Nishonlik Rahim Botirov (ism va familiya о‘zgartirilgan) 22 yoshda. Uylangan, aql-hushi joyida. Harakat qilsa, tog‘ni talqon qilgudek kuchi, shijoati bor.

Ammo biror-bir foydali ishning boshini tutishi, о‘z kelajagi uchun hozirdanoq mustahkam poydevor yaratishi lozim bо‘lgan bu yigit mehnatga bо‘yin eggisi kelmas, bekorchilikdan goh u yerda, goh bu yerda sang‘ib yurardi.

Garchi ota-onasi bilan birga yashasa-da, oilali erkakga tez-tez pul kerak bо‘lib turishi tabiiy. О‘zi hech ish qilmagach, pulni kimdan sо‘raydi? Albatta, ota-onasidan. Ammo hadeb ota-onadan pul sо‘rayverish ham og‘ir ekan. Har holda Rahim shuni his etib, о‘zi pul topishga qaror qildi.

Bu yaxshi, lekin uning pul topish uchun egri yо‘lni tanlagani yomon. Bir-ikki marta о‘g‘rilik qilgan yigit qо‘lga tushib, bu qilmishi uchun unga jinoyat ishlari bо‘yicha G‘uzor tuman sudining 2018 yil 3 iyuldagi hukmiga asosan ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangandi. Biroq Rahim bundan о‘ziga tegishli xulosani chiqarmadi. Yana jinoyatga qо‘l urdi.

Aslida о‘sha kuni u uyidagilarga mazasi bо‘lmayotganini aytib, narigi qishloqda yashovchi opasinikiga ketgandi. Uning qо‘shnisi bо‘lgan tabibga kо‘rinib kelmoqchi edi.

Ukasi kelganidan shodlangan opa uning tobi yо‘qligini  eshitib, atrofida girgitton bо‘la boshladi. Tabibdan sо‘ragan edi, ertaga tong saharda qorni och holda kelsa kо‘raman, deb aytdi. Shundan sо‘ng uni uyida olib qoladigan, ertasiga tongda tabibga kо‘rsatadigan bо‘ldi. О‘zi esa turmush о‘rtog‘i bilan birgalikda bozorga borib kelmoqchi edi.

- Sen jiyanchangga qarab tur, pochchang bilan bozorga tushib, darrov qaytib kelamiz, - dedi opa.

Ular ketishgach, Rahim beixtiyor uyni tintiy boshladi. E’tiborini shkaf ustida turgan gipsdan ishlangan sandiqcha tortdi. О‘ylashicha, pochchasining pullari ana shu sandiqcha ichida edi.

Bunday vaziyatda kо‘p ham bosh qotirib о‘tirmaydigan yigit darhol sandiqchani sindirdi. Taxmini tо‘g‘ri ekan, ichidan 400 ming sо‘mcha pul chiqdi. U pulni oldiyu, yosh jiyanchasini yolg‘iz qoldirib, uyga jо‘nadi. Qaytib xotiniga "Tez tayyorlan, Dehqonobodga boramiz, momongni kо‘rib kelamiz", deya uni mehmondorchilikka unday boshladi.

Kelinchak ham erining nega birdaniga bu fikrga kelib qolganidan hayron, tez-tez yumushlarini bajarib, kiyinib chiqdi. Shu kuni ular Dehqonobodda, kelinning keksa momosining uyida mehmon bо‘lishdi. Ertasiga tuman markaziga borib, bozor aylandi. Rahim bir qancha buyumlar sotib oldi, kelinga ham ancha-muncha narsa olib berdi. Uydagilarga ham sovg‘a-salom qilib, ortga qaytishdi.

Uyga kirib kelishar ekan, kelin xursand, Rahimning esa yuragi bezovta edi. Bu bezovtalik bekorga emas ekan. Darvozadan kirishlari bilan IIB xodimlari uning qо‘liga kishan taqishdi.

Jinoyat ishlari bо‘yicha Nishon tuman sudining ochiq sud majlisida Rahim Botirovga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi kо‘rib chiqilib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

SH.HASANOV,

Jinoyat ishlari bо‘yicha Nishon tuman sudi raisi

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

09-07-2019 |
Foto galereya