Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash jarayonida imtiyozli ravishda uy-joy olishga oid arizalar kо‘p uchraydi. Xususan, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonasi va viloyat hokimligiga tushayotgan murojaatlarning uchdan bir qismi ana shu masalaga oid.

Xо‘sh, muhtoj fuqarolar imtiyozli asosda uy-joy olish uchun qayerga, kimga va qay tartibda murojaat qilishi kerak?

О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 yanvardagi    tegishli qarori bilan "Kо‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish, shuningdek yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bо‘lgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi tо‘g‘risida nizom" tasdiqlangan. U asosida 2017-2020 yillarda shaharlarda arzon kо‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi doirasida uy-joylarni (5, 7 va 9 qavatli) qurish va rekonstruksiya qilish uchun "Ipotekabank" ATIB tomonidan buyurtmachiga kreditlar berish tartibi, shuningdek, kо‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni ustun darajada yosh oilalarga, eskirgan uy-joylarda yashayotganlarga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bо‘lgan fuqarolarning boshqa toifalariga sotish tartibi belgilandi. Unga kо‘ra:

о‘z uy-joyining yо‘qligi va ijara (arenda), bepul foydalanish shartlarida turar joyda yoki eskirgan uylarda yashash;

bir uyda (bir kvartirada) boshqa oila yoki boshqa oilalar bilan birgalikda yashash;

kо‘p bolali oila;

ona (ota)ning tо‘liq bо‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalashi;

ariza beruvchining oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi alohida xonada yashashga muhtoj bо‘lgan shaxslarning mavjudligi;

oila tarkibida birinchi guruh nogironligi bо‘lgan shaxs mavjudligi;

turar joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turar joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi kabi mezonlardan biri mavjud hollarda fuqarolar va tayanch doktoranturaning 2-kursidan boshlab, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tahsil olayotgan doktorantlar arzon kо‘p kvartirali uylarni olishi mumkin. Ular buning uchun ariza, о‘zi va birgalikda qarz oluvchilarning moliyaviy holati va imtiyozli tarzda uy-joy olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar bilan hududiy komissiyaga murojaat qilishi kerak.

Nizomda hududiy komissiyaning namunaviy tarkibi belgilangan. Komissiya raisi - shahar hokimi, komissiya raisining о‘rinbosari - shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bо‘yicha о‘rinbosari bо‘ladi. Yana yettita davlat va  nodavlat tashkilotlar vakillari ham ushbu komissiya tarkibiga kiritilgan. Komissiya vakolatiga oid murojaatlarni rо‘yxat bо‘yicha qabul qilib, murojaatchiga ariza qabul qilinganligi haqida tilxat bilan rо‘yxat nusxasini topshiradi.

Hududiy komissiya qabul qilib olingan barcha hujjatlarni о‘rganib, uy-joyga muhtoj fuqaroga biriktirilgan kvartiraning rekvizitlarini kо‘rsatgan holda protokol qarorini qabul qiladi. Murojaat rad etilganda ikki ish kunida ariza bergan fuqaroga asoslantirilgan yozma bildirishnoma yuborilishi shart.

Uy-joyga da’vogar fuqaro dastlabki badal, ya’ni kvartira qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi pul mablag‘ini unga xonadon biriktirilganidan keyin 60 kalendar kundan kechikmay bankka tо‘lashi kerak. Aks holda hududiy komissiyaning kvartirani ushbu fuqaroga biriktirish haqidagi qarori о‘z kuchini yо‘qotadi.

Bundan tashqari, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolar О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 fevraldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan "Ariza beruvchi - uy quruvchining 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bо‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi tо‘g‘risida nizom" doirasida ham ijtimoiy ustunlik asosida uy-joy xarid qilishlari mumkin. Bunda nizom talablari asosida shakllantirilgan tegishli tuman hokimligi huzuridagi Talabgorlarni tanlash komissiyasiga murojaat etiladi. Uning tarkibi kamida tо‘qqiz kishidan iborat bо‘lib, hokim, birinchi о‘rinbosar, xotin-qizlar masalalari bо‘yicha о‘rinbosar, "Mahalla" xayriya jamoat fondi tuman bо‘limi rahbari, yer resurslari va kadastr bо‘limi boshlig‘i, tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, aholi bandligiga kо‘maklashish markazi rahbari doimiy ishlaydigan komissiya a’zosi bо‘ladi. Komissiya ishiga bank, injiniring kompaniyasi filiali rahbari va tegishli mahalla raisi kuzatuvchi sifatida taklif qilinadi.

Ushbu nizomga kо‘ra, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deganda: mulk huquqi bilan turar joyi yо‘q; boshqa oila yoxud oilalar bilan bir uyda yashovchi; kо‘p   bolali; daromadi yuqori bо‘lmagan, ya’ni bir oydagi jami daromadi har bir oila a’zosiga belgilangan eng kam oylik ish haqining uch barobari miqdorigacha tо‘g‘ri keladigan; tо‘liq bо‘lmagan oilada bir yoki undan kо‘p bola yashayotgan; oila a’zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi yoki birinchi guruh nogironligi bо‘lgan shaxslar mavjudligi; umumiy uy-joy maydoni 16 kvadrat metr (kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kvadrat metr)dan kam bо‘lganlik holatlari tushuniladi.

