Navrо‘z - olam yasharadigan, dehqon umidu ishonch bilan yerga baraka urug‘i qadaydigan, chо‘ponlar tо‘l olib, qо‘y-qо‘zilari, echki-uloqlarini yashil yaylovga yoyadigan, yoshu qari gо‘zallikni, ezgulikni, shodlik va quvonchni, hayotga, yashashga istakni, orzu-umidlarni, mehru oqibatni dilga tuyadigan saodatli, farahbaxsh kundir. Uning tantanalari qadimda bir oy davom etgan. Yoshi tо‘rt ming yildan kam emasligi asoslangan, isbotlangan.

Necha ming yillar davomida   Sharqda Navrо‘z bayram, katta shodiyona sifatida nishonlanishi natijasida kо‘plab xalqlar, xususan о‘zbeklarda  ham о‘ziga xos bir qancha udumlar, urf-odat, rasm-rusumlar, ishonch-e’tiqodlar shakllanib, ular asrlar osha  ajdodlardan avlodlarga о‘tib, suyak surib keldi.

Navrо‘z munosabati bilan hovlilar, kо‘chalar, ariqlar tozalangan, mahallayu guzarlar, qabristonlar obod qilinib, kо‘chatlar ekilgan. Urush tо‘xtatilgan, araz-ginalar unutilgan. Bayram dasturxonlari xilma-xil dorivor, kuch-quvvat beradigan kо‘katlar solib boyitilgan turli taomlar bilan bezatilgan. Qariyalar, xastalar, nogiron, beva-bechora, yetim-yesirlar va ehtiyojmand kishilar holidan xabar olinib, moddiy va ruhiy yordam kо‘rsatilgan.

Turli-tuman xalqona, milliy о‘yinlar, marosimlar, musobaqalar, bahslar, ahillikka intilish, yagona maqsad sari birlashish, yakdillikka harakat - Navrо‘zning ajralmas qismidir. Kо‘pchilik joylarda bugungacha saqlanib kelayotgan qadimiy udumlardan biri "qozon tо‘ldi"da har oila о‘z imkoniyatiga qarab, qozonini tо‘ldirib ovqat pishirgan. Yana kо‘katli somsalar, bо‘g‘irsoqlar tayyorlab, baholi qudrat qо‘ni-qо‘shnilarga ham tarqatilgan. Bu taomlardan avvalo keksalar va bemorlarga jо‘natilgan. Qozon tо‘la ovqat qilish kelgusi hosilning mо‘l bо‘lishi, tо‘kin-sochinlik, qut-baraka, oilada farovonlik, oila a’zolarining sog‘-salomat, baxtli yashashi, el-yurtda tinchlik, osoyishtalik ramzi sifatida davom etayapti.

Bayram о‘yinlari

Navrо‘z sumalaksiz о‘tmaydi,     albatta. Joy tanlanib, о‘choq qazishu kunda yorishdan to tantanalar yakunlanguncha bolalar va kattalar ajoyib bir kо‘tarinki kayfiyatda bо‘lishadi.

О‘choq qazish, о‘tin tayyorlash davomida о‘smirlar, balog‘atga yetgan yigitlarning epchilligi, kuch-quvvati, zarb mahorati sinovdan о‘tkazilgan. Qozon  atrofida о‘ralashayotganlardan biri: "Qani Ahmad, Rahmat bilan bir kurashga tush-chi, g‘olibga kо‘proq, mag‘lubgayam ozroq sovrin (zot) bor", deb ularni bel oldirish orqali bahs boshlanib ketadi. Bolalarning ota-onalari, aka-ukalari, barcha qarindoshlar tarafkashlik uchun tо‘plana boshlaydi. Keyin kurashchilarning yoshi ham, sovrin ham kattalasha boradi. Ana tomosha: qiyqiriqlar, olqishlar, hayajonlar, tanbehlar, duolar, madh etishlar...

