Prezident afv etgan  ayol bilan suhbat

"Juda yosh turmushga chiqdim. Ota-onam biladi, dedim, kо‘ndim. Turmush о‘rtog‘imning ota-onasi ajrashgan, uch aka-uka tashvishi yolg‘iz onasining zimmasida edi. Uch о‘g‘ilda uch yuz tashvish: о‘qish, ish, yeb-ichish, kiyinish, fotiha tо‘y, uylanish tо‘yi, sunnat tо‘y, uy-joy qurish va hokazo. Bularning oxiri kо‘rinmasdi. Shu sababli turmush о‘rtog‘im ham, akalari ham tez-tez Rossiyaga ishlagani borib kelishar ekan.

Tо‘yimizdan sо‘ng bir oyga qolmasdan meni ham о‘zlari bilan olib ketishdi. Avvaliga hammasi risoladagiday edi. Lekin tо‘satdan erimning odatlari, fikrlash tarzi о‘zgarib, shubhali kishilar bilan bordi-keldi qila boshladi. Bahonasi ham tayyor edi - biz bu yerlarga pul topgani kelganmiz. Bu odamlar esa bizga pul berardi.

Meni yurt sog‘inchi kundan-kun qiynasa-da, ortga qaytib ketishga ijozat yо‘q edi. Oradan ikki oy о‘tgach, erim menga bildirmasdan pasportimga viza qо‘ydirtirib, turli sabablarni vaj qilib, butunlay boshqa yurtga olib ketdi.

* * *

Fayzsiz о‘lka. Nursiz yurt. Harqalay, esimni taniganimdan beri bu davlat haqida faqat urush va notinchliklardan iborat tasavvurga ega edim. Bu ham yetmaganday, opam ham oilasi bilan bizga qо‘shilib kelgandi. Erim ekstremistlarning ta’sirida edi. Bir oy ichida qо‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etayotgan vaqtida u halok bо‘ldi. Uning uchun qanchalik qayg‘urganimni bilmayman, chunki bu yakunni kutgandekman. Axir erimning harbiy sohada na ma’lumoti, na mahorati bor edi. U shunchaki havoyi orzulari tо‘riga о‘ralashib qolgan, barcha harakatlarini kо‘r-kо‘rona, homiylari irodasi bilan bajaruvchi "mavjudot" edi, nazarimda.

Ammo haqiqiy azobli kunlarim shundan keyin boshlandi. Notanish joylar, notabiiy hayot tarzi tinka-madorimni quritdi. Menga tili begona xalqning tilini, yashash tarzini о‘rgandim. Bir sо‘z bilan aytganda, jon saqlab qolish uchun kurashda davom etdim.

* * *

Bir yarim yildan sо‘ng ikkinchi marotaba turmushga chiqishga majbur bо‘ldim. Farzand kо‘rdim. Ammo mudom Vatanga qaytish uchun yо‘l qidirardim (keyinroq bilsam, turmush о‘rtog‘im bilan bir-birimizdan yashirincha Vatanga qaytish uchun birdek imkon izlar ekanmiz). Shu darajada tahlikada, bir-birovga ishonchsizlikda yashardikki, turmush о‘rtog‘im menga, men esa unga qaytish haqidagi fikrimizni aytishga qо‘rqardik. Tasodifan niyatimiz bir ekanini bilib qolgachgina birgalikda ortga qaytish uchun chora izlay boshladik.

Bir kuni opam bilan qochmoqchi bо‘ldik. О‘sha kuni u negadir chiroyli, qip-qizil libosini kiyib chiqdi. Menga kulib qarab: "Singiljon, agar bu yerlardan eson-omon qutulib ketsang, iltimosim, bir hovuch duoda meni yо‘qlab qо‘y", dedi. Ishonasizmi, oradan о‘n besh daqiqa о‘tar-о‘tmas bomba tagida qoldi. Shu yerda men ham о‘qqa uchib, ikki oylik chaqalog‘imning ustiga yiqilibman. Hushimga kelsam, о‘q oyog‘imning bir qismini о‘pirib ketgan...

Qayta-qayta о‘n martalab operatsiyani boshdan kechirdim...

Opamning, pochchamning hatto qabrini ham topolmadim...

Bu orada 7 yil о‘tib ketdi. Vatanimizda rо‘y berayotgan о‘zgarishlar haqida eshitib, yana jon-jahdimiz bilan qaytish harakatiga tushdik. Aslida, har qanday vaziyatda ham qaytishga tayyor edik.

* * *

...Va nihoyat, ona Vatandamiz! Bizni chegarada kutib olishdi. Vatan tuprog‘iga kо‘zda yosh bilan qadam qо‘ydik. Erimni sо‘roqqa olib ketayotgan о‘zbekistonlik askarga 4 yoshli о‘g‘lim: "Dadamni otasanmi, mujohid? Onamni о‘ldirasanmi?", debdi (о‘g‘lim harbiy kiyimdagi har qanday askarni "mujohid" deb bilardi). Tо‘rt yoshida dunyoning tо‘rt ming dahshatini boshidan kechirishga ulgurgan, yoshidan erta ulg‘ayib qolgan, zulmat ichida katta bо‘lishga majbur о‘g‘limning gapi askarning qalbini larzaga soldi, kо‘zlaridan tirqirab yosh sizib chiqdi. О‘g‘limni shart kо‘tarib, bag‘riga bosib: "Vatan о‘z bolasini о‘ldirmaydi, Prezident о‘z farzandini kechirdi. Otang ham, onang ham doim yoningda bо‘ladi, ular bilan endi baxtiyor yashaysan", dedi. Shu gaplardan bolamning quvonchli nigohini kо‘rganingizda edi! Uning hayajon bilan urayotgan yuragini eshitganingizda edi! Askar shunday gapirdiki, har qanday odamga shubha, hadik bilan qaraydigan о‘g‘lim ishondi!

