Baxshichilik faqatgina qalblarni rom etuvchi musiqiy san’at emas, balki butun bir falsafadir. Shuning uchun bо‘lsa kerak, baxshi nafaqat shoir va ijrochi, balki tabib,  urug‘ sardori sifatida xalq orasida aziz.

Ana shunday aziz insonlardan biri Azim baxshi Xо‘jayev bundan roppa-rosa 90 yil oldin Chiroqchi tumanidagi "Chiyal" jamoa xо‘jaligi Tо‘qmor qishlog‘ida tug‘ilgandi. Otasi Xо‘ja bobo donishmand, yangilikka intiluvchi odam bо‘lib, uyida maxsi-kovush, qovg‘a tikish jarayonida xalq dostonlaridan xirgoyi qilib turar edi. Otasi aytgan dostonlaru termalar yosh Azimning murg‘ak qalbida muhrlanib qolgan ekanmi, kelajakda butun hayotini shu san’at turiga bag‘ishladi.

Dastlabki ta’limni Chiyaldagi boshlang‘ich maktabda olgan. Azim о‘z tengqо‘r dо‘stlari bilan о‘qishga borish va о‘qishdan qaytish chog‘larida xalq dostonlaridan aytishib, bulbulday sayrashgan. Bu orada kо‘pchilikning qalbiga bitmas-tuganmas jarohatlar solib urush boshlanib ketdi.  Ayollardan birining eri, boshqasining eng yaqin jigarbandi urushda halok bо‘lgan, kо‘pchilikning dili xufton bо‘lib yurgan vaqtlarida yosh Azim dostonlar aytib, oz bо‘lsada ularga yupanch, dalda bо‘lgan.

Urushdan keyingi yillarda kitoblik Abdulla shoir Nurali о‘g‘li hayot taqozosi bilan Chiyalidagi mashhur Payshanba bozoriga tez-tez kelib turar, Azimning otasi Xо‘ja bobo bilan yaqindan tanishgan edi. Kitoblik ijodkor Xо‘ja boboning taklifi bilan kо‘pincha ularnikida qolib, doston kuylar va barchani xushnud etardi. Shoirning bulbuldek xonish qilishi yosh baxshini sehrlab qо‘ygan, shoirga va xalq dostonlariga mehr-muhabbatini yanada oshirgandi. Yosh Azim Abdulla shoirni о‘ziga ustoz sifatida bilib, о‘gitlariga og‘ishmay amal qildi. Xо‘ja boboning kitoblik dо‘sti juda kamtarin inson bо‘lsa-da, dо‘mbira chertishga kelganda shogirdidan qat’iylik talab qilardi.

  Keyinchalik yosh Azim Qaynar qishlog‘iga tez-tez borib baxshichilik sirlarini о‘rgana boshladi. Ustozi unga sо‘z ham, soz ham, baxshi ovozi ham birdek g‘amgin, yo shodon, yo shо‘x, yo sokin - bir-biriga mos bо‘lmog‘i shart deb uqtirardi. Bu о‘gitlarga amal qilib, bо‘lajak baxshi Ergash Jumanbulbul о‘g‘li, Fozil Yо‘ldosh, Islom shoir, Pulkan shoir kabi о‘zbek xalq og‘zaki ijodi namoyandalarining hayoti va ijodini chuqur о‘rgandi. Izlanishlari samarasi о‘laroq  qaynoq hayotdan olingan taassurotlardan termalar tuzadigan va ularni qiyomiga yetkazib aytadigan bо‘ldi. Qо‘li dо‘mbiraga ancha kelishib qolganda esa xalq dostonlarini sozga solib kuylay boshladi. U qishloqma-qishloq yurib odamlar qalbiga о‘z qо‘shig‘i bilan kirib bordi.

Uning termalarida Vatan, mehr-muhabbat, halol mehnat ulug‘lanib, о‘lkamizning betakror  shukuhi, xalqimizning fidoyiligi madh etila bordi.

Harna dedim eli-yurtni kuyladim,

Bedov minib uloq chopib tо‘yladim.

Yoronlar-ov yaxshilikni о‘yladim,

Haqiqatni sо‘ylab kelgan baxshiman.

Azim shoirning dehqonobodlik Qodir baxshi Rahimov bilan tanishuvi va bir umrga qalin dо‘st bо‘lib qolishi uning baxshichilik yо‘lida muhim rol о‘ynadi. Oliy dargoh ta’limini olgan, katta-kichik davralarda terma kuylab baxshichilik mahorati oshgan Qodir baxshidan baxshichilik sirlarini о‘rgandi. Ular bir-birlarini hurmat qilar, dо‘stlar о‘rtasida о‘zaro bordi-keldi yaxshi yо‘lga qо‘yilgan edi.

