Tadbir Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasida О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Bankrotlik taomillarini yanada soddalashtirish va sud boshqaruvchilari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar о‘tkazildi.

Unda agentlikning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududiy boshqarmalari vakillari, viloyatdagi iqtisodiy sudlar raislari, davlat soliq boshqarmasi, Sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi bо‘limi mas’ul xodimlari hamda sud boshqaruvchilari qatnashdi.

Qayd etilganidek, Prezident qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 iyuldan davlat soliq xizmati organlari soliq va boshqa majburiy tо‘lovlar bо‘yicha qarzdorlikni undirish imkoniyati bо‘lmaganligi sababli ijro hujjatlari qaytarilgan kundan boshlab 30 kundan kechiktirmasdan qarzdorni bankrot deb topish tо‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi joriy etildi. Bankrotlik tо‘g‘risidagi ish bankrotlik alomatlari mavjud bо‘lgan taqdirda, agar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan jami talablar summasi eng kam ish haqi miqdorining kamida uch yuz karrasini tashkil etadigan bо‘lsa, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorga yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yо‘qotgan jismoniy shaxsga nisbatan esa eng kam ish haqi miqdorining kamida yigirma karrasini tashkil etadigan bо‘lsa, sud tomonidan qо‘zg‘atilishi mumkin.

2019 yil 1 maydan esa davlat soliq xizmati organlarining arizalari bо‘yicha qо‘zg‘atilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini о‘tkazishda sud boshqaruvchilarini davlat soliq xizmati organlari xodimlari orasidan tayinlash amaliyoti bekor qilindi.

Davlat soliq xizmati organlarining arizalari bо‘yicha qо‘zg‘atilgan bankrotlikning soddalashtirilgan taomillarini о‘tkazishda tо‘rtinchi toifali sud boshqaruvchisi attestatiga ega bо‘lgan va Sud  boshqaruvchilari assotsiatsiyasi a’zolari hisoblangan shaxslar sud boshqaruvchisi etib tayinlanadi. Qarzdor turgan joydagi tuman (shahar) soliq inspeksiyasining qaroriga asosan, har bir yakunlangan tugatishga doir ish bо‘yicha sud boshqaruvchilariga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida haq tо‘lanadi. Soliqlar va boshqa majburiy tо‘lovlar bо‘yicha qarzdorlikni uzishda tо‘langan qarz summasining 5 foizi miqdorida sud boshqaruvchilariga qо‘shimcha haq tо‘lanadi. О‘z navbatida sud boshqaruvchilarining faoliyati "fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish" ixtisoslashuvi bо‘yicha litsenziyaga ega bо‘lgan va sud boshqaruvchisi attestatini olgan advokatlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.

Yig‘ilishda bankrotlik taomilini qо‘llashda ahamiyat qaratiladigan jihatlar, qarzdor korxonalarni tugatish jarayonida sud boshqaruvchilariga qо‘yilgan talab va majburiyatlar bо‘yicha ham ma’lumotlar berildi.

Asqar XURRAMOV,

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

viloyat hududiy boshqarmasi bо‘lim boshlig‘i

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

04-04-2019 |
Foto galereya