Shunday tashabbuskor va tashkilotchi insonlar bо‘ladiki, qayerga rahbarlik qilmasin, jamoani yangi-yangi zafarlar sari undab, amaliy ishlari bilan barchaga namuna kо‘rsatadi. Hali kо‘p bо‘lmadi, yaqindagina O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi sifatida ish boshlagan Shuhrat Tursunovni kabinetidan topish mushkul. Qachon qо‘ng‘iroq qilsangiz, vohaning qaysi bir tumanida aholi muammolari bilan shug‘ullanib yurgan bо‘ladi. Tashkiliy-partiyaviy, g‘oyaviy-siyosiy ishlar bugungi zamon talablari darajasida tashkil etilyapti, asosiysi, partiya viloyat, tuman va shahar kengashlari xodimlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari va faollar zimmadagi vazifalarga mas’uliyat bilan yondashmoqdalar.

Ha, bugun partiya xodimlari, deputat va faollar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni jadallashtirish, el-yurt farovonligi yо‘lidagi ishlarga munosib hissa qо‘shish maqsadida ter tо‘kyapti. Ular odamlar orasida, xalqning dardu tashvishlari bilan yashamoqdalar, tо‘planib qolgan muammolarni partiyaviy ta’sir choralari, homiylar kо‘magida, ba’zan о‘z tashabbuslari bilan bartaraf etmoqdalar. “Bahona emas, chora topish kerak!” degan shior bugun barchani ogohlikka, izlanishga da’vat etayotgandek, nazarimda.

Bugun partiya tomonidan viloyat aholisi о‘rtasida keng kо‘lamdagi tushuntirish – targ‘ibot va tashkiliy-partiyaviy ishlar olib borilmoqda. Natijada partiya saflari jonkuyar va tashabbuskor yoshlar hisobiga tо‘ldirilib, siyosiy kuchga bо‘lgan ishonch yanada mustahkamlanayotir. Yaxshisi, quyidagi raqamlarga e’tibor beraylik. Bundan rosa bir oy muqaddam viloyatda 1 030 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat olib borayotgani qayd etilgandi. May oyida ularning hisobot davridagi faoliyati tanqidiy-tahliliy kо‘rib chiqildi. Paxta yetishtirish klaster tizimiga о‘tilayotgani, fermer xо‘jaliklarining optimallashtirilishi, ayrim fermer xо‘jaliklari va korxona, tashkilotlarning tugatilayotgani bois 90 ta quyi bо‘g‘in о‘z faoliyatini tо‘xtatgan edi.  Shuhrat Tursunovning tashabbusi bilan qog‘ozda faoliyat olib borayotgan ayrim boshlang‘ich partiya tashkilotlari о‘rniga boshqa fermer xо‘jaliklari, tadbirkorlik subyektlari, mahalla va korxonalarda boshlang‘ich partiya tashkilotlari ochildi.

Targ‘ibot va tashviqot ishlari natijasida partiya saflari  1 722 nafarga kо‘payib, ayni paytda a’zolar soni 61 ming 707 nafarga yetdi. Ilg‘or boshlang‘ich partiya tashkilotlari tajribasini ommalashtirish yaxshi samara bermoqda. Amaliy ishlari bilan barchaga о‘rnak bо‘lib kelayotgan bunday quyi bо‘g‘inlar yetakchilari bilan amaliy muloqotlar tashkil etila boshlandi. Viloyatning turli burchaklaridan kelgan yetakchilar ishtirokidagi uchrashuvlar faoliyatni jonlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. “Muborakneftgaz” MCHJ, Dehqonobod kaliyli о‘g‘itlar zavodi, Muborak GQIZ, “SHо‘rtangazkimyo” majmuasi, “SHо‘rtanneftgaz” MCHJ, Yakkabog‘ geologiya fizika ekspeditsiyasi, Qarshi yog‘-ekstraksiya zavodi qoshidagi boshlang‘ich tashkilotlarda bо‘lib о‘tgan tadbirlar shular jumlasidandir.

