatimizga tashrifi davomida berilgan topshiriq va kо‘rsatmalardan kelib chiqqan holda, Qashqadaryoda 2019 yilda baliq yetishtirish bо‘yicha manzilli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Unga asosan joriy yilda vohamizda 20 ming tonna, ya’ni о‘tgan yildagidan (2018 yilda 10 ming 157 tonna edi) qariyb ikki barobar kо‘p  baliq yetishtirish rejalashtirilgan. Shuning 2 ming 400 tonnasi tabiiy suv havzalaridan ovlansa,    9 ming 750 tonnasi sun’iy havzalarda yetishtiriladi.  Yana 7 ming 850 tonna baliq qafas (sadok, yopiq suv aylanma tizimlari (UZV) hamda boshqa kichik suv havzalarida parvarishlanadi.

E’tiborga molik jihati, sо‘nggi yillarda viloyatimizda kichik havzalar, xususan, daryo va kanal bо‘ylari, aholi tomorqalari, xonadonlarda baliq yetishtirish tobora ommalashib bormoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatimiz sharoitida kichik sun’iy havzalarda baliq boqish tabiiy sharoitga qaraganda ancha foydali va samarali usul. Boisi, buning uchun kо‘p yer, kо‘p ishchi kuchi va katta mablag‘ ham talab etilmaydi, suv va yerdan oqilona foydalaniladi. Masalan, oqar suv kanallari, kichik daryolar bо‘yida bir necha sotixdan iborat baliqchilik havzalarini tashkil etish mumkin. Bunda suvning bir qismi ushbu havzaga tashlanadi va ikkinchi tomondan chiqib yana о‘z о‘zaniga qо‘shiladi. YA’ni, suv dalalarga qaytariladi va oqar suv sifatiga yoki suv balansiga hech qanday ta’siri bо‘lmaydi. Qolaversa, kichik havzada baliqni yetarli ozuqa bilan ta’minlab, tez yetiltirish imkoni bor. Bu usul bilan hatto tо‘rt yoki besh sotix yerda ham havza tashkil etib, tonnalab baliq yetishtirish mumkin. Buni о‘z faoliyati misolida kо‘rsatib berayotgan yurtdoshlarimiz kо‘p.

- 4 yil oldin uyimiz yonidagi 30 sotix maydonda havza tashkil etib, baliq yetishtirishni yо‘lga qо‘ygan edik, - deydi Chiroqchi tumanilik Muzaffar Abdullayev. - Hozir havzada mingdan ortiq sazan va boshqa baliqlarni parvarishlayapmiz. О‘tgan yili ana shu yerning о‘zidan qariyb 15 million sо‘m  daromad oldik. Tо‘g‘ri, kichik havzada baliq yetishtirishning ham о‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Avvalo, suvning tozaligiga, turli chiqindilar tushmasligiga e’tibor qaratish lozim. Shuningdek, baliqlarni oziqlantirishda ham e’tibor talab etiladi. Ularga qanchalik tо‘g‘ri va yetarli darajada ozuqa bersangiz, shuncha tez semiradi.

Ta’kidlab о‘tish joizki, dunyoning bir qator davlatlarida kichik havzalarda baliq boqilib, million tonnalab mahsulot olinadi. Misol uchun, Xitoy Xalq Respublikasini olaylik. Ushbu davlatda kо‘plab baliqchilik xо‘jaliklari 1 gektardan yer maydoniga ega. Bunday joylarda har birining о‘lchami 5x22x2,5 metr bо‘lgan 3 donadan baliq boqish hovuzlari о‘rnatilgan. Ana shu hovuzlardan yiliga о‘rtacha 150 tonnadan baliq olishadi. Viloyatimizda ham shu tajribaga e’tibor qaratilgani holda, kichik havzalarda baliq yetishtirishning bir necha turlari ommalashtirilmoqda.

