Keyingi bir yil davomida viloyatimizdagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatni о‘tagan 366 nafar askarga tadbirkorlikni yо‘lga qо‘yish uchun imtiyozli kredit olish imkonini beruvchi sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining "О‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarini ijtimoiy qо‘llab-quvvatlashga doir qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qarorida kamida olti oy xizmat qilgan muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari orasida tadbirkorlik faoliyati uchun hujjatlarni rasmiylashtirish va kreditlar berish tartibini tushuntirish bо‘yicha seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar va amaliy mashg‘ulotlar о‘tkazish kо‘zda tutilgan edi. Shunga muvofiq, viloyatimiz hududida joylashgan harbiy qismlarda ham bu borada kо‘plab о‘quv-seminarlari tashkil etildi.

- Viloyatimizdagi Mudofaa vazirligiga qarashli 11 ta harbiy qismda о‘tkazilgan ana shunday о‘quv-seminarlarga 679 nafar harbiy xizmatchilar jalb etildi, - deydi О‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qо‘llab-quvvatlash markazining viloyat bо‘linmasi direktori Adham Tohirov. - Tegishli sinovlardan sо‘ng 366 nafar muddatli harbiy xizmatchi tegishli sertifikatlar olishga loyiq deb topildi.

Endi ushbu yoshlar muddatli harbiy xizmatni tugatgach, uyga qaytishi bilan sertifikat asosida imtiyozli kredit olib, о‘z bizneslarini yо‘lga qо‘yishlari mumkin bо‘ladi.

S.ALLAYOROVA

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

17-03-2019 |
Foto galereya