Bizga kо‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxо‘rlikning chek-chegarasi yо‘q edi. Bundan faqat vijdonim qiynalar, lekin men zarrachayam, zig‘irchayam haqqim bо‘lmagan bu mehrga zor edim, intizor edim...

* * *

Sevimli va qadrdon ota uyimga yetib keldik. Yetti yil diydorimga zor bо‘lgan onaizorimning faryodlari olamni tutib ketdi. Qip-qizil atirgulday yonimda turgan opamni kо‘z о‘ngimda boy berganimni, hozirda eslagim ham kelmaydigan sobiq turmush о‘rtog‘imning aldovlari ortidan xazon bо‘lgan yetti yillik umrim lahzalarini paydar-pay sо‘zlab berganday bо‘ldim.

Ming tashakkur, biz kabi adashganlarning kо‘kragidan itarishmadi. Aksincha, Prezident maslahatchisi, viloyat hokimi holimdan xabar olib, tinch va osoyishta hayotga kо‘nikib ketgunimcha moddiy-ma’naviy qо‘llab-quvvatlashdi. Mendan ayblovlar olib tashlandi, yangi pasport oldim, о‘g‘limga guvohnoma olish arafasidamiz. Hokimiyatdagilar, mahalla-kо‘y xabar olib turishibdi.

* * *

Hayotim izga tushganidan juda xursandman. Lekin о‘g‘limdan xavotirdaman. Uyimiz Qarshi aeroportiga yaqin. Samolyot uchsa, burchakka tiqilib: "Yotinglar, hozir bomba tashlaydi!", deb baqiradi. Kо‘zlari qо‘rquvdan katta-katta bо‘lib ketadi. Bu boshida boshqalarga kulgili tuyuldi. Lekin tug‘ilgandan buyon urush ichida katta bо‘lgan о‘g‘limni faqat men tushunaman. Uning bolaligi qо‘rquv va dahshat ichida о‘tishiga   aybdor ham, uning bu qiliqlariga chidaguvchi, toqat qiluvchi, qayta tarbiya qilishga mas’ul va majbur ham о‘zimman...

* * *

Qarshi juda gо‘zallashib ketibdi. Qarab kо‘zim quvnayapti. О‘g‘lim bilan maza qilib aylandik. Bir kuni tog‘alari bilan yangi bunyod etilgan "Vatanparvarlar bog‘i"ga bordik. U yerdagi tanklar, samolyotlarni kо‘rib, о‘g‘lim zorillab bо‘ynimga osildi. Murg‘ak yurakchasida qayta uyg‘ongan qо‘rquv va dahshat vujudimga titroq soldi. Bir men, bir tog‘alari bu tank va samolyotlar shunchaki kо‘rgazma uchun turgani, ular hech kimga qarata о‘q otmasligini, aksincha, Vatanimizga qarshi chiqmoqchi bо‘lganlarga qudratimizni namoyish etish uchun, qolaversa, ibrat uchun qо‘yilganini aytdik. Zо‘rg‘a tushuntirdik, zо‘rg‘a yupatdik...

* * *

Onam о‘q tekkan, qо‘rqinchli tusga kirib qolgan oyog‘imga ishora qilib: "Og‘rimayaptimi?" deb tez-tez sо‘raydi, dori-darmon suradi. Men aytgim keladi: "Oh, mehribonim-a! Siz qalbimdagi dog‘larga, darzlarga, Vatandan yiroqda chekkan azoblarimdan qolgan yaralarga malham topolasizmi?! Erkalik qilib, kollejdagi о‘qishimni tashlamaganimda, yurtdan yiroqlarga ketmaganimda bugun oldingizda jismu ruhi yarimjon qizingiz о‘tirmas edi.

"Sen suyangan tog‘imsan!", deysiz, onajon! "Tog‘" sо‘zini ishlatmang, ona! U qora tog‘larning qirrali toshlari yetti yillik umrimni yemirib tashlamadimi?! Tovonimga qо‘shib qalbimni tilmadimi?! Ulardan qо‘rqaman! Ularni yomon kо‘raman!

Onajon, Sizni doim tushlarimda kо‘rganman. Qо‘llarimdan tutib yorug‘likka olib chiqaverardingiz. Shu umid bilan umrimni о‘tkazdim. Shu umid bilan Vatanim sari intildim. Onajon, Vatanim ham Siz kabi meni, bolamni, adashgan turmush о‘rtog‘imni bag‘riga bosdi. Ayblarimizni kechirdi, boshimizni siladi. Zero, Vatan uchun ham, Ona uchun ham bolaning begonasi bо‘lmas ekan..."

Lola SAODATOVA yozib oldi.

                                                                                                           Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-07-2019 |
Foto galereya