Mahalla - ulkan dorilfunun, noyob, dunyoda о‘xshashi yо‘q tuzilma. Shu bois ushbu tizim tobora takomillashtirib borilmoqda. E’tibor qiladigan bо‘lsak, avvallari fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organlari zimmasiga bir-ikki vazifa yuklangan bо‘lsa, bugungi kunda mazkur institut 30 dan ortiq yо‘nalishni qamrab olgan. Hududlar farovonligi deysizmi, turmush obodligimi, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylashmi, oilalar jipsligini ta’minlashu, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashmi, aholining tadbirkor va ishbilarmon bо‘lishimi, barcha-barchasida mahalla tuzilmasining о‘z о‘rni, ahamiyati bor.

Shu ma’noda davlatimiz rahbarining 2019 yil  2 apreldagi "Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoni kо‘pchilik tomonidan katta mamnunlik bilan qabul qilingani bejiz emas. Chunki unda fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organlarining mahalliy ahamiyatga molik masalalarni samarali hal qilishdagi rolini oshirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqini rо‘yobga chiqarish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan о‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Xususan, murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bо‘yicha "mahalla - sektor - Xalq qabulxonasi - mahalla" prinsipi asosida hamkorlik tizimi joriy qilindi.

Hech kimga sir emas, ayrim hududlarda yig‘in ma’muriy binolari yо‘qligi yoki zarur sharoitlar yaratilmagani oqibatida mahalla faollari, fuqarolar kо‘plab qiyinchiliklarga duch kelayotgandi. Bu vaqt sarfiga, ayrim hollarda e’tirozlarga sabab bо‘lgani ham bor gap.

Ayni paytda viloyatimizda 767 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bо‘lsa, ularning katta qismi turli tashkilotlar binosida faoliyat olib boradi. YA’ni о‘z ma’muriy binosiga ega emas. Endi farmon ijrosi doirasida barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan foydalanib kelinayotgan davlat mulki bо‘lgan binolar biriktirilgan yer maydonlari bilan xatlovdan о‘tkazilib, ular belgilangan tartibda fuqarolar yig‘inlariga mulk huquqi bilan beriladi. Shuningdek, tumanlar va shaharlar markazlarida "Mahalla markazi" majmualari va fuqarolar yig‘inlari binolari namunaviy loyihalar asosida quriladi.

Yoshlar - kelajagimiz, ertangi kunning hal qiluvchi kuchi. Biroq ishsiz yurgan, yumush izlab xorijga ketgan, turli buzg‘unchi oqimlarga qо‘shilib qolgan yoshlar ham afsuski bor. Farmonda bu masalaga ham alohida e’tibor qaratilib, fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan о‘zaro hamkorligi mustahkamlab qо‘yildi.

Ayni paytda viloyatdagi korxona va tashkilotlar, shuningdek, bо‘sh turgan binolarning holatini о‘rganib, о‘z biznesini boshlamoqchi bо‘lgan yoshlarga imkoniyat yaratib berilayapti. Mahallalarda chorvachilik, parrandachilik, tomorqadan foydalanish borasida katta tajribaga ega oilalar juda kо‘p. Ular ayrim xonadonlar va yoshlarni otaliqqa olib, о‘z tajribalarini о‘rgatmoqdalar.

Umuman olganda, farmon hamda u bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning amalga oshishi fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari zimmasidagi ishlarni samarali bajarish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan о‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Omon XUSHMURODOV,

Fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyatini

muvofiqlashtirish bо‘yicha viloyat kengashi raisining

diniy-ma’rifiy masalalar bо‘yicha о‘rinbosari

qashqadaryogz.uz  ma’lumotlari asosida

13-04-2019 |
Foto galereya