10 aprel - Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun

  XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida odamlar ijtimoiy-madaniy hayotini о‘zgartirish, yangicha yashash, yangicha fikrlash g‘oyalarini targ‘ib qilish avj olgan bu g‘oyalar targ‘ibotchilari sifatida ilg‘or ma’rifatparvarlar, jadidlar maydonga chiqishgan edi. Ulardan biri Abdulla Qodiriy ham shunday harakatlar ta’sirida ulg‘aydi va keyinchalik ushbu harakatning ishtirokchisi, targ‘ibotchisiga aylanib bordi.

Ma’lumki, adibning ilk ijodiy ishi "Yangi masjid va maktab" sarlavhali xabari, keyinchalik "Tо‘y", "Ahvolimiz", "Millatimga bir qaror!", "Fikr aylag‘il" kabi she’rlari "Sadoi Turkiston" gazetasi va "Oyna" jurnalida nashr etilgan. Ma’rifatparvar shoir sifatida she’rlarida millatdoshlarini jaholat va xurofotga qarshi kurashga chaqirib, yuz berayotgan voqea-hodisalarga befarq bо‘lmaslikka undaydi.

Ayniqsa, adibning oktabr inqilobidan keyingi hayoti va ijodiy faoliyati vaqtli matbuot bilan yanada uzviy bog‘liq. Chunonchi, 1919 yili "Oziq ishlari" gazetasiga muharrirlik qiladi. Keyinchalik "Inqilob", "Ishtirokiyun", "Qizil bayroq" gazetalarida adabiy xodim va muxbir sifatida faoliyat kо‘rsatgan va turkum chiqishlar qilgan.

U "Mushtum" jurnali asoschilaridan biri. Nashr nomini ham о‘zi о‘ylab topgan. Jurnaldagi aksar "jonli" maqolalar, hikoyalar ham unga tegishli. "Toshpо‘lat tajang nima deydi?", "Kalvak Mahzumning xotira daftaridan" turkumidagi satirik hikoyalarida odamlar tabiatidagi muayyan salbiy xarakter va hodisalarni tasvirlashda xolis turib, boricha, davr murakkabligi, ziddiyatlari bilan kо‘rsatishga harakat qilgan.

Adibda novatorlik kayfiyati ustun bо‘lib, bu jurnalistika sohasidagi faoliyatida ham yaqqol namoyon bо‘ladi. Binobarin, о‘zbek matbuotida ocherk, felyeton kabi janrlar yuzaga kelishiga u sababchi bо‘ldi. Gazeta, jurnal sahifalarini "Qodiriy", "Julqunboy", "Toshpо‘lat tajang", "Kalvak mahzum", "Dumbul", "Ovsar", "Shig‘ay" kabi taxalluslar bilan yozilgan ocherk, felyetonlari, hajviy mavzudagi yangicha shakl va mazmundagi tahliliy, tanqidiy maqolalari bilan boyitdi.

Ijodkorning "Baxtsiz kuyov" dramasi, "Juvonboz", "Uloqda", "Jinlar bazmi" kabi qator mavzu jihatdan jiddiy, badiiy jihatdan pishiq asarlari va turkum hikoyalarida о‘z xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod kо‘rish istagi yaqqol sezilib turadi. Ayniqsa, "Uloqda" hikoyasida yozuvchi oddiy tashviqotchi, hikoyachi sifatida emas, balki san’atkor sifatida namoyon bо‘ladi. Voqea-hodisalarni obrazlar orqali badiiy gavdalantiradi, xolis pozitsiyani egallaydi, jarayonga aralashmaydi. Voqealarni beg‘ubor bola nigohi, tasavvuri orqali boricha ifodalaydi va tasvirlaydi. Bu hikoya nafaqat Qodiriy ijodining, balki о‘zbek realistik hikoyachiligining yutug‘i, uning yetuk namunasidir.

 "О‘tgan kunlar" romanini yaratish bilan adib о‘zbek nasriga о‘ziga xos yangilik kiritib, mavjud an’analarni takomillashtirdi, yangi qonuniyatlarni amalda isbot qildi. О‘zining bu harakati va maqsadini: "Modomiki, biz yangi davrning yangiliqlar ketidan ergashamiz va shunga о‘xshash dostonchiliq, rо‘monchiliq va hikoyachiliqlarda ham yang‘irishg‘a, xalqimizni shu zamonning "Tohir-Zuhra"lari, "Chor darveshlari", "Farhod-Shirin" va "Bahromg‘о‘r"lari bilan tanishtirishga о‘zimizda majburiyat his etamiz", deb izohladi. U о‘z davri uchun jasorat namunasini kо‘rsatib, о‘zbek adabiyoti uchun hali kashf etilmagan yangi janr - roman yozishga jur’at topdi.

Umri davomida xalqini mustabid tuzum zulmidan, qora qilmishlaridan ogohlantirishga, odamlarga ziyo ulashishga harakat qilgan adib boshqa ziyolilar singari, tuhmatga uchrab, qamoqqa olinadi va qatl etiladi...

Garchi adib jisman yо‘q qilinsa-da, undan qolgan о‘lmas asarlar odamlarga haqiqat va adolat, tо‘g‘rilik va hurlikdan saboq berishdan tо‘xtamadi. 

                                     Odil BEGIMOV,

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti dotsenti,

filologiya fanlari nomzodi

"qashqadaryogz.uz" ma’lumotlari asosida

10-04-2019 |
Foto galereya