26 mart kuni Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyevning navbatdagi xalq bilan muloqoti sayyor qabul shaklida Kitob tumanida о‘tkazildi.

Xalq orasiga kirish, aholi bilan yaqindan muloqot о‘rnatish hamda ularning dardini eshitib, og‘irini yengil qilishga kо‘maklashish bugungi kun rahbar xodimlari, mutasaddi idoralarning eng dolzarb vazifalaridan biriga aylangan.

E’tiborli tomoni, aksariyat aholi vakillari tomonidan nafaqat о‘zi yoki oilasiga tegishli, balki mahalla, tuman ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq muammolar о‘rtaga tashlandi.

О‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi tegishli qarori hamda 2019 yil 17 yanvardagi "Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoni ijrosi yuzasidan о‘tkazilgan sayyor qabulda aksariyat muammolar joyida hal etilgan bо‘lsa, qolganlari bо‘yicha "yо‘l xaritalari"  belgilanib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish choralari kо‘rilmoqda.

Qariyib 2000ga yaqin kitoblik fuqarolar va mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etgan sayyor qabulda  har bir murojaatchining arzi-holi diqqat bilan tinglanib, ularning e’tiroziga sabab bо‘lgan holatlarni hokimlik, masalaga daxldor boshqarma, tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirokida chuqur tahlil qilgan holda bartaraf etish choralari kо‘rildi. Aksariyat murojaatlarda keltirilgan qonun buzilishi holatlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolar joyida hal etildi. 

  Suratlarni Murodillo Komilov olgan.

29-03-2019 |
Foto galereya