Saralangan satrlar

Murod Muhammad Dо‘stning "Lolazor" romani о‘tgan asr 80-yillari о‘zbek nasrining ajoyib namunalaridan biridir. Turg‘unlik davri tanazzuli haqida hikoya qiluvchi ushbu asarda gazeta va gazetchilikka oid qiziq va e’tiborli lavhalar ham qalamga olingan. Albatta, roman bosh qahramonlari hayoti va taqdiri shu soha bilan u yoki bu darajada bog‘liq ekani bunga sabab. Shu mavzudagi bir qancha satrlarni saralab,  Sizga ham ilindik.

Umuman, gazetchilarda "maqola uyushtirish" degan gap borki, jо‘nroq qalloblikning о‘zginasi. Lekin bunga hamma kо‘nikkan. Agar shu kichkina qalloblik bо‘lmasa, ehtimolki, gazeta vaqtida chiqmay qoladi. Qolaversa, ayni usul yosh jurnalistlar uchun tuzukkina maktab vazifasini о‘taydi… Yodimda bor, gazetada ishlagan paytimizda Mamarayim degan hamkasbimiz bо‘lardi. Nuqul katta olimlar nomidan yozardi. Redaktorimiz "letuchka"larda koyib qolsa bormi, xudo urardi, deng! Mamarayim sо‘z olib, nuqul kо‘ksiga urardi: falonchi - menman, fismadonchi ham - о‘zim! Shu ketishda, о‘zi nomlaridan maqola uyushtirgan bir tо‘da olimlarning rо‘yxatini keltirardiki, naq bir akademiya bо‘lardi!

* * *

Hamkasblarni maqtab yozgan kezlarim bо‘lgan, ammo о‘zimga yoqqan asarlarini maqtaganman. Yozganda ham, falonchini maqtayapman, degan о‘yim bо‘lmagan. Jо‘ngina qilib, о‘zim о‘ylagan narsalarni yozganman. Sal-pal xato qilgan bо‘lishim mumkin. Har holda, kimki kim haqida yozmasin, о‘sha odamning о‘ziga о‘xshashini xohlaydi, boshqacha aytganda, о‘z arshini bilan о‘lchaydi.

* * *

...gо‘ring nurga tо‘lgur Sharifdan tuzukroq latifa qolgani ham yо‘q. Bittasi borki, urushdan sal avval Germaniya haqida maqola yozgan, darvoqe, unda Germaniya emasdi, Olmoniya edi, xullas, dо‘stimiz maqolani yozgan, maqola gazetda sonma-son chiqa boshlagan, lekin shu orada о‘rtoq Molotov bilan anavi ablah Ribbentrop deganlari uchrashganu gо‘ring nurga tо‘lgur Sharif gazet muharririga telefon qilgan: shu maqolani tо‘xtatib tursak tuzuk. Nega, deb ajablangan bechora muharrir, chiqaversin-da? Yо‘q, degan gо‘ring nurga tо‘lgur dо‘stimiz Sharif, sal tо‘xtatib turaylik, ayni paytda chiqsa, ikki davlatning о‘zaro munosabatlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin...

О‘sha muharrir bechora (endi qaytish qilib ketdi) shu gapni aytib, dumalab-dumalab kulardi. Rostdan ham, latifa ancha tuzukday, lekin, ming afsuski, u bor-yо‘g‘i gazetchilarni kuldirishga yaraydi, xolos.

* * *

- Siz meni, televizor-pelevizorda kо‘rib yurganu endi kelib yopishyapti, deb о‘ylamang, domlajon. Gazetdayam kо‘p о‘qiymiz. О‘zimiz о‘nta gazetga obunamiz, xotindayam tо‘rt-beshtasi bor, bu yog‘i bolalar ham "Gulshan"u "G‘uncha" о‘qiydigan bо‘p qolgan. Ana, qaysi kuniyam bitta maqolangiz chiqdi. Paxta teraydigan moshinning zо‘rlari bor, lekin chiqmayapti, deb yozibsiz. Agar siz yozmasangiz, bizga о‘xshagan nodonlar, e, bori shu ekan-da, deb yuraydik-da? Endi bо‘lsa, domlajon, о‘sha zо‘ridan berasizlar, deb talab qilaveramiz.

Yaxshiboyev, maqolani о‘zim emas, shogirdlarim yozgan, deb aytmoqchi bо‘ldi. Lekin iymandi. Yonidagi soddabayov yigitni yozuvchiligu gazetchilikning yoqimsiz ikir-chikirlarini aytib ranjitgisi kelmadi.

