Shavkat MIRZIYOYEV:

Barchamizga yaxshi ayonki, matbuot, ommaviy axborot vositalari ishi hamma zamonlarda ham og‘ir va mas’uliyatli bо‘lgan. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga kо‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, sо‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda bu mas’uliyat yanada kuchaymoqda.

E’tibor  va e’tirof

JURNALIST - JAMIYAT TAQDIRIGA DAXLDOR INSON

27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan viloyat hokimligida tadbir tashkil etildi. Unda viloyatimizda faoliyat kо‘rsatayotgan jurnalistlar va soha faxriylari qatnashdi.

Viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev soha vakillarini kasb bayrami bilan qutlarkan, jurnalistlar bilan uchrashishdan har doim xursand bо‘lishini yashirmadi. Jurnalist deganda jonkuyar, jamiyat taqdiriga daxldor insonni tushunaman, dedi hokim. Muayyan mavzuda qalam tebratish qiyin ekani, faol pozitsiyada turuvchi ijodkor hayoti doim ham silliq kechmasligi, shu bois u hammaga birdek yoqolmasligi bildirildi. Adolat va xolislikni shior qilib, о‘z sо‘zini qat’iy turib aytolgani jurnalistning mamlakat rivojiga qо‘shgan hissasidir, deyildi uchrashuvda.

- Muxbirga oson emas, u hamma sohani bilishi kerak, shunga yarasha  dunyoqarashi ham keng bо‘lishi lozim, - dedi viloyat hokimi. - Axir biror jabhani tanqid-tahlil qilish ham oson ish emas. Bunga ham chuqur bilim, falsafa talab qilinadi. Faqat tanqid shaxsiy manfaat uchun bо‘lib qolmasin, aksincha, jamiyat manfaatiga xizmat qilsin.

Shuningdek, uchrashuvda mamlakatimiz hayotida katta о‘zgarishlar kechayotgani, ularning mazmun-mohiyatini xalqqa, keng jamoatchilikka tо‘g‘ri, xolis yetkazishga e’tibor qaratish kerakligi, ammo ba’zi  jabhalar, afsuski, jurnalist nigohidan chetda qolib ketayotgani ham  tilga olindi.

О‘zaro muloqot ruhida kechgan uchrashuvda soha faxriylari, faol jurnalistlar, texnik xodimlardan bir guruhi viloyat hokimining faxriy yorliqlari hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbirda jurnalistlar  sо‘zga chiqib, sо‘nggi vaqtda matbuot va  ommaviy axborot vositalariga qaratilayotgan alohida e’tibor, jurnalistlarga kо‘rsatilayotgan g‘amxо‘rlikni olqishlashdi, buning uchun minnatdorlik izhor etishdi. О‘z navbatida soha vakillarining voqea-hodisalarga hozirjavobligi oshgani, о‘z ustida ishlayotgani ham urg‘ulandi. Joriy yilda qashqadaryolik bir qator  jurnalistlar respublika  miqyosida yuksak e’tirofga munosib kо‘rilgani buning isboti о‘laroq misol qilib keltirildi.

***

Sana munosabati bilan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yanada kо‘tarinki kayfiyat bag‘ishlash maqsadida viloyat hokimligi tashabbusi asosida mukammal ta’mirlash ishlari boshlanib,  yangi qiyofa kasb etgan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasi hududida bayram konserti tashkil etilib, dasturxon yozildi.

M.SHUHRATOV

* * *

Suratlarda: Prezident farmoniga muvofiq Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan mukofotlangan hamkasblarimizdan biri - О‘zbekiston axborot agentligining Qashqadaryo viloyati bо‘yicha fotomuxbiri, "Shuhrat"  medali sohibi Jamshid Norqobilov; viloyat hokimining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan jurnalistlardan bir guruhi.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

29-06-2019 |
Foto galereya