Taniqli adib, kо‘plab badiiy asarlar muallifi, respublikada xizmat kо‘rsatgan madaniyat xodimi, О‘zbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari a’zosi Normurod Norqobilov hamda CHо‘lpon nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi bosh muharriri  Davron Ulug‘murodov, kitoblik ijodkor, "Dо‘stlik" ordeni sohibi Hasan Qurbonov Kitob tumanida о‘tkazilgan "Zukko kitobxon" tanlovida hakamlik qilishdi.

Tanlov tumandagi 2-davlat ixtisoslashgan maktab-internati ona tili va adabiyot fani о‘qituvchisi Jasur Usmonov tashabbusi asosida  Kitob tumani hokimligi kо‘magida О‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bо‘limi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusdan biri kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlar о‘rtasida kitob targ‘ibotini kuchaytirishga bag‘ishlangan. Yuksak e’tibor kitob о‘qishni jon-dili deb bilgan yoshlarni tо‘lqinlantirib yubordi. Ularni yangi-yangi tashabbuslarga undadi. Buni birgina Jasur Usmonov faoliyati misolida ham kо‘rish mumkin. Uning ijtimoiy tarmoqda "Kitoblik kitobxonlar klubi"ni  tashkil etganligi, shu orqali tumandagi kitobxon yoshlarni birlashtirib, ularni yangi kitoblar bilan tanishtirib borayotgani, kitob targ‘ibotini kuchaytirish va kitobxon yoshlar о‘rtasida turli tadbirlar о‘kazishni о‘ziga maqsad qilib olgani tahsinga sazovor.

 "Kitoblik kitobxonlar klubi"ning ilk loyihalaridan biri о‘quvchi yoshlar о‘rtasida "Zukko kitobxon" tanlovini о‘tkazishdan iborat edi. Tanlovning dastlabki bosqichi may oyida bо‘lib о‘tdi.  Yoshlar kuni arafasida esa tuman madaniyat va aholi dam olish markazida saralab olingan olti nafar yosh tо‘rt shart bо‘yicha bellashdi. Dastlab ishtirokchilar о‘zlarini tanishtirar ekan, kitobga muhabbatlarini ham ifodaladilar, sо‘ng tashkilotchilar tomonidan taqdim etilgan badiiy adabiyotlar, shuningdek, о‘zlari о‘qigan kitoblar rо‘yxati bо‘yicha savollarga javob berdilar. Yakuniy bosqichda badiiy asarlar asosida sahna kо‘rinishlari namoyish etildi.

- Bolalar va yoshlar о‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy saviyasini yuksaltirish bugungi kunning muhim talablaridan biridir, - deydi tadbirkor Shohruh Shukrullayev. - Tanlovda ishtirok etgan yoshlarning dadil va teran fikrlarini kuzata turib, yurt kelajagi ishonchli qо‘llarda ekaniga yana bir bor amin bо‘ldim. Kitob yoshlardagi bilim va kо‘nikmalarni shakllantirish, ularning bо‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va turli zararli oqimlar ta’siridan himoya qilishda muhim vosita hamdir. Shunday ekan, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, yetuk inson bо‘lib tarbiya topishlari uchun о‘tkaziladigan har bir ma’naviy-ma’rifiy tadbirga hamkor bо‘lishga tayyormiz.

Tanlov  yakunida 1-о‘rinni 28-maktab о‘quvchisi Doniyor Otamurodov, 2-о‘rinni 5-maktab о‘quvchisi Laylo Esonmurodova,  3-о‘rinni  26-maktab о‘quvchisi Mirshod Ne’matov qо‘lga kiritdi. 1-, 2-о‘rinni olgan g‘oliblarning har biriga  noutbuk, 3-о‘rinni egallagan о‘quvchiga planshet sovg‘a qilindi. О‘quvchilarning ustozlari ham rag‘batlantirildi. YA’ni 1-о‘rinni egallagan Doniyorning ustozi - maktab kutubxonachisiga printer, Layloning ustozi - ona tili va adabiyot fani о‘qituvchisiga bir million sо‘mlik, Mirshodning ustozi - maktab yoshlar yetakchisiga 500 ming sо‘mlik kitob jamlanmalari topshirildi.

Lola О‘ROQOVA

                                                                                                              Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

05-07-2019 |
Foto galereya