Ipak qurti boqish bizda ancha olis tarixga borib taqaladigan yumush. Shunga monand, xalqimizda bu borada juda katta tajriba bor. Hududda yetishtirilgan ipak tolaning sifati yuqori, qiymati baland bо‘lgani zamirida ham shu omil mujassam.

Sо‘nggi yillarda sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar samarasida pilla boqayotgan oilalarning faoliyatdan manfaatdorligi oshdi. Natijada ishlab chiqarish salmog‘i ham yildan-yilga о‘sib bormoqda.

-  Bu yil ilk mavsumda viloyatda barcha zvenolar tomonidan 35 ming 500 quti ipak qurti parvarishlandi, - deydi viloyat "Agropilla" MCHJ mutaxassisi Qahramon Mengliyev. - О‘rtacha hosildorlik 55,6 kilogrammni tashkil etadi. Shunga kо‘ra, joriy mavsum pillakorlarimiz tomonidan 1950 tonnadan oshiq pilla yetishtirilishi belgilangan.

Hozirgi kunda ayrim hududlarda pilla hosilini qabul nuqtalariga topshirish jadal davom etayotgan bо‘lsa, bir qator tumanlarda kо‘zda tutilgan reja allaqachon uddalanib, endi xirmonni yanada yuksaltirishga kirishilgan.

Jumladan, 3 ming 825 quti ipak qurti parvarishlagan Kasbi tumani pillakorlari qayta ishlash korxonalariga 210 ming 600 tonna kumush tola sotib, shartnoma rejasini viloyatda birinchi bо‘lib bajargan bо‘lsa, bu borada Mirishkor, Koson, G‘uzor, Dehqonobod, Qamashi, Muborak tumani pillakorlari ham belgilangan dovonni bosib о‘tishdi.

27 may holatida viloyat pillakorlari tomonidan uyulgan pilla xirmoni umumiy hajmi 1686 tonnadan ortiqni, belgilangan shartnoma rejasiga nisbatan esa 86,5 foizni tashkil etmoqda. Ayni paytda viloyatda bir kunda о‘rtacha 135 tonnadan oshiq hosil yig‘ib olinayotganini inobatga olsak, pillakorlarimiz tomonidan tо‘planadigan xirmon kо‘zda tutilganidan-da balandroq bо‘lishiga ishonish mumkin.

Jahongir BOYMURODOV

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

28-05-2019 |
Foto galereya