Mamlakatimiz Prezidenti о‘zining qator ma’ruzalari, turli doiralardagi chiqishlarida davlat va jamiyat boshqaruvida siyosiy partiyalar hamda deputatlarning roli, ularning huquq va majburiyatlarini oshirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda. Shu maqsadda ushbu yо‘nalishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Biroq, hamon aksariyat fuqarolarimiz siyosiy partiyalar va deputatlarning faoliyati, ularning davlat idoralari va mansabdor shaxslarga ta’sir darajasini sust deya hisoblaydi. Xususan, jamiyatimiz hayotida sodir bо‘layotgan voqea-hodisalar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sabab bо‘layotgan muammolar, normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasida siyosiy partiyalarning qarashlari ifodasi kutilgan darajada namoyon bо‘lmayapti. Bu borada onda-sonda kuzatiladigan о‘zaro tortishuvlar asosida ham amalda juda kam natijaga erishilayapti.

Xо‘sh, siyosiy partiya о‘zi nima? Davlat va jamiyat boshqaruvida ular nega kerak?

Siyosiy partiya - bu turli tabaqa va guruhlarning qarashlar, maqsadlar va manfaatlar uyg‘unligi asosida tuzilgan, davlat boshqaruvida siyosiy irodasini amalga oshirishga intiluvchi fuqarolarning kо‘ngilli birlashmasidir. Bunday tuzilmalar dastlab G‘arb davlatlari va AQShda tashkil qilingan. Ular davlat va jamiyat boshqaruvida muqobil dasturlar ishlab chiqish, davlat organlarida о‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini saqlash, yakka hokimiyatchilik va siyosiy diktatura oldini olish, davlat boshqaruvi adolatliligi va fuqarolar huquqlarini ta’minlash borasida muhim о‘rin tutib kelmoqda.

Aslida ham siyosiy partiyalar huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish, davlat va jamiyat о‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirishda muhim rol о‘ynaydi. Ammo, buning uchun partiyalar avvalo о‘zining haqiqiy elektoratiga, о‘ziga xos va rasmiy hukumat olib borayotgan siyosatga nisbatan sog‘lom muqobillik kasb etuvchi dasturlariga ega bо‘lishi kerak. Binobarin, jahon amaliyoti tahlili partiyalar о‘rtasida sog‘lom, ochiq va oshkora siyosiy kurash kechmasa, ularning davlat boshqaruvi va mansabdor shaxslar faoliyatiga ta’siri bо‘lmasligini kо‘rsatgan.

Ma’lumki, bugungi kunda О‘zbekistonda beshta siyosiy partiya rasman rо‘yxatdan о‘tgan va  faoliyat kо‘rsatib kelmoqda.

О‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (О‘zXDP) - 1991 yilda tashkil qilingan bо‘lib, mustaqil mamlakat tarixidagi birinchi siyosiy partiya sanaladi. Tuzilma ustavida uning asosiy maqsadi davlat hokimiyatining vakillik organlarida davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya va ijtimoiy qо‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilishdan iborat ekanligi kо‘rsatib о‘tilgan.

  "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi - 1995 yil 18 fevralda ta’sis etilgan bо‘lib, asosiy maqsadi huquqiy-demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish hamda  fuqarolarning qonun oldida tengligi, birdamligi, konstitusiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlangan jamiyatni shakllantirishda faol ishtirok etishga qaratilgan.

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi - 2008 yil 20 iyunda "Milliy tiklanish" va "Fidokorlar" partiyalarining birlashuvi asosida shakllangan bо‘lib, asosiy maqsadi О‘zbekiston Respublikasi fuqarolarida milliy о‘zlikni anglash hissini, milliy g‘urur, vatanga sadoqat va muhabbat tuyg‘usini о‘stirish, milliy an’analar va qadriyatlarni saqlash uchun qulay sharoitlar yaratishdan iborat.

 Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - О‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (О‘zLidep) - 2003 yilning 15 noyabrida tashkil etilgan. Asosiy maqsadi tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlarning yanada kengroq faoliyat yuritishlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ular manfaatlarini himoyalash bilan ifodalanadi.

