Qashqadaryodagi 32 oilada 67 nafar о‘g‘il-qiz ulg‘ayayotgan edi. Ularning ota-onalari ajrashishga qaror qilgach, bu bolalarning tirik yetim bо‘lish ehtimoli paydo bо‘ldi. Shuncha qorakо‘zning bundan azoblangan murg‘ak qalbi, mung tortgan nigohlarini tasavvur qilishning о‘zi og‘ir. Biroq...

Yaqinda Oliy sud raisi о‘rinbosari Xolmо‘min Yodgorov va Respublika Xotin-qizlar qо‘mitasi raisi о‘rinbosari Gulnora Ma’rufova Qashqadaryo viloyatida bо‘lib, notinch oilalar va ularning muammolarini о‘rganish va yarashtirish maqsadida ochiq muloqot va sayyor qabul о‘tkazdi.

Qarshi shahridagi “Madaniyat uyi”da, Yakkabog‘ tumanidagi “Qurilish-sanoat kolleji”da о‘tkazilgan tadbirlarda sudga ajralish uchun ariza bilan murojaat qilgan er-xotinlar taklif etilib, ularga “Farzand-omonat” videofilmi namoyish qilindi. Filmda oilaning barbod bо‘lishi farzandlar hayotiga qanday ta’sir kо‘rsatishi va boshqa salbiy oqibatlar ochib berilgan.

Bu achchiq hayotiy haqiqatga rо‘barо‘ kelgan ota-onalar, albatta, о‘ylanib qoldi. Bolalari xorlik, zorlikkina emas, balki qattiq ruhiy iztiroblarga tushishini о‘ylab ular fikridan qaytdi.

Ajrashishga qaror qilgan juftliklar bilan olib borilgan alohida suhbatlar jarayonida bu ma’lum bо‘ldi. Ajrashishning huquqiy oqibatlari ham tushuntirilgach, alohida yashab yurgan 32 juftlik yarashishga qaror qildi. Eng muhimi, ushbu oilalarning 67 nafar farzandi endi ota-onalari bag‘rida ulg‘ayadigan bо‘ldi.

Darhaqiqat, qachonki oilalar tinch va farovon bо‘lsa, jamiyatda tinchlik va farovonlik bо‘ladi. Shuning uchun ham oilani asrash, mustahkamlash azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab о‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida Oliy sud bilan Xotin-qizlar qо‘mitasi о‘rtasida memorandum imzolanib, ajrashish uchun ariza bergan shaxslarni dastlab Xotin-qizlar qо‘mitasida suhbatdan о‘tkazish va ajrim yuzasidan xulosasini olish yо‘lga qо‘yilgani samarali usul sifatida e’tirof etdi.

Chunki ana shu yо‘l bilan buzilayotgan oilalarni saqlab qolishga imkon qidirilmoqda va kо‘p hollarda bu о‘z ijobiy natijasini kо‘rsatayotir.

2018 yilda aynan shu yо‘l bilan 958 oila qayta tiklangan edi. Bu esa yuzlab о‘g‘il-qizning qora kо‘zlariga quvonch, kо‘ngliga halovat inganini bildiradi.

Bu kabi xayrli ishlar davom etadi. 

Norgul Abduraimova, О‘zA

26-03-2019 |
Foto galereya