Shu yilning 25 iyunida "О‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash tо‘g‘risida"gi Qonun imzolanib, kuchga kirdi. Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan "О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tо‘g‘risida"gi, "О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov tо‘g‘risida"gi, "Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov tо‘g‘risida"gi, "Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari tо‘g‘risida"gi, "О‘zbekiston Respublikasi  Markaziy saylov komissiyasi tо‘g‘risida"gi va boshqa ayrim qonunlar о‘z kuchini yо‘qotdi, bir qator qonunlarga о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritildi. Mazkur qonunlardagi masalalar bitta kodeksda о‘z ifodasini topdi. Kodeks ulardagi normalarni о‘zida jamladi va tizimlashtirdi.

OLDINGI QONUNLARGA NISBATAN QANDAY О‘ZGARISHLAR BOR?

Birinchidan, Saylov kodeksiga asosan saylovchilarning yagona elektron rо‘yxati shakllantiriladigan bо‘ldi. Ikkinchidan, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini о‘tkazuvchi saylov okruglari soni muqaddam 135 ta bо‘lgan bо‘lsa, kodeksga binoan 150 ta bо‘ldi. Uchinchidan, avval ovoz berish soat 6:00 dan 20:00 oralig‘ida о‘tgan bо‘lsa, endi 8:00 dan 20:00 gacha deb о‘zgartirildi.

MAZMUN-MOHIYATI NIMALARDAN IBORAT?

Ushbu kodeksga asosan О‘zbekistonda saylov umumiy, teng, tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yо‘li bilan ochiq va oshkora о‘tkaziladi. 18 yoshga tо‘lgan fuqarolarimiz saylash huquqiga ega bо‘lib, har bir saylovchi bir ovozga ega. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va о‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.

SAYLOV OKRUGLARI VA UCHASTKALARI QAY TARTIBDA TUZILADI?

О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini о‘tkazish bо‘yicha saylov okruglari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini о‘tkazish uchun 150 ta hududiy saylov okrugi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining taqdimnomasi asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuzilib, har bir okrugdan bittadan deputat saylanadi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov о‘tkazish uchun oltmishtadan kо‘p bо‘lmagan, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylov о‘tkazish uchun о‘ttiztadan kо‘p bо‘lmagan saylov okrugi mahalliy Kengashlar tomonidan tuzilib, har bir okrugdan bittadan deputat saylanadi. Saylov uchastkalari tuman va shahar hokimlarining taqdimnomasi asosida okrug saylov komissiyalari tomonidan tuziladi. Saylov uchastkalari qoida tariqasida saylovchilar soni kamida yigirma nafar va kо‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi.

SAYLOV KOMISSIYALARI QANDAY TASHKIL ETILADI?

Saylov komissiyalari tizimiga Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari, okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari kiradi. Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis palatalari tomonidan kamida о‘n besh nafardan iborat tarkibda tuziladi. Markaziy saylov komissiyasi a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jо‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasiga kо‘ra Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan saylanadi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Prezidentning taqdimnomasiga binoan komissiya a’zolari orasidan komissiya majlisida saylanadi. Viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tegishli mahalliy Kengashlar tomonidan saylovga kamida sakson kun qolganida yetti-о‘n besh nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuziladi hamda о‘z vakolatlarini keyingi saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilinguniga qadar amalga oshiradi. Bu komissiya raislari tegishli mahalliy Kengashning taqdimnomasiga binoan komissiya a’zolari orasidan saylanadi.

Prezident saylovi va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini о‘tkazish bо‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jо‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov о‘tkazish bо‘yicha okrug saylov komissiyalarining a’zolari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining tavsiyasiga binoan, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga saylov о‘tkazish bо‘yicha okrug saylov komissiyalarining a’zolari fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organlarining tavsiyasiga binoan tasdiqlanadi. Komissiya a’zolariga qо‘yiladigan talablar Saylov kodeksida belgilab qо‘yilgan.

Uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh-о‘n tо‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi. Uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar mahallalar, jamoat birlashmalari va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

SAYLOV KAMPANIYASI QACHON BOSHLANADI?

О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bо‘yicha saylov kampaniyasi boshlangani ularning vakolatlari tugashidan kamida uch oy oldin Markaziy saylovi komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi. Ovoz berish vaqti va joyi tо‘g‘risida uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni saylovdan kamida о‘n kun oldin xabardor qiladi.

