Ikki yarim yildan beri haftaning har payshanba kuni о‘tkazib kelinayotgan profilaktika tadbirlari jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning nechog‘lik oldini olayotganini keyingi oylarda aniqlangan bir necha holatlar misolida kо‘rib chiqamiz.

Qо‘li egrilik barcha makon va zamonda qattiq qoralanadi. Tо‘g‘ri-da, kimdir mashaqqat chekib, daromad, mol-mulk orttirsayu, boshqa birov imi-jamida buni о‘ziniki qilib olsa. Mol achchig‘i - jon achchig‘i, deganlaridek, tabiiyki, о‘g‘irlatgan ham jim qarab turmaydi, bu о‘z navbatida yangi jinoyatlarga yо‘l ochadi. Bu barchaga ayon haqiqat. Biroq hayotga yengil-yelpi qaraydigan, birovning haqqidan tap tortmaydigan kimsalar ham borki, egri yо‘lning tо‘qmog‘i yetmaguncha tо‘g‘ri yо‘lni topolmay, anglamay yuraveradi.

85 KILOGRAMM GО‘SHTGA QО‘SHIB PICHOQ VA BOLTANI HAM О‘G‘RILAB KETISHIBDI

Misol uchun, bir muddat avval Muborak tumani О‘zbekiston mahallasida yashovchi D.Jumayevga qarashli gо‘sht dо‘koniga о‘g‘ri oralab, qо‘liga neki ilinsa, о‘margan. Muzlatkichdan 85 kilogramm gо‘shtni, 150 ming sо‘mlik tarozini, kamiga pichoq va boltani ham olib ketgan.

Shu bо‘yicha olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida esa о‘g‘rilikni Koson tumani Mesit mahallasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan M.N., 1993 yilda tug‘ilgan A.S. va Navrо‘z mahallasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan Y.Z. sodir etgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Muborak tumani IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qо‘zg‘atildi.

Kitob tumani Guliston mahallasilik S.Pо‘latov esa shu yilning 23 may kuniga о‘tar kechasi tumandagi Makrid oziq-ovqat dehqon bozori MCHJga qarashli mol bozoriga qо‘y sotib olish uchun borganda, yelkasidagi xaltachadan 1 million 500 ming sо‘mni о‘g‘rilab ketishgan.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida mazkur jinoyatni 1990 yilda tug‘ilgan T.S. sodir etgani aniqlanib, jinoyat ishi qо‘zg‘atildi.

О‘g‘rilarning e’tibori kо‘pincha mol-holga qaratilishini kо‘pchilik biladi, shunday ekan, bu boradagi ehtiyot shart aslo zarar qilmaydi. Buni Shahrisabz tumani Oqtosh qishlog‘ida yashovchi R.Chorshanbiyevning bir muddatlik ehtiyotsizligi ortiqcha tashvish keltirganida ham kо‘rsa bо‘ladi. Shu yilning 11 may kuni ayni tush mahali Xо‘jaxuroson qishlog‘idagi "Xayitov Asilbek Farruxovich" fermer xо‘jaligi dala maydonida bog‘log‘liq turgan hо‘kiz "yо‘qolib" qolgan. Egasining aytishicha, hо‘kizning bozor bahosi 2 million sо‘m atrofida bо‘lgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qо‘li egri kimsalar Shahrisabz shahri Tutzor mahallasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan P.R. va 2002 yilda tug‘ilgan P.X. bо‘lib chiqdi. Mol tegishli tartibda hujjatlashtirib olinib, jinoyatga yarasha jazo qо‘llash choralari kо‘rildi.  

14 MING YUTAMAN DEB 202 MING SО‘M JARIMA TО‘LADI

Qо‘li egrilik jamiyat uchun qancha zarar keltirsa, qimorbozlik sabab yuzaga keladigan ziddiyatlarning salbiy oqibatlari ham undan kam emas. Chunki kimdir yо‘q joydan mо‘may daromadli bо‘lib olsa, boshqasi bir lahzada boridan ayrilib qoladi. Keyingi gal о‘yinga yana boshqa narsalarni tikadi. Uyini, mashinasini va hatto xotinini "boy berganlar" haqidagi gap-sо‘zlar ham quloqqa chalingan. Oxir-oqibatda boridan ayrilgan odam hech narsadan tap tortmaydi, chunki endi uning yutqazadigani qolmaydi. Qolaversa, muqaddas dinimizda ham mehnatsiz topilgan har qanday daromad halol emasligi aytiladiki, bunga rioya etgan odam kam bо‘lmaydi.

