Bu oilaviy ajrimlarning oldini olishga qodirmi?

- Qaynonam va qayinsinglim bilan kelisholmay ota uyiga ketib qolgan edim, - deydi Qarshi shahrilik SH.R. -  Tо‘g‘risi, boshida hamma aybni ulardan, ayniqsa qayinsinglimdan qidirdim.  U bilan о‘zimni solishtirib, oshxona ishlariga orqayin bо‘ldim. Tez-tez u bilan janjallashib, otamning uyiga ketib qolaverdim. Oxir-oqibat oilamizga darz ketdi. Ajrashadigan bо‘ldik. Keyin bilsam, bu ishim mutlaqo notо‘g‘ri ekan. Va turmush о‘rtog‘im, qaynonam va qayinsinglimdan uzr sо‘radim. Bu borada о‘z nasihatlarini ayamagan, oilamizni saqlab qolish uchun jonkuyarlik kо‘rsatgan yarashtiruv komissiyasi a’zolaridan minnatdorman. Shuni anglab yetdimki, hech bir inson oilasiz baxtli bо‘la olmaydi. Men bugun chin ma’noda baxtli insonman, turmush о‘rtog‘im yonimda, farzandim bag‘rimda, oilam but.

Darhaqiqat, oiladagi notinchlik, ajrimlar sabab faqat er-xotin aziyat chekmaydi. Bunday holatlarda о‘sha oila farzandlari - ertamiz egalari bо‘lgan yoshlar kamoloti ham sо‘roq ostida qoladi. Aynan shu jihat har bir oilaning ravnaqi mamlakat taraqqiyotiga daxldor ekanini anglatadi.

Shuning uchun ham mamlakatimizda oilaviy ajrimlarning oldini olish bо‘yicha muntazam chora-tadbirlar amalga oshirilib, ajrimlar kamayishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. 

Viloyat yarashtirish komissiyasi tomonidan olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida esa joriy yilning о‘tgan davrida ajrim yoqasiga kelib qolgan 2111 oilaning 1578 tasi yarashtirildi. 533 tasi doimiy nazoratga olinib, ularni murosaga keltirish choralari kо‘rilmoqda.

Oila notinchligiga sabab bо‘layotgan omillardan biri noqonuniy nikoh bо‘lib, bunday holat bо‘yicha aniqlangan 1152 juftlikning nikohi rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, komissiya tomonidan 26 nafar kollej, hatto maktab о‘quvchi qizlarining erta turmushga chiqishi oldi olindi. "Qaynonalar kengashi", "Buvijonlar maktabi" va jamoatchilik nazorati guruhlari bilan hamkorlikda qо‘ni-qо‘shni janjallari, ish joylaridagi kelishmovchiliklar joyida hal qilib borilmoqda. Kо‘rilayotgan choralar natijasida 2019 yilning 1 iyuliga qadar 57 ta holatda jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etilishining oldi olindi.

- Ushbu oilalarni tiklash uchun о‘sha hududlardagi namunali oilalarni ibrat sifatida kо‘rsatdik, uzoq yillar chiroyli hayot kechirib kelayotgan oila sohiblari tashrifini uyushtirdik, - deydi viloyat yarashtirish komissiyasi raisi Abdusalim Shovriqov. - Tan olish kerak, о‘rganishlar oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sog‘lomlashtirishning samarali mexanizmlarini yaratishga tо‘sqinlik qilayotgan qator omillar ham mavjudligini kо‘rsatmoqda. Xususan, bugun yoshlarimizning oila qurishida zarur huquqiy, iqtisodiy, tibbiy, ma’naviy-ma’rifiy, psixologik, jinsiy, axloqiy bilim va kо‘nikmalari pastligi, mustaqil hayotga tayyor emasligi, rо‘zg‘or yuritishga uquvsizligi sezilib qolmoqda.

О‘rganishlarga kо‘ra, er yoki xotinning ishsizligi, ayrim oilalarning uy-joyga ega emasligi, farzandlar tarbiyasidagi noqisliklar, erkak yoki ayolning jinoyatga qо‘l urgani, yaqin qarindoshlar о‘rtasidagi kelishmovchiliklar - bular oilaviy munosabatlarga ta’sir kо‘rsatmay qolmaydi. Shundan kelib chiqib, komissiya va ishchi guruhlari uyma-uy yurish orqali og‘ir turmush sharoitida yashayotgan va bu о‘z navbatida oilada notinchlik kelib chiqishiga asosiy sabab bо‘layotgan holatlarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini kо‘rmoqda. Xususan, 431 oilaga komissiya tavsiyasiga asosan uy-joy berilgan va notinchligi bartaraf etilgan. Notinch oilalarda istiqomat qilayotgan 1576 nafar kasalmand xotin-qizlarga tibbiy yordam kо‘rsatilib, 2062 nafari ish bilan ta’minlangan va ularga 1 milliard 964,4 million sо‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi.

Albatta, har oilada turfa kelishmovchiliklar uchrab turadi. Gap - о‘sha nizoning jiddiy tus olishiga yо‘l qо‘ymaslikda. 

- Bugun ayrim qaynonalarimiz nazarida hammaning kelini xizmatni, hurmatni dо‘ndirib qо‘yayaptiyu, uniki esa hech narsaga ulgurolmayapti, degan fikr yuradi. Buning ustiga kelinning qilgan ishidan kir axtarib, unga dashnom beradi, - deydi Qarshi tumanidagi    Yertepa mahalla fuqarolar yig‘ini Qaynonalar kengashi raisi Bо‘ston Rahmonova. -  Avvalo, mana shunday qaynonalar о‘ylashi kerak: "Shu kelin bechoraning bittagina joni bor, oilada kо‘pchilik bо‘lsak, ehtimol shuncha odamning xizmatiga ulgurmayotgandir, buning ustiga xonadonimizga yangi mehmon, bizdagi  odatlarni, oila a’zolarining fe’l-atvorini hali tushunib ololmagandir" demaydi. Oqibat esa bir kuni kelinning bardoshi tugab, ish katta mojaroga aylanadi. Hatto ayrim hududlarda komissiya tomonidan yarashtirilgan oilalarni qaynonalar qayta ajratib yuborishi kuzatilayotir. Shu bois oilada ayollar uchun о‘quvlar tashkil etilsa, televideniye orqali seriallar о‘rniga qaynona-kelin munosabatlari tо‘g‘risida videorolik va filmlar namoyish etilsa, maqsadga muvofiq bо‘lar edi.

Darhaqiqat, oilani mustahkamlashga xonadonning har bir a’zosi javobgar. Qaynonalar ham, kelinlar ham, ota-о‘g‘illar, qudalar ham bir-birlarining xatolaridan fojia yasamay, oilani asrab qolish uchun astoydil harakat qilsalar, bunday xonadon chinakam mehr-muhabbat maskaniga aylanadi.

Shohista BOZOROVA

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida 

 

18-07-2019 |
Foto galereya