Davlat statistika qо‘mitasi ma’lumotiga kо‘ra, joriy yil birinchi choragida viloyatimizda asosiy kapitalga yо‘naltirilgan investitsiyalar umumiy hajmi 5 trillion sо‘mdan oshgan. Bu esa hududlar kesimida Toshkent shahri kо‘rsatkichidan keyingi eng yaxshi natijadir. Ushbu investitsiyalar tarkibida korxona va tashkilotlar (11,1 foiz) hamda aholi   mablag‘lari (6,2 foiz) muhim ulushni tashkil etgan bо‘lsa-da, asosiy salmoq (78,7 foiz) xorijiy sarmoya va kreditlar hissasiga tо‘g‘ri kelgani yanada ahamiyatlidir. Anglash mumkinki, oxirgi paytda chet el investorlarida vohamiz iqtisodiyoti yetakchi tarmoqlariga kapital kiritishga qiziqish yuqori bо‘lmoqda.

Buni viloyatimiz hududida xorijiy sarmoya jalb etgan holda rо‘yobga chiqarilayotgan loyihalar kо‘lami keng ekanidan ham yaxshi bilish mumkin. Mazkur tashabbuslar yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etishga qaratilgani e’tiborga molik. Bugungi kunda Kitob tumanidagi "Erkan machinery" О‘zbekiston-Turkiya qо‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha istiqboli haqida ham shu gapni aytish mumkin. Uning umumiy qiymati 6 million AQSH dollariga baholangan bо‘lib, о‘zimizda import о‘rnini bosuvchi zamonaviy texnologik uskunalar tayyorlashni kо‘zda tutadi.

- Loyihani ikki bosqichda tо‘liq ishga tushiramiz, - deydi qо‘shma korxona direktori Alijon Eshqobilov. - Asosiysi, yaqin orada birinchi bosqich doirasidagi ishlarni butkul yakunlaymiz. 90 foizga bajarilgan hisobi. Ishlab chiqarish binosi tayyor holga kelgan. Mahsulot yasash uchun zarur dastgoh va liniyalarni chetdan olib kelib о‘rnatdik. Montaj ishlarini tugatib, iyul oyida ishlab chiqarishga kirishamiz. Hozirgacha 1 million AQSH dollari miqdorida investitsiya о‘zlashtirilganini alohida qayd etish kerak.

Tadbirkorning sо‘zlariga kо‘ra, yangi quvvat foydalanishga topshirilsa, donni qayta ishlash korxonalari uchun tegirmon va omixta yem ishlab chiqarish uskunalari yetkazib berish imkoniyati paydo bо‘ladi. Ayni paytda ushbu texnologik jihozlar yurtimizga chetdan import qilinayotgani inobatga olinsa, kelgusida anchagina valyuta tejab qolinishi ayon bо‘ladi. Birinchi bosqichda mahsulot turi 20 taga yetkaziladi. Yillik quvvat о‘rtacha 100 jamlanma ishlab chiqarish imkonini beradi. Keyinchalik assortiment 50 turdan oshadi. YA’ni murakkab uskunalarni tayyorlash ham faol о‘zlashtiriladi.

Avvaliga korxonada 20 nafar kishi ish bilan band etiladi. Keyinchalik bu son yanada kо‘payishi mumkin. Alijon Eshqobilovning bildirishicha, qо‘shma korxona qoshida ochiladigan bir nechta kichik yordamchi quvvatlar bunga keng yо‘l ochadi. Ushbu sexlarda tayyor uskunalar uchun ishlatiladigan ayrim detallarni yasashni tashkil etish maqsad qilingan. Boshqacha aytganda, faoliyat kooperatsiya asosida olib boriladi. Shunday qilinsa, korxonada ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini dastlabki 50 foizdan 70 foizgacha chiqarishga erishiladi.

Ma’lumot о‘rnida ta’kidlash joiz, viloyatimizda suyultirilgan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarishni tashkil etish, neft-gaz konlarini о‘zlashtirish singari yirik loyihalar hayotga tatbiq etilayotgani joriy yil birinchi choragida hudud iqtisodiyotiga yо‘naltirilgan investitsiyalar hajmi о‘tgan yil mos davriga nisbatan 2 baravardan ham kо‘proq oshishiga turtki bergan.

M.SHUHRATOV

Suratlarda: "Erkan machinery"  

qо‘shma korxonasi faoliyatidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

29-06-2019 |
Foto galereya