Beruniy shunday yozadi: "Navrо‘z о‘tmish zamonlarda quyoshning saraton burjiga kirish paytiga tо‘g‘ri kelar edi. Sо‘ngra u orqaga surilgach, bahorda keladigan bо‘ldi. Endi u butun yil unga xizmat qiladigan bir vaqtda, ya’ni bahor yomg‘irining birinchi tomchisi tushishidan gullar ochilguncha, hayvonlarda uyg‘onish mavsumi boshlanishidan to nasl vujudga kelgunicha davom etgan vaqtda keladi. Shuning uchun Navrо‘z olamning boshlanishi va yaratilishiga dalil qilingan".

* * *

Navrо‘zning paydo bо‘lishi haqida kо‘plab afsonalar bо‘lib, zardushtiylikda ezgulik xudosi Ahuramazda bahor va yozda, yovuzlik xudosi Ahriman kuz va qishda hukmronlik qiladi, deb ishonilgan. Bahorning birinchi kuni ezgulik xudosi yovuzlik xudosi ustidan g‘alaba qilgan sana, deb bayram qilingan. Bu aynan Navrо‘z kuniga tо‘g‘ri kelgan.

* * *

Firdavsiy "Shohnoma"da Nav-rо‘zning paydo bо‘lishini shoh Jamshid nomi bilan bog‘laydi. Jamshid odamlarga yaxshilik qilish maqsadida ularni kasbga о‘rgatadi, temirni eritib qurol yasatadi, ip yigirtirib, kiyim tо‘qitadi, hammom, uy, saroylar bunyod qildiradi, tabiblik sirlarini ochadi, kema yasatadi, bog‘ barpo qildiradi. Nihoyat, ishlari meva bergan kunda о‘ziga taxt yasatib, unda osongina kо‘tariladi. Bu "Shohnoma"da quyidagicha ta’riflanadi:

Taxt kо‘kda charx urar misoli quyosh,

Farmondor о‘tirar, Kunda irg‘ab bosh.

Barcha jam, odamlar qarar taxtiga,

Jahon qoyil bо‘lib shukuh-baxtiga.

Jamshidga sochishar oltinu gavhar,

Shu kunni yangi yil - bayram deyishar.

Yil boshi Xurmuzu edi farvardin,

Dilda na g‘am qoldi, na adovat-kin.

Ulug‘lar shodlik-la bazm qurdilar,

Yuzlarin cholg‘uga, moyga burdilar.

* * *

X asrda yashagan Abu Bakr an-Narshaxiy "Buxoro tarixi" asarida buxoroliklarning kо‘hna udumlari haqida hikoya qilarkan, shunday yozadi: "Siyovush bu yerda (ya’ni Buxoroda) о‘zidan bir yodgorlik qoldirishni istadi. Shunday qilib, u Buxoro hisorini bino qildi va kо‘proq vaqt о‘sha joyda turar edi. Kimlardir u bilan Afrosiyob о‘rtasida gap yurgizdi va natijada Afrosiyob uni о‘ldirdi hamda shu hisorda, sharqiy darvozadan kiraverishdagi "Darvozai Qо‘riyon" deb ataluvchi somonfurushlar darvozasining ichkarisiga dafn etdilar. Shu sababli Buxoro otashparastlari о‘sha joyni aziz tutadilar va unga atab har yili Navrо‘z kuni quyosh chiqishidan oldin о‘sha joyda bittadan xо‘roz sо‘yadilar".

* * *

Qadimgi Xitoy muarrixi Vey Sze samarqandliklarning Navrо‘zi haqida shunday yozgan: "О‘sha kuni podshoh ham, xalq ham yangi liboslarini kiyadilar, soch-soqollarini oldiradilar. Shaharning kunchiqar tarafidagi daraxtzor yonidagi maydonda tо‘planishib, bayram qiladilar. Yetti kun mobaynida mohir tirandozlar ot choptirib, kamondan nishonga о‘q otish bahsida qatnashadilar. Yettinchi kun nishon о‘rnida oltin tanga qо‘yiladi va uni bexato urgan mergan bir kun shohlik qilish huquqini qо‘lga kiritadi".

