Mirishkor tumani Shirin mahalla fuqarolar yig‘inida jinoyat ishlari bо‘yicha Muborak tumani sudining ochiq sud majlisi bо‘lib о‘tdi. Unda shu mahallaga qarashli Chamanzor qishlog‘ida yashovchi Xurshidjon Xudoyberdiyevga oid jinoyat ishi kо‘rildi.

    1989 yilda tug‘ilgan Xurshidjon Xudoyberdiyev 2014 yilda noqonuniy yо‘l bilan Qozog‘iston Respublikasiga ishlash uchun boradi. Ikki yil davomida Chimkent shahrida ishlab, topgan puli evaziga haminqadar  kun kechirib yuradi. О‘zga yurtlarda sarson-sargardon yurishdan foyda yо‘qligini anglab, nihoyat, Vatanga   qaytmoqchi bо‘ladi.

    X.Xudoyberdiyev Qozog‘iston Respublikasining "Mayskiy" bojxona chegara postiga borgan vaqtida post xodimlari uning fuqarolik pasporti amal qilish muddati о‘tib ketganini vaj qilib postdan о‘tkazishmaydi. Nima qilishni bilmagan Xurshidjon Xudoyberdiyev о‘sha hududdagi Qorag‘ach qishlog‘iga keladi va u yerda bir qariyaning uyidan qо‘nim topadi. 20 kundan sо‘ng yana Vatanga qaytish taraddudini kо‘radi. Qariya unga yо‘lkira sifatida 20 ming tenge beradi. U yana chegaragacha keladi, ammo undan о‘tolmaydi. Shunda unga qozoq millatiga mansub bir kishi О‘zbekistonga Sirdaryo viloyatining Baxt shahri yaqinidagi joydan chegara orqali о‘tish mumkinligini aytadi.

    X.Xudoyberdiyev "О‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi tо‘g‘risida"gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 6 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan О‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va О‘zbekiston Respublikasiga kirishi tartibiga zid ravishda О‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasini qonunga xilof ravishda buzadi.  YA’ni chegara yonidan oqib о‘tadigan kanaldan yashirincha  suzib о‘tadi.

    Xurshidjon Xudoyberdiyev Qozog‘istonda ishlab topgan puli evaziga Toshkentgacha yetib kela oladi, xolos. Sariq chaqasi qolmagach,  Qashqadaryoga qaytish uchun  bir necha kun poytaxtda ishlashga majbur bо‘ladi.

    Afsuski, noqonuniy yо‘l bilan chet davlatlarga ish izlab borganlar orasida u kabi pushaymonlik azobini tortayotganlar oz emas. Og‘ir ish sharoitlari, antisanitariya holatidagi turmush tarzi о‘z salbiy ta’sirini kо‘rsatmay qolmayapti. Migrantlar odam savdosi qurboniga aylanmagan taqdirda ham ularning ona yurtdan yiroqda, ming mashaqqat bilan topgan daromadlari buyurmayotgan holatlari kо‘p uchramoqda.

    Bir narsa aniqki, bugun barchamiz tо‘kin va farovon turmush kechirishni istaymiz. Yurtimizdagi о‘zgarishu imkoniyatlardan foydalangan minglab eldoshlarimiz bunyodkorlik borasida jonbozlik kо‘rsatmoqda. Ularning g‘ayrati tufayli bunyod etilgan imoratlardan kо‘z quvnaydi. Biron tadbirkorlikka qо‘l urgan borki, rо‘zg‘ori butlanib, mehnatu layoqatiga yarasha mulk egasi bо‘lmoqda. Uddaburon kishilar kasbidan baraka topmoqda. Qishloq ahli esa muqim ish о‘rniga ega bо‘lish barobarida tomorqalaridan samarali foydalanib, qо‘shimcha daromad qilish, oilaning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga muvaffaq bо‘lmoqdalar. X.Xudoyberdiyev ham tomorqasida mehnat qilib, boriga qanoat qilib yashaganida edi, bu kabi kо‘ngilsizliklarning oldi olingan bо‘lardi. U sud oldida javob berishdan, sudlangan degan  tamg‘ani olishdan xalos bо‘lardi. 

    Nasibasini chet davlatlardan norasmiy ravishda izlab ketgan kо‘plab yurtdoshlarimiz turmush tarzini tahlil qilib, bir narsani angladikki, ularning hech biri baxtli emas, hech birining kо‘ngli xotirjam ham emas. Zero, baxt, tole ona Vatanda ekanligini aslo unutmaslik kerak.

SH.BEKNAZAROVA

03-03-2019 |
Foto galereya