Xabaringiz bor, 2019 yilning 30 may kuni О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan 156 nafar О‘zbekiston fuqarosi, asosan ayollar va bolalar maxsus aviareysda Suriyadan Toshkent shahriga olib kelingan edi.

Turli yо‘llar bilan Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududiga borib qolgan va "Mehr" insonparvarlik amaliyoti tufayli yurtimizga qaytarilgan ushbu insonlarning 4 nafari viloyatimizdan.

Ular bir muddat Toshkent viloyatida joylashgan "Bо‘ston" sihatgohida bо‘lib, salomatliklarini tiklashdi va kuni kecha viloyatimizga qaytishdi. Qarshi temir yо‘l vokzalida ushbu fuqarolarni yaqinlari, mas’ul tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari kutib olishdi.

- Asli Qarshi tumanidanman, - deydi Suriyadan Qashqadaryoga qaytgan ayollardan biri Mehriniso Nazarova. - Aldanib shu kuyga tushdik. 2011 yilda turmush о‘rtog‘im bilan birga Suriyaga borgandik. 8 yil davomida kо‘rmagan azobim, tortmagan jabru jafom qolmadi. О‘g‘lim о‘shanda yosh gо‘dak edi. U ham ana shu azoblar ichida yashadi. Ikki yil avval turmush о‘rtog‘im vafot etdi. Har daqiqada о‘q ovozlari ichida, doimo о‘lim xavfini his etib yashardik. Muhtojlik, ochlikdan juda qiynaldik, yashashga holimiz qolmagandi. Bizga ishonch bildirib, yurtimizga qaytargan Prezidentimizdan, xalqimizdan bir umr minnatdormiz va ularning ishonchini oqlash uchun qо‘limizdan keladigan barcha ishlarni qilishga tayyormiz.

Ta’kidlab о‘tish joiz, "Mehr" amaliyoti О‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan, bevosita О‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan amalga oshirilgan tadbir bо‘lib, u inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi asosiy xalqaro hujjatlarga tо‘liq rioya etilgan holda, shuningdek, xalqaro gumanitar huquqning meyor va tamoyillaridan kelib chiqib amalga oshirildi. Endilikda yurtimizga olib kelingan fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoyasini tashkil etish bilan bog‘liq say-harakatlar olib borilmoqda.

J.BOYMURODOV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

14-06-2019 |
Foto galereya