Shahrisabz shahrida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida gala-konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda poytaxtdan kelgan yosh iste’dodlar va san’atkorlar o‘z chiqishlari bilan ishtirok etishdi.

Dastlab, viloyat hokimi Murotjon Azimov so‘z olib, yoshlarga o‘z tabrigini yo‘lladi. So‘ngra, “Yoshlar ovozi — Bo‘zatov Fest” tanlovining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan qashqadaryolik yoshlarning jonli ijroda o‘zlarining qobiliyatlarini namoyish etishi tomoshabinlarni quvontirdi.

Konsertga tashrif buyurgan mehmonlar orasida poytaxtdan kelgan Shohruxxon, Shohrux reper, “Bojalar” va “Benom” guruhi kabi san’atkorlar, qiziqchilar hamda boshlovchilardan iborat taniqlilar, shuningdek, shahar aholisi va mehmonlari bor edi. Shahrisabzning tarixiy maydoniga yig‘ilgan yoshlar yoshlik energiyasi va iqtidorining yuksak darajasini ko‘rsatuvchi chiqishlarni olqishlar bilan qarshi oldilar.

“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan gala-konsert dasturi, o‘zining yuksak saviyasi va mazmun-mohiyati bilan tomoshabinlar qalbidan joy oldi va ular uchun unutilmas taassurotlar qoldirdi.

15-06-2024 |
Foto galereya