О‘zbekiston ekologik partiyasi - 2018 yil 14 noyabrda tashkil topgan bо‘lib, asosiy maqsadi ekologik xavfsizlikka erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun tabiiy resurslarni saqlash hamda atrof muhitni muhofaza qilishga qaratilgan.

Siyosiy partiyalar о‘z faoliyatini О‘zbekiston Respublikasi  Konstitusiyasi va qonunlari, о‘z ustavlari asosida amalga oshiradi. Xususan, mamlakatimiz Asosiy qonunining 60-moddasida "Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va о‘zlarining demokratik yо‘l bilan saylab qо‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar о‘z faoliyatlarini moliyaviy ta’minlanish manbalari haqida Oliy Majlisga yoki u vakil qilgan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar berib turadilar", deya qayd etilgan.

57-moddada esa konstitusiyaviy tuzumni zо‘rlik bilan о‘zgartirishni maqsad qilib qо‘yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanishi kо‘rsatib о‘tiladi.

Partiyalar faoliyatini tartibga soluvchi "Siyosiy partiyalar tо‘g‘risida"gi Qonunda belgilanganidek, bir fuqaro bir paytning о‘zida faqat bitta partiyaga a’zo bо‘lishi mumkin. Xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bо‘lmagan shaxslar, sudyalar, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari partiya a’zosi bо‘lishi mumkin emas.

Yuqoridagi fikr va keltirilgan ma’lumotlardan anglashiladiki, partiyalar shunchaki rasmiyatchilik ifodasi emas, aholining muayyan qatlami ijtimoiy-siyosiy irodasini qonun yо‘li bilan yuzaga chiqarish mexanizmi sifatida namoyon bо‘lishi zarur. Biroq biz ushbu siyosiy tuzilmalar harakatchanligi ortishini asosan saylov jarayonlari arafasida bir muddat kuzatishga о‘rganib ham qoldik.

Mana, yana shunday fursat yaqinlashayapti. YA’ni 2019 yilning dekabr oyida О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar bо‘lib о‘tadi. Unda deputatlikka nomzodlarni faqat siyosiy partiyalar kо‘rsatadi. Shunday ekan, ular ochiq, oshkora va halol siyosiy kurashga   tayyormi? Deputatlik о‘rinlari uchun raqobatda muqaddam kuzatilgan "sahna asari"ni qayta namoyish etishmaydimi? О‘tmishda yо‘l qо‘yilgan xatolardan tegishli xulosa chiqaroldikmi?

Vaholanki, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati о‘zaro muvozanatini vujudga keltirish, yosh, iqtidorli va zamon talabiga mos kadrlarni boshqaruv tizimlariga olib kelish ana shu savollar javobi va о‘tajak saylovlar natijalariga ham bog‘liq. Shu sababli elu xalqimiz uni katta umidlar bilan kutayapti. Qolaversa, bu saylovlar orqali xalqu davlat о‘zi va jahon jamoatchiligi, siyosiy partiyalarimiz esa xalqimiz oldida siyosiy imtihondan о‘tadi. О‘ylaymiz va istaymizki, barchamiz birgalikda bu sinovlardan muvaffaqiyatli о‘tamiz.

Shuningdek, saylovlar natijalariga aholining siyosiy madaniyati darajasi va huquqiy ongi ham ta’sir etadi. Bunday sifatlarga ega fuqaroni esa partiyalar о‘rtasidagi turg‘un sokinlik aslo qoniqtirmasligi aniq. Demak, davr partiyalardan qonunan berilgan vakolatlar asosida siyosiy kurashga kirishish, shu orqali avvalo о‘z elektorati, butun xalq manfaatlaridan kelib chiqib davlat va jamiyat boshqaruviga ta’sir kо‘rsatishga intilishini namoyon etishni taqozo etadi. Binobarin, sog‘lom raqobat bor yerda taraqqiyotga intilish kuchli bо‘ladi, xatolardan ihotalanganlik darajasi mustahkamlanadi.  

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari.

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

29-06-2019 |
Foto galereya