Qarshi shahrida "Amir Temur izdoshlari" shiori ostidagi ommaviy yugurish marafoni bо‘lib о‘tdi.

Viloyat hokimligi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan marafonda tashkilot va muassasalar rahbar va ishchi xodimlari, talabalar, о‘quvchilar, uy bekalari, nuroniylar va boshqa qiziquvchilar ishtirok etdi.

Garchi qatnashchilar soni borasida aniq ma’lumot shakllantirish qiyin kechsa-da, shu kuni kо‘plab yoshlar  yugurishda ishtirok etish uchun erta tongdan Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati yonidagi maydonga yetib kelishdi.

Start Islom Karimov kо‘chasining xuddi shu maydon rо‘parasidagi qismidan boshlandi. Finish esa "Vatanparvarlar bog‘i" oldida о‘rnatilgan edi.

Dastlab saf boshida О‘zbekiston mudofaasiga kо‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti viloyat kengashining velosportchilar tо‘garagi a’zolari yurtimiz bayrog‘ini baland hilpiratib, velosipedda harakatlandi. Ularning ortidan esa marafonchilar yugurdi.

Chaqqonlik va epchillikda boshqalardan ildamlab, finishga yetib kelganlar karnay-surnay sadolari ostida kutib olinib, tashkilotchilar tomonidan taqdirlanishdi. Asosiysi, ularning yuz-kо‘zlarida nechanchi о‘rinni olgani emas, mana shunday ommaviy marafonda ishtirok etayotganidan quvonish hissi, sportga bо‘lgan mehr, о‘zgacha bayramona kayfiyat aks etib turardi.

- Yugurish sog‘liq uchun juda foydali, - deydi Qarshi madaniyat va turizm kolleji о‘qituvchisi G‘ulom Primov. - Yoshim 60 da, ammo yoshlar qatorida finishgacha yetib keldim. Bunday ommaviy musobaqalar aholi orasida sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilishda g‘oyat ahamiyatli.

Marafon sо‘ngida ishtirokchilar "Vatanparvarlar bog‘i"da sayr qilishdi. Taniqli san’atkorlar ijrosidagi shо‘x kuy-qо‘shiqlar barchani raqsga chorladi.

S.ALLAYOROVA

S.NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz  ma’lumotlari asosida

13-04-2019 |
Foto galereya