* * *

Bir gal о‘ziga sal tegibroq ketgan gazetadan qasd olmoqchi bо‘lib, sekin Oshnoga gap soldi. Asl dardini  aytmadi, boshqa bir dardni о‘ylab topdi, nutq madaniyati yomon buzilyapti, oqsoqol, dedi, bu gazetda birorta ham tо‘g‘ri jumlani uchratolmaysiz, nuqul g‘о‘rlik, nuqul dumbullik, о‘zlari chiqarib, о‘zlari о‘qishsa mayliydi, lekin gazet о‘z oti bilan gazet, uni hamma о‘qiydi, xо‘sh, bu yog‘i nima bо‘ladi, g‘ij-g‘ij imlo xatoyu uslubiy xatolar о‘tib ketaversa, yosh avlodning savodiga, saviyasiga, qolaversa, tarbiyasiga salbiy ta’sir etmasmikan?

Oshnoning boshqa tashvishlari ham kо‘p edi, unchalik rо‘yxush bermadi, matbuotning tezkorligu tig‘izligini rо‘kach qildi, ishni paysalga solmoqchi bо‘ldi. Lekin Yaxshiboyev ham bо‘sh kelmadi, о‘zini hafa qilgan gazetani papkasidan chiqarib, tishga tegadigan uch-tо‘rt jumlani battar buzib о‘qidi - xullas, Oshnoni yengdi. Oshno tegishli kishilarni chaqirtirib, kerakli kо‘rsatmalarni berdi. Sо‘ng biror oycha gazeta sahifalaridan lutfu fasohat chak-chak tomadigan bо‘ldi: qayga qarama - maqol; qayga qarama - matal; turli hikmatlar, iboralar, uyqash jumlalar; ajdodlarning ajoyib udumlariyu avlodlarning sadoqati...

Yaxshiboyev tantana qildi. Bu orada unga tegibroq ketgan gazeta muharriri uzr sо‘rab keldi, sо‘ng Yaxshiboyev haqida Sobitovning naq bir sahifalik maqtovini bosdiyu о‘rtadagi nifoq unut bо‘ldi. Yaxshiboyev qulay payt tanlab, nutq madaniyati xususidagi tashabbusingiz tо‘la ma’qullandi - gazetlarning tili izga tushdi, yangi va qо‘shimcha tadbirlar ham belgilandi, deya Oshnoga axborot berdi.

* * *

Yaxshiboyev о‘jar yigit edi. Aytganini qilmay qо‘ymadi - О‘rtaqо‘rg‘on gazetasida kichik bir lavhani bostirdi. Ming bir azob bilan yozilgan shapaloqday xabar ustiga о‘qlog‘iday qilib, "QIZIL HASHAR" deb nom qо‘yishgan edi. Yaxshiboyevga lavhadan ham sarlavha kо‘proq yoqdi. Uningcha, ayni sarlavha Oshno topgan sarlavhadan sira qolishmasdi. О‘sha kuniyoq dorilfunun rektori uni huzuriga chaqirtirib rahmat aytdi. Talabalarimizning xayrli ishlarini matbuot sahifalarida yoritib, yana bir xayrli ish qilibsiz uka, bundan buyog‘iga yanada g‘ayrat qiling, pishiq yigit kо‘rinasiz, kelajak - sizlarniki, deya kо‘nglini kо‘tardi. Qalamning uchi ingichka-yu, lekin qamrovi keng, uka, deb tushuntirdi, bu yog‘iga faqatgina bizning dorilfunun bilan cheklanib qolmang, boshqa jabhalarni ham yoriting, sizga omad tilayman.

* * *

"Kellim" dedi, shevasi Kitobu Shahrisabzniki. Bu shevaning jabrini Yaxshiboyev kо‘p tortgan edi. Bir zamonlar, jurnalda muharrir muovini bо‘lib о‘tgan paytlarida, о‘z ta’biri bilan  aytganda, "kichkina" paytlarida, birgina mashinkachi ayollari bо‘lardi, Kitobning qoq о‘rtasidan edi, "bо‘ldi"ni "bо‘lli", "о‘ldi"ni "о‘lli" deb yozaverib, korrektor bechoralarni kо‘r qilardi.

* * *

Moyra mojarosidan biror hafta о‘tib, Yaxshiboyev gazeta mahkamasiga bordi. Borib, kо‘p xotinli bir kishi haqida yozgan felyetoni yuzasidan janjal kо‘tardi. Yaxshiboyevning qо‘ygan sarlavhasi "Mov mushuk" edi, lekin gazetchilar "О‘g‘ri mushuk", deb о‘zgartirib, oxiriga "...bu mushtumzо‘r va bu о‘g‘ri mushuk qachongacha xotin-qizlarimizning baxtlariga chang soladi, uning oyoqlarini kesib, tirnoqlarini egovlab tashlaydigan fursat kelmadimi?!" degan sо‘zlarni qо‘shgan edilar.

О‘rtadagi janjal sarlavha bois emas, о‘sha keyin qо‘shilgan sо‘zlar bois chiqdi. Yaxshiboyev endi ancha ulg‘ayib, о‘zining ham, sо‘zining ham qadriga yetadigan bо‘lib qolgan edi. Yо‘q, о‘rtoqlar, deb turib oldi, ikkisidan birini qilish kerak, mushukning yo oyog‘i kesilsin, yo tirnog‘i egovlansin, kesilgan oyoqning tirnog‘ini egovlash - ahmoqning ishi!

