Tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish Chiroqchi tumanidagi "Chiroqchi buyursin" xususiy korxonasining asosiy ixtisosligidir. Tadbirkorlik subyekti 2017 yilda tashkil topgan. Biznesda sezilarli muvaffaqiyatga erishish uchun bu muddat kamdek. Ammo mazkur korxona kuchli raqobat sharoitida nafaqat mahalliy bozordan о‘z о‘rnini topa bildi, balki bugun mahsulotlarini chet ellik xaridorlarga ham taklif etmoqda. "О‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" yorlig‘i ostida trikotaj buyumlari eksport qilinayotgani fikrimiz tasdig‘i bо‘la oladi.

- Respublika miqyosida bо‘lib о‘tgan kо‘rgazmalarning birida tojikistonlik ishbilarmonlar mahsulotlarimizga juda qiziqib qolishdi, - deydi korxona rahbari Oxunjon Jalolov. - Muzokaralardan sо‘ng hamkorlikni boshlab yubordik. Mahsulot oldi-sotdisi bо‘yicha 70 ming AQSH dollarilik bitim imzolaganmiz. Hozir faqat futbolka yetkazib berayapmiz. Agar taklif tushsa, mahsulot turi yanada kо‘payishi mumkin. Axir bizda 17 xil kiyim-kechaklar tayyorlanadi. Ilgari qishki ust kiyimlar ishlab chiqarishni о‘zlashtirgan bо‘lsak, endilikda bular yoniga maktab formalari, bahoriy liboslar, kо‘ylaklar qо‘shilgan. Viloyatimizdan   tashqari, boshqa hududlarga ham mahsulot tarqatamiz.

Tadbirkorning aytishicha, korxona faoliyati jiddiy о‘sishiga yaqinda rо‘yobga chiqqan yangi loyiha ham turtki bergan. YA’nikim, Prezident qarori asosida bultur tumandagi bо‘sh turgan davlat mulki negizida kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Bu yerdan ishbilarmonga ham alohida joy ajratilgan. Tadbirkor ezgu tashabbusni paysalga solmay, darrov tikuvchilik fabrikasi bunyod etishga kirishgan. Hozirda 2 qavatli ushbu binoning birinchi qavati tо‘liq foydalanishga topshirilgan, ishlab chiqarish yо‘lga qо‘yilgan. 70 dona tikuv mashinasi о‘rnatilgan. 80 nafardan ziyod kishining foydali mehnat bilan doimiy band bо‘lishiga sharoit yaratilgan.

Mirzohid JО‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan surat.

                                                      Qashqadaryogz.uz ma’lumotolari asosida

 

 

 

26-06-2019 |
Foto galereya