Assalomu alaykum, aziz o‘qituvchi va murabbiylar, qadrli ustozlar!
Avvalambor, Siz azizlarni, ta’lim sohasida mehnat qilayotgan barcha ustozlarni, umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy tabriklayman!
Inson qaysi kasbni egallamasin, hayotda qanday ulug‘ martabaga, ulkan yutuqlarga erishmasin, o‘ziga ta’lim-tarbiya bergan muallimlarini hech qachon unutmaydi, ularning oldida o‘zini hamisha qarzdor deb his qiladi.
Bilamiz, azaldan “Ustoz otangday ulug‘” degan hikmatni qalbiga singdirgan xalqimizning bu soha vakillariga mehr va ehtiromi boshqacha.
Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, Uchinchi Renessansni yaratish orzusi bilan yashayotgan ekanmiz, bu ezgu maqsadlarimiz kaliti faqat ta’lim-tarbiyada ekanligini barchamiz yaxshi anglaymiz.
Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritildi.
Joriy yilning 1-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi.
Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa – maktabning obro‘si oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir”.
Davlatimiz rahbarining vohamizga o‘tgan yilgi tashriflari davomida “2024-yil - Qashqadaryoda ta’lim va tibbiyot yili” deb e’lon qilingan edi.
Bu yo‘nalishda vohamizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Birgina taqqosga e’tibor qarating. 2017-yilda viloyatda 326 ta bog‘cha mavjud bo‘lib, qamrov darajasi 13 foiz edi. Joriy yilning o‘zida 652 ta yangi bog‘cha ochildi, ularning umumiy soni 4 ming 200 tadan oshdi. Natijada qamrov darajasi 65 foizga yetdi.
Maktablar moddiy-texnika bazasini yaxshilash, ularni zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, so‘nggi 7 yilda 500 dan ortiq maktabdagi yangi qurilish, rekonstruksiya hisobidan 130 mingga yaqin o‘quvchi o‘rni yaratildi.
555 ta maktabning mebel, parta, doskalari yangilandi, 778 ta maktabga zamonaviy kompyuter sinflari olib berildi.
Yaratilgan imkoniyatlar sababli 8-10 mln so‘mdan maosh oladigan o‘qituvchilar 1 ming 400 nafardan oshgan bo‘lsa, 1 ming dollardan ziyod oylik olayotgan o‘qituvchilar 214 nafarga yetdi.
Shuningdek, olis maktablarga borib ishlayotgan 645 nafar o‘qituvchilarga 10 foizdan 50 foizgacha ustama to‘lanmoqda. Fursatdan foydalanib, bunday zalvorli mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan fidoyi pedagoglarimizga alohida minnatdorlik bildiramiz.
Ta’lim sifatiga berilayotgan e’tibor natijasida, joriy yil bitiruvchilarining 40 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi, oliy ta’limga kirish o‘tgan yilga nisbatan qariyib 5 foizga oshdi.
Vohamizdagi 58 ta professional ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 2 ming 424 nafar pedagog o‘z ishini zamonaviy talablar asosida tashkil etib, 40 mingdan ortiq yoshlarga zamonaviy kasb-hunar sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
Bu borada ham bir qator yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Shahrisabz shahri va G‘uzor tumanida Germaniya bilan hamkorlikda yoshlarga nemis standartlari asosida kasbga o‘rgatish ishlari boshladi.
“Avlodlaringizga faqat bugunning emas. kelgusi zamonning ham ilmini o‘rgating”, - deb yozgan edi jadidlarning ulug‘ namoyandasi Mahmudxo‘ja Behbudiy. Darhaqiqat, eng zamonaviy, kelajakda ham asqatadigan, yurt taraqqiyotiga xizmat qiladigan ilmlarni egallagan yetuk mutaxassislar millat istiqbolini yaratadi.
Yaqin-yaqingacha vohamizda bitta universitet, bitta institut, bitta universitet filiali faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda vohamizdagi oliy o‘quv yurtlarining soni 12 taga yetdi. Oliygohlarimizda o‘qiyotgan talabalar soni 110 ming nafardan oshdi.
Bugun Qashqadaryo yoshlari orasida tengdoshlari uchun haqiqiy ibrat namunasiga aylangan, ilmu zakovati bilan dunyoni lol qoldirayotganlari juda ko‘p. Ayni paytda dunyoning “Google”, “Tesla” singari eng nufuzli kompaniyalarida vohamiz yoshlarining ishlayotgani barchamizni g‘ururlantiradi.
Shuningdek, yurt bayrog‘ini jahon maydonlarida baland ko‘tarayotgan chempionlarimiz, fan olimpiadalari, madaniyat va san’at sohasida dunyoning nufuzli ko‘rik-tanlov va festivallari g‘oliblari yetishib chiqmoqda.
Bu kabi olamshumul yutuqlar zamirida, eng avvalo ustoz va murabbiylarning mashaqqqatli mehnati borligini barchamiz chin dildan e’tirof etamiz va ularga rahmat aytamiz!
Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!
Davlatimiz rahbari bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar, ilmiy-ijodiy ziyolilarimiz va hurmatli ota-onalarimizga yangi Uyg‘onish davrining besh tayanch ustuni, deb ta’rif bergan edilar.
Darhaqiqat, mana shu beshlik bir musht bo‘lib harakat qilsa, oldimizga qo‘ygan katta marralarimizga albatta yetamiz.
Barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, sihat-salomatlik, oilangizga fayzu baraka ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman!
Hamisha shogirdlaringiz kamolini ko‘rib yashang!
El-yurt oldidagi ulug‘vor martabangiz hamisha baland bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!