* * *

Manbalarga kо‘ra, Navrо‘z bayramini о‘tkazish ahamoniylar davridan an’anaga aylanib qolgan va О‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston xalqlarida eng katta bayram hisoblangan. Umar Xayyom "Navrо‘znoma" kitobida yozishicha, Navrо‘z bayramini о‘tkazishning shohlar uchun maxsus tartib-qoidasi bо‘lgan. Uy-joylarni tozalash, kо‘kat va gullar bilan bezash, ota-ona, yaqin kishilar bilan diydorlashib kelish, marhumlar qabrlarini ziyorat qilish kabilar oddiy xalq orasida ham odat tusiga kirgan.

* * *

Navrо‘zning qachon va qanday vujudga kelganini aniq kо‘rsatish qiyin. Shunisi aniqki, Navrо‘z koinot va tabiat qonuniyatlari, ya’ni quyoshning hamal burjiga kirishi, kecha va kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanish yuz berishi, bahorning kelishi bilan bog‘liq tarzda ilmiy asoslanib belgilangan. Bu esa har qanday joyda "yil boshi" (qachon kelishidan qat’i nazar) Navrо‘zni tabiat bayrami sifatida nishonlash uchun asos bо‘lgan.

* * *

Musiqada Navrо‘z atamasi о‘n ikki maqom tizimidagi ovozlardan birini anglatib, bir necha shо‘ba nomining tarkibiy qismi sanaladi. Masalan, о‘n ikki maqom tizimida Navrо‘zi ajam, Navrо‘zi apab, Navrо‘zi  bayotiy, Navrо‘zi xoro, Navrо‘zi Sabo kabi shо‘balar bо‘lgan. Shashmaqomning nasr deb ataladigan shо‘balari qatorida Navrо‘zi Sabo, Navrо‘zi ajam va Navrо‘zi xoro uchraydi.

О‘zbekiston hududida navrо‘z nomli gullar ham uchraydi.

* * *

Xitoydan to Bolqonga qadar chо‘zilgan mintaqada muayyan xalqlar, xususan, Eron, Afg‘oniston, Iroq, Suriya, Ozarbayjon, Bahrayn, Livan, Pokiston, Hindiston, О‘rta Osiyo mamlakatlari, Turkiya, Albaniya va boshqa yerdagi fors va turkiy millatlar bahorgi tengkunlikni bir necha ming yildan beri tantana bilan kutib oladi.

Qozoqlar bayram arafasida birinchi bо‘lib uchib keladigan qushni "navrо‘zkо‘k", dastlab ochiladigan gulni "navrо‘zchechak" deb nomlashgan. Qadimda qozoqlarda Navrо‘z tantanalari 3-9 kunlab davom etgan. Hozir ham bayram kunlari "Olti baqan", "qiz quu" musobaqalari о‘tkazib kelinadi.

Turkmanlar Navrо‘zni tabiat qо‘ynida, xushmanzara gо‘shalarda, qir-adirlarda nishonlab kelgan. Momolar tayyorlagan semeni - sumalak, dog‘rama, pishme, palov singari taomlar bayram dasturxonini bezagan. Ot chopqi, ya’ni kо‘pkari, kurash musobaqalari tashkil etilgan. Kattayu kichik "Qush tepdi" raqsiga tushib, xursandchilik qilgan. Daraxt shoxlariga osilgan halinchaklar xotirjamlik, farovonlik, baxt-saodat timsoli hisoblanadi.

Ozarbayjonlarda bayram taraddudi, u bilan bog‘liq tadbirlar ancha erta boshlanib, qish chillasi chiqishi bilan "Xizr Nabi" marosimi о‘tkaziladi. Navrо‘zga bir oy qolganda, haftaning har chorshanba kuni gulxan yoqib, uning atrofida о‘yin-kulgi qilingan. Shu tariqa har bir kishining dard-alamlari, tashvishlari shu olovda yonib kul bо‘lishiga ishonilgan. Bayram kunlari xalq qiziqchilari - "kal" va "kо‘sa"lar yelkalariga xurjun osib, tomoshalar kо‘rsatishgan. Oshiqlar, ya’ni ozar baxshilari davrada chordana qurib, xalq dostonlarini sozga solishadi.

Umuman olganda, yasharish va yangilanish, mehr-oqibat ayyomi, boqiy bayram - Navrо‘z qachon va qayerda bо‘lsin, mohiyatan faqat va faqat ezgulikka xizmat qiladi.

N.XО‘JAYEV tayyorladi.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

19-03-2019 |
Foto galereya