Qodir baxshi Chiyalga kо‘p taklif etilar, har kelganida dastlab Azim shoirnikiga kelib, ahvollashib, keyin ikkalasi tо‘yga borishar, tо‘yni qizitib odamlarni xushnud etishardi. Qodir baxshi "Alpomish", "Gо‘rо‘g‘li", "Yusuf va Ahmad" dostonlaridan aytib, sal toliqqanda navbatni Azim shoirga berardi. Azim shoir esa Qodir baxshi dostonning qayeriga kelib tо‘xtagan bо‘lsa, shu yeridan davom ettirib ketardi.

Kо‘plab dostonlarni yoddan bilgan.

Bu zabardast baxshilar hayotda uchraydigan ijobiy va salbiy kо‘rinishlar haqida ham aytishuvlar qilishgan. Afsuski, ular о‘rtasidagi bunday aytishuvlar magnit lentalariga yozib olinmagan. Ulardan qisqagina ushbu aytishuv qolgan, xolos:

Qodir baxshi:

Nima kerak dо‘stim birovga kulmoq,

Bittasi daryodir, bittasi kо‘lmak.

Biz ham odamzotmiz, odam zotidan

Nasib etarmikan daryoday bо‘lmoq.

Azim shoir:

Qashqani Amudan sira kam dema,

Sozni ushlab  alvon-alvon kuyladik.

О‘nutmaydi el-yurt bizni, g‘am yema,

Olislarni qо‘shiq aytib kо‘zladik.

Baxshi hayotida esda qolarli voqealar kо‘p bо‘lgan. 1980 yilda Qashqadaryoda paxta yig‘im-terimi rejasining bajarilishiga bag‘ishlangan hosil bayramiga Azim shoir ham taklif etildi. О‘sha davrdagi viloyat rahbari Rо‘zmat G‘oyipov shoirni о‘ziga yaqin olib, hurmatini joyiga qо‘ygan.  Rо‘zmat G‘oyipov "Qani, Azim og‘a, Vatan haqida kuylab bering" deganda  Azim shoir jonim bilan deb о‘zining "Qashqadaryom" degan she’rini aytib bergan:

Ta’rifing olamga doston,

Nomga boysan Qashqadaryo.

CHо‘llaringda don yaratib,

Nonga boysan, Qashqadaryo.

Shu yerning о‘zida viloyat rahbari Azim shoirni "Moskvich" mashinasi bilan mukofotlaydi.

Chiroqchi - baxshilar diyori. Dо‘mbira tilga kirganda tog‘lar entikadi, osmon elanadi, maysalar uzra nurday yonib ohang yuguradi. Azim shoirning badihagо‘lik mahorati, baxshichilik salohiyati о‘zi bilan zamondosh bо‘lgan har qanday iqtidorli baxshi-shoir bilan aytishuvga qodirligi borasida yaqqol namoyon bо‘lar edi. Uning termalaridagi о‘ynoqi tashbehlar jilosi, fikran teranlik, jо‘shqinlik, salmoqlilik, sodda va о‘tkirlik odamlarni о‘ziga jalb etgan. Bunga uning shahrisabzlik mashhur Zohir shoir Qо‘chqor о‘g‘li bilan xalq oldidagi aytishuvi misol bо‘la oladi.

Zohir:

Zorlanib, zarqо‘noqdan tong otadi.

Kun chiqsa, Toshqо‘rg‘onda kim yotadi?

Aytishuvla tanishaylik Azimboy,

Indamay turaversak kun botadi.

Azim:

Gо‘rо‘g‘lidek tor olar mard g‘ayiri,

Kelgan deydi Shahrisabzning Zoiri,

Kecha bо‘lsa tong ottirish qiyinmi?

Kun chiqqancha kuylar jirov-shoiri.

Xalqimizda "Eshikdan oqqan ariqning qadri yо‘q" degan maqol bor. 1993 yil 3 oktabrda vafot etgan Azim shoir ariq emas, ulkan daryo bо‘lib Chiyalining qoq о‘rtasidan oqib о‘tgan ekan. Bu uning vafotidan keyin yaqqol sezila boshlandi. Davralarda uning о‘rni bilinib qoldi.

Azim baxshi Xо‘jayevdan kо‘plab shogirdlar qoldi. Ularga xalq og‘zaki ijodi durdonalariga hurmatda bо‘lish, ijrochilik mahoratlarini oshirish sirlarini puxta о‘rgatdi. О‘g‘li Yodgor baxshi esa  ota izidan borib, baxshilar sulolasini yaratishdek ulkan orzu va ezgu о‘ylar bilan qо‘liga soz olib el kо‘nglini shod etib kelayotir.

Dono xalqimizda "Ot о‘rnini toy bosar" deganlaridek, Yodgor baxshidan padari buzrukvori Azim shoirday mashhur baxshining ruhini shod etib, uning dо‘mbirasini qо‘liga olib, yangi-yangi termalar yaratib xalqimizning yaxshi kunlarida, xalq sayillarida jо‘shib kuylashiga ishonib yashaymiz.

Norqizil KENGBOYEV.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

29-06-2019 |
Foto galereya