Mirishkor tumani Bо‘ston mahallasilik 1986 yilda tug‘ilgan G‘.Janniyev, 1989 yilda tug‘ilgan Q.Xidirovda shunday qarash yо‘q ekanki, L.Karimovning   uyida yig‘ilib, karta о‘ynab 500 ming sо‘mdan oshiq pulga ega chiqishga harakat qilishibdi.

Ayni paytda tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Yakkabog‘ tumani Langar qishlog‘ida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan J.Toshev, Qamashi tumani Langarota qishlog‘ida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan N.Pardayev, B.Mirzayev va boshqalar Qarshi shahar 4-mittitumandagi xonadonlardan birida qimor о‘ynayotgan holda ushlangan. О‘yinga tikilgan pul va kartalar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi va huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeks 191-moddasi bо‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, chora kо‘rish uchun shahar ma’muriy sudiga yuborildi. 

Shahrisabzlik yigitlar - M.Husanov, SH.Toshpо‘latov, A.Mamanov, M.Lutfullayev qimor uchun Duxchi qishlog‘idagi "Sayidov Akobir" fermer xо‘jaligi dalasini tanlashibdi. О‘yinga esa 14 ming sо‘m tikilibdi. Albatta, pulning qancha ekani ahamiyatsiz, bugun oz bо‘lsa, kun kelib kо‘payadi. Hamma gap - qonunga zid qilmishga vaqtida chek qо‘yishda.

Shu asosda mazkur holat yuzasidan tuman ma’muriy sudi tomonidan huquqbuzarlarning har biriga eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

MAKTABNI QО‘SHMAXONAGA AYLANTIRGAN

Insonning bezagi - axloq. Axloqsizlik eng taraqqiy etgan jamiyatlarni ham halokatga duchor etganini tarixdan yaxshi bilamiz. Rivojlanishni istar ekanmiz, xulqi buzuqlikka murosasiz bо‘lishimiz kerak. Chamasi bu borada choralar u qadar ta’sirchan bо‘lmayapti shekilli, fohishalik va qо‘shmachilikni odatiy mashg‘ulotga aylantirib olganlar soni kо‘p.

Koson tumani Arabxona mahallasida joylashgan 98-maktabda qorovul bо‘lib ishlovchi, 1975 yilda tug‘ilgan T.Bobosharipov Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan M.A. va 1997 yilda tug‘ilgan Y.SH.ga о‘zaro munosabatga kirishishlari uchun maktabdan sharoit yaratib berib, buning evaziga 24 ming sо‘m olgan.

Koson tumani Arabxona maxallasida yashovchi, "Koson yog‘ ekstraksiya" AJda qorovul bо‘lib ishlovchi, 1959 yilda tug‘ilgan D.B. ham qorovulxonada 30 ming sо‘mga qо‘shmachilik qilgan. Ayni paytda yuzi qora bu kimsalarga nisbatan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kasbi tumani Oqqamish mahallasida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan Q.M. о‘z yashash uyida, shu mahallada yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan I.A.ga 86 ming sо‘mga "xizmat" kо‘rsatgan. Natijada unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeks 190-moddasi bо‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Xorazm viloyati Yangibozor tumani Bog‘olon qishlog‘ida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan H.D. ham ayol sha’niga mutlaqo yarashmaydigan ishga qо‘l urgan. Qarshi shahar 5-mittitumandagi xonadonda Kasbi tumani Komilon qishlog‘ida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan U.S. bilan 44 ming sо‘m evaziga munosabatga kirishgan.

Kasbi tumani Qatag‘on mahallasilik, 2000 yilda tug‘ilgan N.X. Maymanoq qishlog‘idagi bog‘da "Nokia" rusumli qо‘l telefoni evaziga fohishalik bilan shug‘ullanganini nima bilan izohlashga hayron qolasan kishi.

