Achchiq bо‘lsada, bazida shunday. "Sharoiti" kо‘tarsada, qonunda belgilangan alimentni о‘z vaqtida tо‘lab, farzandi kelajagi uchun о‘z hissasini qо‘shish о‘rniga, fuqaro T.D о‘z mol-mulkini yashirishga urinish orqali aliment tо‘lashdan qochishga harakat qildi.

Ma’lum bо‘lishicha, Fuqarolik ishlari bо‘yicha G‘uzor tumanlararo sudining 03.04.2013 yildagi qarzdor T.Ddan undiruvchi Q.S foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun qarzdorning xar oylik ish haqi va boshqa daromadlarining ¼ qismi miqdorida aliment undirish tо‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Qamashi tuman bо‘limi ish yurituviga 15.05.2013 yilda kelib tushgan.

Ijro harakatlari davomida qarzdor T.D 02.01.2016 yildan aliment pullarini tо‘lamasdan kelgan. Natijada, uning alimendan bо‘lgan qarzdorligi 11.734.480 sо‘mni tashkil etgan.

Bu davr davomida tegishli tashkilotlarga muntazam sо‘rovnomalar yuborilgan bо‘lsada, qarzdor T.D. nomida hech qanday mol-mulklar yо‘qligi aniqlangan.

Shuningdek, qarzdorning doimiy yashash manzili bir necha bor kо‘zdan kechirilsada, undiruv qaratilishi mumkin bо‘lgan mol-mulklar aniqlanmagan.

Shu bilan birga, bir necha marotaba ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilish borasida ogohlantirilgan.

Shunday bо‘lsada, 28.06.2019 yilda T.Dning yashash xonadoni hamda yordamchi xо‘jaliklari qayta kо‘zdan kechirilganda, bolali "tо‘riq qashqa" oti mavjudligi aniqlanadi.

Mazkur vaziyatda Byuroning Qamashi tuman bо‘limi davlat ijrochilari ikki bosh otni xatlash tо‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirib, tegishli tartibda realizatsiya qilish uchun olib ketadilar.

"Mol bermoq-jon bermoq deganday" qariyb ikki yarim yil davomida aliment tо‘lamasdan kelgan qarzdor T.D. qayerdandir 11.734.480 sо‘m pul topdi va alimentdan bо‘lgan qarzdorligini tо‘liq qopladi hamda aliment pulini о‘z vaqtida tо‘lab borishi borasida va’dalar berdi.

Shundan sо‘ng otlar T.Dga qaytarildi.

Imkon borida mol qо‘ldan ketishini kutish shartmi?!

Axir u farzanddan aziz emasku!!!

                                                                                               M.S.Eshimov

                                                                                            Majburiy ijro byurosi

                                                                                            Qashqadaryo viloyati boshqarmasi

                                                                                              katta inspektori

 

 

09-07-2019 |
Foto galereya