Ot о‘yini, yog‘och о‘yin, chо‘pon tayoq, kо‘pkari, poygalar (yayov, otda, eshakda), uzoqqa (tosh, kesak, tayoq) otish, chillik, oshiq, quloq chо‘zma, kaptarbozlik, qо‘chqor (xо‘roz) urishtirish, varrak uchirish, lanka, yelka urishtirish, kо‘chmak, hakkallama-dukkallama, arqon tortish, oq terakmi-kо‘k terak, shu kabi kо‘plab о‘yinlar qadimdan bayramning hamrohi bо‘lib, yoshu keksaga zavq-shavq bag‘ishlab, bayramga kо‘tarinki ruh berib kelayotir. Bu о‘yinlar bolalar, yoshlarni odob-axloq, jismoniy jihatdan chiniqtirish, barkamol insonni voyaga yetkazish vositasi hamdir. О‘yinlar kuy-qо‘shiqlar bilan uyg‘unlikda ochiq havoda, keng kо‘kalamzorlarda о‘tkazilgan. О‘z navbatida ishtirokchilardan chaqqonlik, epchillik, tezkorlik, zukkolik, sabr-bardoshlilik, aql-idrokni talab qilgan. Bugungi kunda ham bu о‘yinlar Navrо‘z tantanalarida ishtirokchilarning xohish-istagiga kо‘ra о‘tkaziladi. 

Bu bayramda odamlar iloji boricha yangi, yarashiqli, ozoda kiyinish, tilni har qanday holatda yomon, uyatli, qо‘pol sо‘zlardan tiyib, samimiy, dildan, shirin sо‘zlashishga harakat qilishgan. Afsuski, keyingi avlod vakillari bu kabi an’analarga amal qilmayapti, ming yillik о‘yinlarning kо‘pini yoddan chiqardi.

Sumalak sayli

"Sumalak sayli" yoki "Sumalak pishirar" Navrо‘z bilan yonma-yon, uning ajralmas bir qismi bо‘lib kelayotgan udum.

"Avesto"da sumalak haqida qiziq hikoya keltiriladi. Yangi kun (Navrо‘z)da о‘ttiz yoshli Zardо‘sht oppoq soqolli nuroniy cholga aylanib qoladi. Yuzi, qoshu kо‘zidan nur yog‘ilar, qorong‘ida yursa, tong otar mahalini eslatar, zulmat chekinib, uni nur quchoqlab borardi. Qayoqqa borsa, hamisha boshi uzra yulduz porlab, yog‘du sochib yо‘lini yoritardi. Uyiga borganida, xotini bu holdan hayron qoladi. Ayol har doimgidek bug‘doy donidan unib chiqqan kо‘m-kо‘k, xushbо‘y maysani yanchib, tayyorlab qо‘ygan edi. Keyin shundan bо‘tqa taom pishirishga kirishadi. О‘shanda qozon boshida ham mо‘jiza rо‘y beradi.

Zardо‘sht va ayoli allamahalgacha ovqat tayyorlash bilan ovora bо‘lib, charchab, hordiq chiqarish uchun yotadi. G‘ira-shira tong payti  osmonu falakdan birin-ketin kо‘z kо‘rib, quloq eshitmagan darajadagi gо‘zal farishtalar uchib kelib, qozon yoniga qо‘nadi. CHо‘p (yog‘och) chо‘mich, qoshiq va kapgirni qо‘lga oladilar. Biri qо‘yib, biri pishayotgan taomni qо‘zg‘ashga, dam-badam shopirishga kirishadilar, qayta-qayta qо‘zg‘aydilar, qо‘shiqlar aytib о‘ynaydilar. Zardо‘sht va ayoli bu ajoyib, g‘aroyib manzarani uzoq tomosha qilishadi. Sanab qarasalar farishtayu malaklar о‘ttizta chiqadi. "Siruh" va "Sumalak" - "О‘ttiz ruh" va "О‘ttiz malak" deb nom berishadi ularga...

Ertalab tayyor bо‘lgan taomni yeganlarida u hech oldingilariga о‘xshamas, benihoya totli, mazali edi. Shu-shu bо‘ladi-yu, taomni zardо‘sht va ayoli "Sumalak" - "О‘ttiz malak" deb ataydilar.

Mana, bugun ham qozonlar tо‘lib sumalak qaynayapti, u bilan bog‘liq udumlar, odatlar davom etayapti. Chunki sumalak tо‘yimli, mazali taomligi, aynan ilik uzildi pallada tayyorlanishi, organizmga tabiiy darmondori sifatida singishi, kо‘p muddat buzilmay, xususiyatlarini yо‘qotmay saqlanishi, uni ilk bor tatiganda, eng ezgu istaklar, orzu-umid qilinishi bilan necha ming yillardan buyon yashab kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, qadimiy Navrо‘z bayrami tantanalarida xalqimizning asrlar davomida shakllangan yuzlab urf-odatlari, udumlari, ishonch e’tiqodlari, orzu-umidlari, bir sо‘z bilan aytganda, о‘ziga xos milliy va umumbashariy qadriyatlari jamlangan.

Abdiolim ERGASHEV,

О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan yoshlar murabbiysi

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

26-03-2019 |
Foto galereya