Mirishkor tumani Ayzabod qishlog‘ida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan L.H. esa Yakkabog‘ tumani Ulamji MFYda yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan B.I.ga tegishli uyda kо‘rsatgan "xizmati" uchun uch yigitdan 144 ming sо‘m pul olibdi. Shunday kimsalar haqida eshitarkansan, beixtiyor "Odam borki, odamlarning naqshidir, odam borki, hayvon undan yaxshidir" degan naql esga kelaveradi...

737 TUP KО‘KNOR PARVARISHLABDI

Mario Pyuzoning "CHо‘qintirgan ota" kitobida shunday manzara bor: mafiya qiroli don Korleone juda katta jinoyatlarning boshida turgani holda giyohvandlik savdosiga aralashishdan qat’iy bosh tortadi. Hatto ashaddiy jinoyatchi u keltiradigan kulfatlarni yaxshi anglaydi.

Bugun giyohvandlikka qarshi kurash dunyo miqyosida dolzarblik kasb etgan bir chog‘da mо‘may daromad ilinjida tomorqasida "kо‘kat" parvarishlayotganlar borligi achinarli.

Profilaktika tadbirlari davomida aniqlanishicha, Qarshi tumani Tallikuron qishlog‘ida yashovchi N.Hamidov tarkibida morfin, tebain va kodein giyohvandlik vositalari bо‘lgan 737 tup opiyli kо‘knor о‘simligini yetishtirib kelgan. Ekspert-kriminalistika guruhi xulosasida opiyli kо‘knorning quritilmagan holdagi sof og‘irligi 90 kilogramm 500 gramm deya kо‘rsatilgan. Ushbu holat bо‘yicha jinoyat ishi qо‘zg‘atildi.

G‘uzor tumani Kerait MFY Zangtepa qishlog‘ida yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan SH.Qurbonov esa hovlida chuqur kavlab, tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi bо‘lgan 6 tup kannabis о‘simligini parvarishlagan.

Shahrisabz shahar Oqsaroy mahallasilik, 1951 yilda tug‘ilgan M.Umirzakov yashash uyida tarkibida fenobarbital giyohvandlik moddasi bо‘lgan 40 dona dori vositasini saqlab kelayotgani aniqlandi.

Koson tumani Nurafshon MFYda yashovchi R.Jо‘rayev tomorqasida 12 tup о‘tkir hidli, tarkibida giyohvandlik moddasi bо‘lgan о‘simliklarni, Chiroqchi tumani Olmazor qishlog‘ida yashovchi K.Yangiboyeva gultuvakda 11 tup kо‘knor о‘simligini yetishtirgan.

Mazkur holatlar yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

"ISSIQ-SOVUQ" QILGANI UCHUN...

Folbinga borib, ularning aytganiga kirib bir-biriga zarar   yetkazayotganlar ham yо‘q emas oramizda. Ayniqsa, о‘ziga sehr yoki "issiq-sovuq" qilishgani haqida sо‘zlovchilar barcha noxushlik va kо‘ngilsizliklarni sehrdan kо‘rib, о‘zlari gumon qilgan shaxsni ashaddiy dushman sanab yurishadi.

Ahamiyatlisi, keyingi paytda nazorat tadbirlarida folbinlik bilan shug‘ullanayotganlarga ham e’tibor qaratilmoqda. Bunday olganda, folbinlik ham firibgarlikning bir kо‘rinishidir.

Aniq misollar keltiradigan bо‘lsak, Shahrisabz tumani Xazara MFY Olmazor qishlog‘ida yashovchi, 1964 yilda tug‘ilgan Z.S. yashash uyida folbinlik qilib, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan va rasmiylashtirilgan hujjatlar chora kо‘rish uchun tuman ma’muriy sudiga yuborilgan.

Shu tumandagi Nushkent qishlog‘ida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan N.Maqsudova ham yashash uyida о‘zicha chiroq yoqib fol kо‘rayotgani ma’lum bо‘lgan. Nishon tumani Talimarjon shaharchasi Obod MFYda yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan R.Mо‘minov esa "issiq-sovuq" qilgani uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida jarimaga tortilgan.

Kо‘rinib turibdiki, jinoyat va huquqbuzarliklarning soni kо‘p. Ularni keltirishdan maqsad esa fuqarolarni qonunga zid qilmishlardan qaytarishdir.

Viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi

ma’lumotlari asosida B.SAYFIYEV tayyorladi.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

20-07-2019 |
Foto galereya