Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bolaning hayotga, jamiyatda yashashga moslashishida, qolaversa, komil inson bо‘lib voyaga yetishida bog‘chada olgan tarbiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, farzandlarimiz aynan shu muassasada bolalikda egallashi lozim bо‘lgan boshlang‘ich bilimlarning salmoqli qismini о‘zlashtiradi. Erta savod chiqaradi, yozish-sanashni о‘rganadi, intellektual saviyasi nisbatan tez о‘sadi. Bundan nafaqat umumiy о‘rta ta’lim   muassasasi, balki ota-ona ham yutadi, bolasi kelajagi, rо‘zg‘ori uchun qayg‘urish, mehnat qilishga bemalol vaqt topadi.

Bugun yurtimizda ta’limning mazkur bosqichini sifat jihatidan yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani boisi shundan. Bu turdagi muassasalarda tarbiya sifatini oshirish, ular о‘rtasida raqobat muhitini yaratish maqsadida xususiy hamda davlat bilan sherikchilik asosida tashkil etilajak bog‘chalar faoliyati har tomonlama qо‘llab-quvvatlanayapti. Ularda ta’lim berishning zamonaviy usullarini qо‘llash asosiy vazifa qilib belgilab olingan.

G‘uzor tumani markazida yaqindan ish boshlagan "Kelajak qaldirg‘ochlari" xususiy-davlat sherikchiligi asosidagi maktabgacha ta’lim  muassasasida ham asosiy e’tibor shu masalaga qaratilgan. Ayni paytda 75 nafar bolaga saboq berish imkoniyatiga ega mazkur bog‘cha zarur talablarga muvofiq bunyod etilgan.

- Buning uchun katta mablag‘ sarf etildi, - deydi bog‘cha mudirasi Yulduz Zaripova. - Loyiha rо‘yobiga tijorat bankining 450 million sо‘mlik krediti va tadbirkorning salmoqli sarmoyasi yо‘naltirildi. Faoliyat kо‘rsatganimizdan hech qancha vaqt о‘tmay, о‘rinlar tо‘lib qoldi. Bu hududda maktabgacha ta’lim olishga ehtiyoj nechog‘lik yuqori ekanligini kо‘rsatadi. Hozirda 3 guruhda ish olib borayapmiz. Bolalar 3 yoshdan qabul qilinadi. Har bir guruhda belgilangan standartlar asosida ta’lim-tarbiya ishlari olib borilmoqda.

Mudiraning aytishicha, muassasada ta’lim jarayonini xorijiy tillar, xususan, rus tilida chuqurlashtirib tashkil etish maqsad qilingan. Bu ishga malakali pedagoglar jalb etilgan. Bolalarning jismoniy holatini yaxshilash va sportga о‘rgatib borish uchun  gimnastika tо‘garagi faoliyat kо‘rsatadi. Har kuni 4 mahal ovqatlanish rejimi amal qiladigan bog‘chada tarbiyalanuvchilar kо‘proq sutli mahsulotlar, meva-sabzavotlar iste’mol qilishadi. Muassasa ishga tushgach, 10 nafardan oshiq kishining bandligi ta’minlandi.

MIRJAHON

Suratlarda: maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

08-04-2019 |
Foto galereya