Eron Islom Respublikasining "POOYA POLYMER TEHRAN" kompaniyasi viloyatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritish istagini bildirdi. Xom ashyo yaqinligi sabab chet ellik investor о‘z faoliyatini yо‘lga qо‘yish uchun G‘uzor tumanini har tomonlama maqbul deb topgan. Bu haqda ushbu tuman hokimligi investitsiyalar va tashqi savdo bо‘limi boshlig‘i Azamat Avazov ma’lum qildi.

Mutasaddining sо‘zlariga kо‘ra, kompaniya direktori Kamron G‘aniy boshchiligidagi delegatsiya yaqinda mazkur hududga ishchi tashrif bilan kelgan. Xorijlik ishbilarmon tuman hokimi bilan uchrashib, о‘zaro manfaatli muzokaralar olib borilgan. Muloqot davomida mehmonlarga tumanning investitsiyaviy salohiyati, biznes yuritish uchun imkoniyatlar tanishtirilgan. Shundan sо‘ng istiqbolli takliflar о‘rganilgan, natijada Eron kompaniyasi vakillari kelgusida hamkorlik qilishga xohish bildirgan.

- Bu kompaniya kо‘pdan beri polimer mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelmoqda, - deydi Azamat Avazov. - Ushbu subyekt tasarrufidagi mavjud quvvatlar yiliga 80 ming tonnagacha tayyor sanoat    tovarlari ishlab chiqarish imkoniga ega. Bugungi kunda kompaniya mahsulotlari Turkiya, Kanada, Koreya, Germaniya va Shveysariya singari mamlakatlarga eksport qilinayotgani ham uning salohiyatidan darak bermoqda.

Qayd etilishicha, tomonlar shu yilning iyun oyida G‘uzor tumanida xorijiy korxonani davlat rо‘yxatidan о‘tkazishga kelishib olishgan. Avvaliga ushbu subyekt tomonidan tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan. Zarur xom ashyoning 30 foizdan kо‘p qismi shu yerning о‘zidan olinsa, qolgani Erondan keltiriladi. Qiymati 2 million AQSH dollari atrofida baholanayotgan loyiha ilk bosqichi ishga tushsa, 20 nafar kishi ish о‘rni bilan ta’minlanadi.

Tashrif mobaynida investorlar viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev qabulida ham bо‘lishgan.

M.SHUHRATOV

qashqadaryogz

13-04-2019 |
Foto galereya