PREZIDENT SAYLOVINING О‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI

О‘ttiz besh yoshdan oshgan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida о‘n yil О‘zbekiston hududida muqim yashayotgan О‘zbekiston fuqarosi Prezident etib saylanishi mumkin. Diniy tashkilotlarning professional  xizmatchilari va qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar О‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib rо‘yxatga olinmaydi. Siyosiy partiyalar Prezidentlikka nomzod kо‘rsatishi mumkin. Nomzodlar kо‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganda boshlanadi va qirq besh kun qolganda tugaydi. Prezident Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini e’lon qilgach kechi bilan ikki oy ichida Oliy Majlis palatalari qо‘shma majlisida qasamyod qilgan paytdan e’tiboran о‘z lavozimiga kirishadi. Prezident besh yil muddatga saylanadi va ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bо‘lishi mumkin emas.

KIMLAR QONUNCHILIK PALATASI DEPUTATI BО‘LA OLMAYDI?

Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan 150 deputatdan iborat bо‘lib, nomzodlar saylov kampaniyasi e’lon qilingan kundan kamida tо‘rt oy oldin Adliya vazirligi tomonidan rо‘yxatga olingan va о‘zining saylovda ishtirok etishini qо‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini tо‘plagan  siyosiy partiyalar tomonidan kо‘rsatiladi.   Siyosiy partiya bitta viloyatdan qirq ming saylovchining kо‘pi bilan sakkiz foiz imzosini tо‘plashi mumkin. Deputatlikka nomzod kо‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganda boshlanib, qirq besh kun qolganda tо‘xtaydi.

Saylov kuni 25 yoshga tо‘lgan hamda kamida besh yil О‘zbekistonda muqim yashayotgan fuqarolar Qonunchilik palatasi deputatligiga saylanishi mumkin. Saylov kuniga qadar sо‘nggi besh yil mobaynida О‘zbekistonda muqim yashamagan, sodir etilgan og‘ir va о‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlangan shaxslar, О‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, IIV, Bojxona qо‘mitasi xodimlari va diniy tashkilotlar xizmatchilari Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib rо‘yxatga olinmaydi.

SUDYA YOKI PROKUROR DEPUTATLIKKA NOMZODINI QО‘YA OLADIMI?

Mahalliy Kengashlar deputatlari kо‘p partiyaviylik asosida besh yil muddatga saylanadi. Siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga deputatlikka nomzodlar kо‘rsatish uchun tegishli hujjatlarni taqdim etishi kerak. Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar yigirma bir yoshga tо‘lgan va kamida besh yil О‘zbekistonda muqim yashayotgan bо‘lishi kerak.

Sodir etgan og‘ir va о‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlar, diniy tashkilotlar xizmatchilari, О‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi va Davlat bojxona qо‘mitasining xodimlari deputatlikka nomzod etib rо‘yxatga olinmaydi. Sudyalar, prokuratura va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bо‘shash tо‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod etib rо‘yxatga olinadi.

Mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar kо‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanib, qirq besh kun qolganida tugallanadi. Bir shaxs tegishli mahalliy Kengashga saylov о‘tkazish bо‘yicha faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib kо‘rsatilishi mumkin. Nomzodlar umumiy sonining kamida о‘ttiz foizi ayollar bо‘lishi kerak. Siyosiy partiyalar faqat о‘z partiyasi a’zolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib kо‘rsatadi.

SENAT QANDAY SHAKLLANTIRILADI?

Senat a’zolari yuz kishidan iborat bо‘lib, ularning 84 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda - olti kishidan, mahalliy Kengashlar deputatlarining tegishli qо‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish orqali saylanadi. Senatning 16 nafar a’zosi Prezident tomonidan tayinlanadi. Senat a’zolarining saylovi mahalliy Kengashlar deputatlari saylangandan keyin bir oydan kechiktirmay о‘tkaziladi.

Saylov kodeksida saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilish, saylovni moliyalashtirish, saylovga oid murojaatlarni kо‘rib chiqish kabi masalalarga oid bir qator normalar mavjud. Ushbu kodeks saylov jarayoni va uni о‘tkazish tartib-tamoyillari va qoidalarini tо‘la qonuniylik, demokratik va shaffof о‘tkazishda muhim huquqiy asos bо‘lib xizmat qiladi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

12-07-2019 |
Foto galereya