Viloyat bojxona boshqarmasi tasarrufidagi "Talimarjon" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Nishon tumanida faoliyat kо‘rsatuvchi tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Unda davlatimiz rahbarining 2019 yil 27 iyundagi "Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoni mazmun-mohiyati bо‘yicha fikrlashildi. Ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlik va sog‘lom raqobat muhitini qо‘llab-quvvatlash, mamlakatning  eksport salohiyatini kengaytirish va rag‘batlantirish hamda ichki bozorni sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga yо‘naltirilgan soliqqa tortish va bojxona-tarif tizimini tartibga solish bо‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli ishlar xususida ma’lumot berildi.

О‘z navbatida, iqtisodiyotning ayrim sektorlarida tadbirkorlik subyektlariga sezilarli miqdorda imtiyoz va preferensiyalar berilganini hisobga olgan holda qо‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va tо‘lashning amaldagi tartibida mavjud nomutanosibliklar barcha xо‘jalik yurituvchi subyektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini bermayotgani ta’kidlandi.

- Bugungi kunda о‘zimizda mahsulot ishlab chiqarganlar qо‘shilgan qiymat solig‘i tо‘layapti, lekin import qilganlar undan ozod, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi bо‘lim boshlig‘i Farhod Mirzayev. - Masalan, kо‘mir ishlab chiqaruvchilarni oladigan bо‘lsak, respublikamizda "Angren-kо‘mir", "Sharg‘unkо‘mir", "Boysunkо‘mir" va boshqa bir qancha tashkilotlar kо‘mir ishlab chiqaradi va buning uchun qо‘shilgan qiymat solig‘i tо‘laydi. Chetdan olib kelinadigan kо‘mir mahsulotlari esa О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 yanvardagi qarori bilan bojxona tо‘lovlaridan ozod qilingan. Ichki bozormi yoki tashqi, hammaga bir xil sharoit yaratish uchun import qiluvchilardan ham bojxona tо‘lovlari tо‘lash bо‘yicha imtiyozlar olib tashlanayapti. Bu bilan yuqorida aytib о‘tilganidek, ishlab chiqaruvchilar о‘rtasida adolatli raqobat tamoyillarini joriy etish ta’minlanadi.

Uchrashuv davomida tadbirkorlarni qiziqtirgan qator masalalar bо‘yicha atroflicha tushuntirishlar berildi.

N.XО‘JAYEV

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida 

18-07-2019 |
Foto galereya