Bugun iqtisodiyotni rivojlantirish, aholining turmush farovonligini yuksaltirish, qishloqqa sanoatni olib kirish va yangi ish joylarini yaratishda fermer xо‘jaliklari muhim ahamiyat kasb etayapti. Shunga monand, mazkur soha istiqboli uchun keng imkoniyatlar yaratish, fermerlik faoliyatini iqtisodiy va huquqiy jihatdan qо‘llab-quvvatlash, qolaversa, ularni kо‘p tarmoqliga aylantirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Chunki, fermerning faqat qishloq xо‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilangina cheklanib qolishi davr talablariga mos kelmaydi.

Shahrisabz tumanilik Mо‘tabar О‘taganova ham bundan bir necha yil muqaddam tumanning Qо‘shchinor mahallasi hududidan 20 gektar yer olib, "О‘taganov Odiljon" fermer xо‘jaligini tashkil etgan hamda lalmi bug‘doy yetishtirish bilan faoliyatini boshlagan edi.

Fermerning izlanuvchanligi, tashabbuskorligi natijasida bugun xо‘jalik faoliyati har tomonlama kengayib, qо‘shimcha tarmoqlar soni ham oshib bormoqda.

- Faqat lalmi bug‘doy ekish bilan katta natijaga erisha olmasligimizni bilgach, yer osti suvidan foydalanib, 6,4 gektar maydonda intensiv bog‘ tashkil etdik, - deydi fermer. - Bu yerga asosan yuqori navli gilos hamda tok ekkanmiz. 

Shu bilan bir qatorda, xо‘jalikda chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik kabi tarmoqlar ham tashkil etilganki, bugun ularning har biridan daromad kelmoqda.

- Parrandaning о‘ziga xos turi, ya’ni yapon tovuqlarini boqayapmiz, - deydi u. - Ayni paytda 150 taga yaqin shu zotdagi tovuqlarimiz bor. Bu tovuqlar kichik, ammo bir qator afzalliklarga ega. Masalan, kasalliklarga chidamli, tuxum va jо‘ja berishda mahsuldorligi yuqori. Qolaversa, о‘zining chiroyli kо‘rinishi bilan ham e’tiborni tortadi. Shu bois, ayni paytda yetishtirayotgan tuxum va jо‘jalarimiz hududdagi aholining о‘zidan ortayotgani yо‘q. 

Ayni paytda xо‘jalikda ellikdan ortiq qoramol hamda 300 ta mahalliy zotga mansub quyon ham parvarishlanmoqda. Yetishtirilgan chorva mahsulotlari hamda quyon gо‘shti peshma-pesh hududdagi tadbirkorlik subyektlariga  yetkazib berilayapti.

Tabiiyki, tarmoqlar soni oshishi bilan daromad miqdori ham kо‘paymoqda. Bu esa fermerning iqtisodiy imkoniyatlari ortib, yanada kattaroq ishlarga sarmoya kiritishiga imkon berayapti. Misol uchun, yaqin ikki yil ichida zamonaviy sovutkichli issiqxona qurish, meva-sabzavot mahsulotlarini joylash uchun mо‘ljallangan plastik qutilar ishlab chiqarishni yо‘lga qо‘yish fermerning yangi rejasiga aylangan.

Jahongir  BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida 

 

18-07-2019 |
Foto galereya