Viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev aholi bilan yaqindan muloqot qilish, turli muammolarga yechim topish maqsadida Yakkabog‘ tumanida sayyor qabul о‘tkazdi. Unda viloyat hamda tuman hokimligi, Xalq qabulxonasi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, sektorlar va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Qabul chog‘ida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, adolatni qaror toptirishga alohida e’tibor qaratildi. Elektr energiyasi ta’minoti, uy-joy, ta’lim va tibbiyot, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan 423 ta murojaat qabul qilindi. Ularning aksariyati joyida hal etilgan bо‘lsa, muddat talab etiladiganlariga mas’ullar biriktirilib, viloyat hokimligi tomonidan ijrosi nazoratga olindi. E’tiborli jihati, kelib tushgan kо‘plab murojaatlar shaxsiydan kо‘ra umum manfaatiga xizmat qilishi bilan e’tiborli bо‘ldi.

Xususan, Mustaqillik mahallasida yashovchi Buxor Yusupov Eski Yakkabog‘ ichki yо‘li, qabristonni obodonlashtirish, suv masalasida о‘z fikrlarini bayon qildi va ushbu masala joyiga borib о‘rganilib, hal etiladigan bо‘ldi. Qorasuvlik Alim Salayev esa ichimlik suvi va bog‘cha qurish, Daryo qishlog‘ida yashovchi Mahmud Bо‘riyev kо‘prik qurish, kaltaqо‘llik Yusuf Ne’matov yо‘l, bolalar futbol maydonchasi va bog‘cha qurish, tatarlik Nusrat Nurillayev transformator о‘rnatib berishni sо‘rab, viloyat hokimi huzuriga kelishdi.

Shuningdek, CHо‘mich mahallasilik Otabek Boyqobilovga murojaatiga asosan gul dо‘koni ochish uchun joy ajratilgan bо‘lsa, Ulamji mahallasida yashovchi Dilxush Baxriddinov elektr ta’minoti korxonasiga, galamullalik Roziya Qodirova 1-bolalar va о‘smirlar sport maktabiga ishga joylashtirildi. Bunyodkor mahallasida istiqomat qiluvchi Salohiddin Umidovga novvoyxona qurish uchun joy, yashnobodlik Bekjon Xolboboyevga 2 mingta kurka boqish sharti bilan eski shiypon binosi ajratib berildi. Tezoblik Salohiddin Mahmudovning murojaati ham atroflicha kо‘rib chiqilib, uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratilishida, nogironlik guruhi olishida yordam kо‘rsatiladigan, qо‘shimchasiga 4 bosh qо‘y ham beriladigan bо‘ldi.

- Viloyat hokimining qabulida noturar joyni turar joy toifasiga о‘tkazib berishni sо‘rab murojaat qilgandim, - deydi Chinobod qishlog‘ida yashovchi Shohista Salomova. - Shu kunning о‘zida tuman hokimining qarori imzolanib, kadastr hujjatlari rasmiylashtirib berildi. Muammo tezda hal bо‘lganidan mamnunman.

Sayyor qabulda eng sо‘nggi murojaat kech soat 22:15 da tinglandi va unda kо‘tarilgan masala ham ijobiy hal etildi.

Viloyat hokimi Kitob va Yakkabog‘ tumanlaridagi sayyor qabullar natijalari bо‘yicha alohida yig‘ilish о‘tkazib, masalalarning ijrosini muhokama etdi. Fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullar, hududiy tashkilotlar rahbarlari axborotlari tinglandi.

N.XО‘JAYEV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

04-04-2019 |
Foto galereya