Qashqadaryo viloyati qadimdan о‘zining milliy о‘yinlari, xususan, uloq-kо‘pkarisi bilan mashhur. Bu yerdan yetishib chiqqan qancha-qancha polvonlarning dovrug‘i nafaqat yurtimiz, balki qо‘shni mamlakatlarga ham yoyilgan. Viloyat ot parvarishi bobida ham о‘z maktabiga ega.

Yakkabog‘ tumanida aholi xonadonlarida 6 mingdan ortiq ot parvarishlanmoqda.

Prezidentimiz 2017 yil 24-25 fevral kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida Yakkabog‘ tumanida tashkil etiladigan “Qorabayir yilqichilik majmuasi” loyihasi bilan tanishib, uni zamon talablari asosida amalga oshirish bо‘yicha muhim kо‘rsatmalar bergan edi. Bundan ruhlangan yakkabog‘liklar о‘z xonadonlarida ham ot parvarishlashni yо‘lga qо‘ymoqda. Xususan, tumandagi "Sandal" mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Qorasuv qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Nurxon Mallayev xonadonida 10 dan ortiq ayg‘ir, biya va toy boqiladi. Ularni Nurxon boboning о‘g‘illari Nizomiddin va Bahrom mehr berib parvarishlaydi. Asosiy qismi qorabayir otlaridir.

Ma’lumotlarga qaraganda, qorabayir о‘zining qator biologik xususiyatlari bilan boshqa turdoshlaridan ustunlikka ega. YA’ni yangi sharoitga tez moslashadi, issiq va sovuqqa bardoshli. Poygada, ayniqsa, uzoq masofaga chopish, tо‘siqlardan sakrab о‘tishda yaxshi. Bir sо‘z bilan aytganda, mahalliy qorabayirlar о‘zida arab otlarining kо‘rkamligini, mо‘g‘ul otlarining chidamliligini, turkman otlarining tezligini mujassamlashtirgan. Ot parvarishi ortidan keladigan daromad ham chakki emas.

– Ot boqish bizga bobo meros, – deydi Bahrom Bahromov. – Ular azaldan uloq-kо‘pkari musobaqalarida qatnashib kelgan. Ot foydali jonivor. U о‘z xonadoniga rizq tilaydi. Ot mingan kishi baquvvat, sog‘lom bо‘ladi. Xalqimiz "Ot boqqan insonning xonadoni obod bо‘ladi", degan naqlni bejiz aytmagan. Ot boqishni oilaviy tadbirkorlikka aylantirganmiz. Yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, ularni xonadonimizda parvarishlayapmiz. Masalan, otni bugungi kunda mahalliy usulda tayyorlab jahon bozoriga chiqaradigan bо‘lsak, ikki yoshga tо‘lgan naslli toyning narxi 400 million sо‘mgacha yetadi. О‘zimizning mahalliy uloq-kо‘pkari musobaqasiga tayyorlab ichki bozorda sotsak, 200 million sо‘mgacha baholanadi.

Yakkabog‘da ot parvarishiga e’tibor yanada kuchayishi hududda hunarmandchilikning egar-jabduq ustachiligi turi rivojiga ham sabab bо‘lmoqda. Misol uchun, tumandagi G‘ozliq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Muqim Yaratov о‘z xonadonida ustaxona tashkil etib, ot uchun, uloq-kо‘pkari о‘yinlari uchun zarur buyumlar yasash, tо‘qish, tikishni yо‘lga qо‘ygan. О‘g‘illari bilan egar, jabduq, taqa, uzangi, yugan, ayil yasab, chopag‘onlar etigini tiksa, qamchi tо‘qisa, turmush о‘rtog‘i Norxol momo va kelinlari xurjun, jо‘l, о‘rama jо‘l, tizzalik tikishadi. Shu hunar ortidan oiladagi hamma ishli. Xaridorlar bisyorligidan xonadondagi yoshu qarining bosh qashishga vaqti yо‘q.

– Shu hunar bilan shug‘ullanib, kam bо‘lmadik, – deydi Muqim Yaratov. – Hunar ortidan farzandlarni ulg‘aytirdik, tо‘y qildik. О‘qitdik. Uyimdagilar menga kо‘makchi. Xonadonida ot boqayotgan xaridorlar uyimizga kelib, ot anjomlarini olib ketishadi. Buyurtmalar kо‘p. Buning uchun tomorqamizda tol daraxti о‘stiramiz. Yasalayotgan mahsulotlarga tol yog‘ochlaridan foydalanamiz. Bundan tashqari, 15 sotixli tomorqamizda turli poliz ekinlari yetishtiramiz.

Xonadon sohibining aytishicha, daromad ham shunga yarasha bо‘layapti. Oila a’zolari rо‘zg‘ordan ortganini chorvachilikka sarflamoqda. Og‘ilxonada 10 bosh qoramol parvarishlanmoqda. Aytishlaricha, olti oy davomida boqib, keyin sotib, yana yangilarini olisharkan. Ayni paytda 3-4 ta ot boqilmoqda. Shu sabab xonadon farovon hayot kechirmoqda. 

 

О‘.Barotov, О‘za

 

13-04-2019 |
Foto galereya