Ushbu keltirilgan asoslardan biri toifasiga mansub 18 yoshga tо‘lgan fuqaro qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bо‘yicha arzon uy-joylardan xarid qilish uchun ariza bilan komissiyaga murojaat etishi mumkin. Bunday murojaat 15 kun ichida kо‘rib chiqilib, tanlov natijalari bо‘yicha komissiya qarori qabul qilinishi kerak.

Komissiya о‘rganish natijalari bо‘yicha bir ish kunida ariza beruvchiga keyinchalik injiniring kompaniyasi va uy-joy qurilishida ishtirok etuvchi tijorat bankining filialiga taqdim etish uchun yozma tavsiya beradi. Bu rad etilganda esa murojaatchi yozma ravishda xabardor qilinishi kerak.

О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan "Og‘ir ijtimoiy  vaziyatga tushib qolgan  xotin-qizlarga, nogironligi bо‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini tо‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi tо‘g‘risida nizom" asosida ham kо‘zda tutilgan toifa uchun qator qulayliklar yaratilgan. Ular bu bilan dasturlar doirasida qо‘shimcha muhandislik va ijtimoiy infratuzilma bilan kompleks holda qurilgan kо‘p qavatli kо‘p xonadonli (2 va 3 xonali) va maydoni 0,02 gektar bо‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli (2 va 3 xonali) arzon uy-joylarga ega bо‘lishlari mumkin. 

 Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uylar boshlang‘ich badali, ya’ni qiymatining 10 foizi Xotin-qizlarni va oilani qо‘llab-quvvatlash jamoat fondi, talabgor ishlayotgan tashkilot hisobidan hamda qolgan 90 foizi ipoteka asosida tijorat banklari tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlar hisobidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, ularga ajratilgan imtiyozli kreditni qoplash talabgorning о‘z mablag‘lari, doimiy daromadga ega bо‘lmagan va kreditni qoplashga layoqati yetarli bо‘lmagan taqdirda u ishlayotgan tashkilot, О‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Arzon uy-joylardan xarid qilish uchun ariza muhtoj xotin-qiz, uning о‘zi ariza berish imkoniyatiga ega bо‘lmasa, tuman (shahar) sektorlari rahbarlari tomonidan yuqorida nomi keltirilgan ikki nizom talablari asosida shakllantirilgan hududiy komissiya yoki tanlash komissiyasiga berilishi mumkin. U vakolatli shaxs tomonidan qabul qilingach, 15 kun ichida kо‘rib chiqilishi kerak.

Komissiya tomonidan tushgan arizani kо‘rib chiqishda uy-joyga muhtoj xotin-qizlar quyidagi ijtimoiy mezonlar asosida aniqlanadi:

ariza beruvchida mulk huquqi asosida turar joyning yо‘qligi va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi;

boshqa oila (oilalar) bilan bir uyda (bir xonadonda) yashashi;

kо‘p bolalilik (uch va undan ortiq);

ariza beruvchi oilasining daromadi;

ijtimoiy xususiyatiga kо‘ra alohida xonada yashashi kerak bо‘lgan (sil, teri-tanosil kasalliklarining og‘ir kо‘rinishi, qandli diabetning yiringli yallig‘lanishi, psoriaz) bemor ayollar (tuman tibbiyot birlashmasining xulosasi va fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organi ma’lumotnomasi asosida);

ariza beruvchining oila a’zolari orasida birinchi guruh nogironligi bо‘lgan shaxslarning mavjudligi;

ariza beruvchi uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi;

birinchi guruh nogironligi bо‘lgan yolg‘iz ayollar;

yolg‘iz о‘zi og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bola parvarishlayotgan ayollar (tuman (shahar) xotin-qizlar qо‘mitasi ma’lumotnomasi va tibbiyot birlashmasi xulosasi asosida);

kam ta’minlangan oilada yolg‘iz о‘zi ikki va undan ortiq voyaga yetmagan farzandlarni tarbiyalayotgan ayollar (fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organi ma’lumotnomasi asosida).

Mamlakatimizda inson qadr-qimmatining yuksalishi, ayniqsa keyingi yillarda yaqqol о‘z ifodasini topmoqda. Bunda kuchli ijtimoiy himoyaning ustuvorlik kasb etayotgani uy-joy   sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bо‘lgan fuqarolarga alohida yondashuv asosida g‘amxо‘rlik qilinayotganida ham kо‘rinadi. Binobarin, о‘z oldimizga har bir fuqaroning hayotdan rozi bо‘lib yashashiga sharoit yaratish vazifasini qо‘yganmiz va bu yо‘ldagi ildamlashlar odamlar hayotidagi aksi bilan ahamiyatli bо‘layapti.    

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari

 

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

03-07-2019 |
Foto galereya