Ma’lum bir sohaning yuksalishi, albatta, unga aloqador bir qator tarmoqlar, zarur infratuzilmaning ham rivojlanishini talab etadi. Bevosita baliqchilik sohasini oladigan bо‘lsak, birgina suv havzalarini tashkil etish va ularga baliq chavoqlarini tashlash bilan natijaga erishib bо‘lmaydi. Tarmoqni taraqqiy ettirish uchun, avvalo, sifatli baliq lichinkalarini yetishtirish, sohada veterinariya xizmatini yо‘lga qо‘yish, omixta yem ishlab chiqarish va xom ashyoni qayta ishlab, ichki va tashqi bozorga yetkazib berish choralarini kо‘rish zarur. Viloyatimizda bu borada ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, ayni paytda hududda umumiy quvvati 110 million dona lichinka   olish imkonini beradigan 3 ta inkubatsion sex faoliyat yuritayotgan bо‘lsa, joriy  yilda bu borada yana bir yirik loyiha amalga oshiriladi. YA’ni, Mirishkor tumanidagi "Sechankо‘l" suv havzasida "Bo-Zarif" fermer xо‘jaligi tomonidan yillik quvvati 50 million dona lichinka ishlab chiqarish quvvatiga ega bо‘lgan inkubatsiya sexi ishga tushirilmoqda. Ayni paytda mazkur sexga Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirilib, jihozlash ishlari olib borilayapti. Bundan tashqari, joriy yilda oldindan mavjud bо‘lgan, maydoni 134 gektarga teng  reproduktor havzalarda 11,3 million dona baliq chavoqlarini yetishtirish hamda 70 gektar maydonda yangi reproduktor havzalar barpo etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, baliq uchun zarur omixta yem ishlab chiqarish sanoati ham rivojlanib bormoqda. Tadbirkorlar tomonidan bu borada kо‘plab loyihalar hayotga tatbiq etilayotgani e’tiborga molik. Xususan, о‘tgan yili Qarshi shahrida faoliyat boshlagan "Masterok garant" mas’uliyati cheklangan jamiyati  tomonidan qiymati 1 milliard 360 million sо‘mni tashkil etadigan zamonaviy texnologik liniya xarid qilinib, bir oyda 450 tonna omixta tayyorlash quvvati ishga tushirildi.

- Bu yil baliqchilikni rivojlantirishga qaratilgan yana bir loyihani ishlab chiqqanmiz, - deydi "Masterok garant" mas’uliyati    cheklangan jamiyati rahbari Bahriddin Murtozayev. - Loyihamiz 250 tonna osyotr balig‘i yetishtirish va yana 10 ming tonna boyitilgan  yem ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirishni kо‘zda tutadi. Kredit olish bilan bog‘liq moliyaviy masalalar hal bо‘lgach, zarur jihozlarni xarid qilib, quvvatni ishga tushiramiz.

Shu paytga qadar viloyatda baliqni qayta ishlash va saqlash bо‘yicha atigi 3 ta subyekt faoliyat yuritayotgan edi. Joriy yilda esa bu borada yana 4 ta yirik loyiha amalga oshirilishi belgilandi. Jumladan, "Qashqadaryobaliqsanoat" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan baliqni sifatli saqlash imkonini beradigan yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

- Ayni paytda loyiha bо‘yicha Mirishkor tumanida kerakli о‘lchamda kо‘l qazish ishlari olib borilmoqda, - deydi "Qashqadaryobaliqsanoat" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari  о‘rinbosari Nuriddin Pirnazarov.  - Shuningdek, bu yerda zamonaviy texnologiyalar asosida 100 tonna baliqni muzlatilgan holda saqlash imkoni yaratiladi.

Albatta, mamlakatimizda baliqchilikning rivojlanishi aholining baliq va baliq mahsulotlariga bо‘lgan talabini qondirish, ularning turini kо‘paytirish va tannarxini arzonlashtirish, aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Jahongir BOYMURODOV

* * *

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

04-04-2019 |
Foto galereya