* * *

Qurbonoyning kо‘zlarida g‘ussa bor edi. Ilgari boshqacha edi bu kо‘zlar. Uzoqni kо‘zlardi ular. Chaqnab, charaqlab turar edi. Qiz paytida ham, keyinchalik ham, deylik, bundan besh yilcha muqaddam, kattakon majlisda, Qurbonoy Yaxshiboyevni tanishni istamagan paytda ham yonib turar edi. Yaxshiboyevga uning kо‘zlari boshdan yoqqan. Yozgan maqolasining nomi ham esida: "Yulduzni kо‘zlagan qiz..." Bashorat qilgan ekan, Qurbonoyi tushmagur о‘n yilcha ham о‘tmay kо‘ksiga yulduz taqdi. Ikki yuzlik marrasini unutib, uch yuzga chiqardi, shodlik va hazil aralash Yaxshiboyevga telegramma jо‘natdiki, Nazar Yaxshiboyevich, siz aytgan yulduzlarning birini oldim, deb...

* * *

- Jur’atli ocherklaringiz bor-ku? - deb e’tiroz bildirdim men.

- Ularning tarixini bilmaysiz, uka. Ba’zilarini birovlar yozib, mening nomimni qalqon qilishgan. О‘zim yozganlarim esa... avval ruxsat olib, keyin yozilgan... YA’niki, menga jur’at etishga ruxsat berishgan!..

* * *

- Tо‘pori yaxshi yigit, - deb maqtandi Yaxshiboyev. - О‘zimizning kadrimiz. Birinchi bо‘lib, uni о‘zim yozib chiqqanman. Yaxshilikni unutmaydi, izzat qiladi. Sizu bizga shu kerak-da. Lekin bir xillari bor, darrov tumshug‘i kо‘tarilib ketadi. Qurbonoyni eshitganmisiz?

- Qaysi? Qahramon qiznimi?

- Xuddi о‘shani, - dedi Yaxshiboyev qovog‘i osilib. - Uniyam yozib chiqqan о‘zimiz edik. Ocherkimni eslaysizmi? "Yulduzni kо‘zlagan qiz"? Lekin u qiz nariroqni kо‘zlagan ekan, mensimay ketdi...

* * *

Yaxshiboyev qahramonidan mamnun edi. Bilardiki, Qurbonoyni shu darajaga yetkizgan - uning о‘zi. Hatto muxbirlar ham avval Yaxshiboyevdan ruxsat olib, keyin Qurbonoyning yoniga borishardi. Yozganlarini ham avval Yaxshiboyevga keltirib kо‘rsatishardi. Yaxshiboyev maqolalarni о‘qiy turib Qurbonoyning soddaligidan zavqlanardi. Axir, nomi yurtga taralgan ayol bо‘lsa-yu, ikki og‘iz gapining birida "menga Yaxshiboyev Nazar ota yordam berdilar", "men Yaxshiboyev  Nazar otaning о‘gitlaridan ruhlandim", deb tursa, uni quvlikda ayblab bо‘larkanmi!...

* * *

... bir vaqtlar matbuotda ozmi-kо‘pmi mehnat qilib, xushomadgо‘y  tanqidchilarning sharhlarini shaxsan tahrir etib, о‘ziga doxil maqtovlarni qizil qalam bilan о‘chirib qо‘yganlarini xotirlardiki, о‘chirilgan joylarni kо‘rib, tobe xodimlarning hayrati oshardi. Hurmat ham shunga yarasha bо‘lardi. О‘sha xodimlarning hammasi tirik, haligacha ularning tillari biyron, mabodo gap ochilib qolguday bо‘lsa, Yaxshiboyevning kamtarligini eslamasdan ilojlari yо‘q!

* * *

- Judayam olamiz-da! - Yaxshiboyev shunday deb qо‘ynidan bir tо‘da gazeta chiqardi. - О‘qing, Saidqul, savodingizni oshiring!...

Shoshib gazetani ochdim. Kо‘rsam, ikkinchi betida kechagi maqola bosilibdi. Hech ishongim kelmadi.

- Namuncha tezkorlik, Nazar aka?

- Sizga qolsa maqolani sichqon yeb ketardi, - dedi Yaxshiboyev. - Rost gap xor bо‘lganini kо‘rishga toqatim yо‘q. Muharrirning naq bо‘g‘zidan oldim. Ammo-lekin, yomon xira ekanman,  Saidqul, chekkadan qaragan odamga juda xunuk kо‘rinsa kerak... E, qо‘ying unisini, muhimi - chiqardik! Birorta sо‘zi о‘zgarmadi. Yо‘q, о‘zgaribdi, anavi "butifos" deganingizni "dorivor" deb atashibdi, xolos!

M.SHUHRATOV tayyorladi.

                                                                 Qashqadaryogz.uz ma’lumotolari asosida

 

 

26-06-2019 |
Foto galereya