Qashqadaryolik deputat fikri 

Hamma narsa insonning о‘ziga bog‘liq, ammo inson taqdiri onaga bog‘liq, degan gapda katta hikmat bor. Darhaqiqat, kelajak avlodni barkamol inson etib tarbiyalash, о‘lmas milliy qadriyatlarimizni keyingi avlodlarga yetkazish onalarimiz, tarbiyachilarimiz hisoblangan ayol zimmasida. Shu bois ham onani kelajakni yaratuvchi bunyodkor kuch, deb ta’riflaymiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ish boshlagan dastlabki kunlardayoq mamlakatda ma’naviyatni yuksaltirishga katta e’tibor berdi. U kishining ilk uchrashuvi ham ziyolilar, madaniyat va ma’rifat tarqatuvchi ustozlar bilan о‘tganini hammamiz yaxshi eslaymiz.

Yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, shubhasiz, bugun dolzarb masalalardan biridir. Bu masalani ma’naviyati yuksak onalarning ishtirokisiz yechib bо‘lmaydi. Chunki, farzandning ilk tarbiyachisi uning onasidir. Shuning uchun ham mamlakatimizda ayollarga munosib turmush sharoitini yaratish, ular haqida g‘amxо‘rlik qilish, qonuniy manfaatlari, huquqlarini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor vazifasi hisoblanadi. Keyingi ikki yil ichida qabul qilingan aksariyat qonun, farmon va qarorlar ayolni qadrlashga, e’zozlashga, ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

2018 yilning 2 fevralida davlatimiz rahbarining “Xotin-qizlarni qо‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatga muvofiq, barcha fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bо‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etildi. “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bо‘limlarining tashkil etilishi oila institutining mustahkamlanishida amaliy qadam bо‘ldi. Shuningdek, FHDYO organlari tuman, shahar hokimliklariga bо‘ysundirildi. Ularning faoliyatini nazorat qilish hokim о‘rinbosari – xotin-qizlar qо‘mitasi raisi zimmasiga yuklatildi.

Shu bilan birga, 2018 yil 14 martda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Xotin-qizlarni va oilani qо‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi. Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qо‘llab quvvatlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, oilalarga, nogironligi bо‘lgan ayollarga yordam kо‘rsatish, ularning bandligini ta’minlash kabilar fondning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda bandlik masalasi muhim hisoblanadi. Bandlik qator hayotiy muammolarning yechimi, jinoyatlarning, oiladagi ajrimlarning oldini oluvchi omillardan sanaladi. Ishli ayol rо‘zg‘orining but, xonadoni dasturxonining tо‘kin bо‘lishiga hissa qо‘shadi. Shu ma’noda, bugun jamoat fondining mablag‘lari aynan ayollar bandligini ta’minlashga yо‘naltirilmoqda.

Yaqinda Prezidentimizning “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qо‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga sо‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, mehnat huquqini kafolatlash, ayollar tadbirkorligini qо‘llab-quvvatlashga keng imkoniyatlar yaratadi.

Amaldagi Mehnat kodeksining 100-moddasida pensiya yoshiga yetgan fuqaro bilan mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan bekor qilinishi mumkin edi. Davlatimiz rahbarining mazkur qarori esa, ayol 60 yoshga tо‘lgunicha ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlandi. Shuningdek, ushbu hujjat asosida О‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlar gender tengligini himoya etish bо‘yicha komissiya ham tuzildi.

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun ijodkorligi ham qizg‘in davom etadi. “Erkak va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari tо‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zо‘ravonliklardan himoya qilish tо‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilishi kо‘zda tutilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 19 mart kuni о‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bolalarimizning tarbiyasida e’tibor qaratishimiz zarur bо‘lgan vazifalarni yana bir bor yodimizga soldi. Davlatimiz rahbari ushbu videoselektor yig‘ilishida yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan tо‘g‘ri foydalanish kо‘nikmasini shakllantirish, yoshlar о‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan beshta yо‘nalishda tashabbus kо‘rsatib, muhim vazifani belgilab berdilar.

Mazkur vazifalar mag‘zini chaqqan har kishi bir narsani aniq anglab yetadi: yurt va jamiyat rivojida g‘oyatda ahamiyatli bu tashabbus yoshlarni jismonan baquvvat, ruhan tetik etib tarbiyalash uchun ularni sport tо‘garaklari tomon boshlab borishimiz, yuragida kitobga havas uyg‘otib, о‘zimiz kitobxonlikda namuna bо‘lishimiz talab etiladi. Axir, shu kо‘zmunchoq bolalarimiz ertaga sportda, fanda, san’atda dunyoni zabt etsa, uning bilimi, odobiga dunyo havas qilsa, shu bizning baxtimiz, shu bizning faxrimiz…

Ana shunday dunyo tan oladigan, havas qiladigan о‘g‘il-qizlarni tarbiyalashga esa asosan biz – ayollar mas’ulmiz. Biz yana ayolni e’zozlaydigan, yurtiga tayanch bо‘ladigan mardi maydonlarni voyaga yetkazishga burchlimiz.

Bugun mamlakatimizda islohotlar shiddat bilan davom etyapti. Biz tarbiyalayotgan farzandlarimiz ham ana shunday shahd va shiddat bilan bunyodkorlik ishlariga kamarbasta bо‘ladi. Niyatimiz ham aslida shu.

 

Komila Karomova,

О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati.

 

О‘zA

29-03-2019 |
Foto galereya