– Viloyat hokimi bilan viloyatimizning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan aholi xonadonlarida bо‘lib, “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib boryapmiz, – deydi Shuhrat Tursunov. –Boquvchisini yо‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarning holidan xabar olib, oilaviy tadbirkorlikka yо‘naltirish maqsadida parranda, chorva moli, urug‘lik va moliyaviy kо‘mak beryapmiz. Kitob tumanidagi Denovbola, Botmon, Jovuz, Mirishkor tumanidagi Chandir, Pomuq, Yakkabog‘ tumanidagi Ajrim, Chubron qishloqlarida bо‘lib, aholining turmush sharoitlari, bandligini о‘rgandik. О‘ttizdan ortiq oilaga moliyaviy yordam berildi. О‘ndan ortiq nogironlarga aravacha va boshqa tibbiy uskunalar olishlarida kо‘maklashdik. Qishloq odamlari yurtboshimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlardan mamnun. Ularga ozgina e’tibor qaratilsa, moliyaviy yordam ajratilsa, hayoti farovonlashib ketishi aniq. Ana shunday muhim vazifalarni bajarishda partiyamiz faollari, deputatlarimiz tashabbus kо‘rsatishlari kerak. Mana bir yarim oydirki, о‘nga yaqin tadbir tashkil etdik. Ammo men bilgan va yaxshi tanigan deputatlarni о‘sha anjumanlarda kо‘rmadim. Demakki, bu yilgi saylovlarda ularning о‘rniga siyosiy faol, mamlakatdagi islohotlarda о‘zini mas’ul deb biladigan, el dardi bilan yashaydigan jonkuyar insonlarni nomzodlikka kо‘rsatishimiz kerak ekan.

Bugun viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari viloyat Kengashi, deputatlar nazoratida turibdi. Ular deyarli har kun olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga kо‘maklashmoqdalar. Nishon tumanidagi Talimarjon shaharchasidagi Obod, Dо‘stlik, Tinchlik va Obi hayot mahallalarida 2 204 xonadonda 9 ming 506 nafar aholi istiqomat qiladi. Bundan о‘ttiz yil muqaddam qurilgan kо‘p qavatli uylarda aholining yashashi uchun sharoit yо‘q. Kanalizatsiya tizimi deyarli ishdan chiqqan, avtomobil turargohi va bolalar о‘yingohlari bunyod etilmagan. 1 ming 759 nafar о‘quvchi tahsil oladigan  4-maktab ta’mirtalab. Uni kapital ta’mirlash va qо‘shimcha 216 о‘rinli yangi bino qurish rejalashtirildi. 2 ta maktabgacha ta’lim muassasalari ham qayta ta’mirlanishi kerak.

 – Bugun chegara hududida joylashgan, e’tibordan chetda qolgan bu shaharcha zamonaviy qiyofa kasb etishi uchun keng kо‘lamda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda, –deydi Shuhrat Tursunov. – Obodonlashtirish ishlari haqida deputatlarimiz har kuni kengashga ma’lumot berib turishibdi. Shaharcha aholisi bilan muloqotlar tashkil etilib, mavjud muammolarni о‘rganib, xalq deputatlari tuman va viloyat kengashlari sessiyalariga masala kiritish yuzasidan ishlar boshlangan. Mutasaddilarga yuborilgan о‘ndan ortiq deputatlik sо‘rovlari shaharcha aholisi turmush farovonligi va bandligini oshirishga yaqindan yordam berishiga ishonaman.

Bugun viloyatda tashabbuskor partiya faollari soni kun sayin ortmoqda. Ularning ibratli ishlari partiya elektorati va aholi о‘rtasida ommalashtirilmoqda. Qarshi tumanidagi “Baxt” fermer xо‘jaligi raisi Ibrohim Xoliyorov aholi bandligi va farovonligiga munosib hissa qо‘shib kelayotgan faollardan. U viloyatda ilk bor tuyaqush boqishni yо‘lga qо‘ydi. Endilikda uning tashabbusini butun viloyatga yoyish, tuyaqushlarni kо‘paytirib, butun viloyatdagi fermer xо‘jaliklariga tarqatish borasida amaliy ishlar boshlandi. Partiyaning Kitob tuman Kengashi deputatlik guruhi rahbari G‘ulom Uzoqov aholi о‘rtasida tomorqa xо‘jaligini rivojlantirish borasidagi targ‘ibot ishlarida faol qatnashib kelyapti.

Bugun chinakamiga izlanib, yangiliklarni faoliyatiga joriy etib borgan siyosiy kuchgina el nazaridan qolmaydi, dasturiy maqsadlarini qо‘llab-quvvatlovchilar soni kun sayin ortib boraveradi.

                                                                                Viloyat  hokimligi axborot xizmati

05-07-2019 |
Foto galereya