О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 11 iyunda “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filialini tashkil etish tо‘g‘risida”gi va “Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filialini tashkil etish tо‘g‘risida”gi ikki qarorni qabul qildi.

Ularga asosan:

viloyatdagi, xususan tumanlar va qishloq joylardagi ta’lim muassasalarining oliy ma’lumotli malakali pedagog kadrlarga bо‘lgan ehtiyojlarini samarali qondirish orqali bolalarni maktabga tayyorlash sifat darajasini oshirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy ta’lim dasturlarini tatbiq etish, yoshlarning intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali;

viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sanoati salohiyatini yanada oshirish va iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashni kengaytirish maqsadida Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali tashkil etilishi belgilandi.

 Har ikkala filialda ta’lim jarayoni 2019/2020 о‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga о‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti filialiga Shahrisabz shahri Shahrisabz kо‘chasi 10-uyda joylashgan Qarshi davlat universiteti qoshidagi Shahrisabz akademik litseyining bino va inshootlari, Toshkent kimyo-texnologiya institutining filialiga Shahrisabz shahri Shahrisabz kо‘chasi 20-uyda joylashgan Shahrisabz yengil sanoat va xizmat kо‘rsatish kasb-hunar kolleji bino va inshootlari operativ boshqarish huquqi asosida berildi. Demak ular ana shu manzillarda faoliyat boshlaydi. Akademik litsey va kasb-hunar kolleji о‘quvchilari ham о‘qishni bitirgunlariga qadar shu binolarda о‘quv jarayonini davom ettiradi.

Shuningdek, ushbu qarorlar asosida filiallarning asosiy vazifalari, ularda о‘quv-metodik jarayonlarni tashkil etish va muassasalar faoliyatini moliyalashtirish manbalari, moddiy-texnik hamda ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralari aniq belgilab berildi.

Tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida har ikkala filial vasiylik kengashi tarkibi ham tasdiqlanib, ularning ushbu muassasalarni rivojlantirishga qay masalalarda kо‘maklashishi aniqlashtirilgan. 

 О‘z muxbirimiz

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

14-06-2019 |
Foto galereya