Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomli ixtisoslashtirilgan maktab-internati oldidagi xiyobonda shoir tavallud kuniga bag‘ishlab qator tadbirlar tashkil etildi. Xalqimiz ardoqli farzandi tavalludining 78 yilligi Navrо‘z umumxalq bayrami bilan uyg‘unlik kasb etdi.

Erta tongdan atoqli ijodkorning haykali poyiga gullar qо‘yildi. Xiyobondagi katta monitorda Abdulla Oripov hayoti va ijodi, dо‘stlari haqidagi videolavhalar, shoir she’rlari asosida yaratilgan kuy-qо‘shiqlar namoyish etildi. Bir tomonda milliy taomlar tortilgan bо‘lsa, boshqa joyda dorboz muxlislari yig‘ilishdi.

Maydon о‘rtasida tashkil etilgan shaxmat-shashka va stol tennisi musobaqalari yoshu keksani bahsga chorladi. Baxshilar va taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi chiqishlar, Abdulla Oripov dramalari asosida tayyorlangan sahna kо‘rinishlari, milliy-madaniy markazlar, orkestr jamoasining konsert dasturi namoyish etildi. Ayniqsa, viloyatdagi ta’lim maskanlari о‘qituvchi va о‘quvchilari о‘rtasida о‘tkazilgan "Abdullaxonlik" she’riyat kechasi adabiyot shinavandalarini mushoiraga chorladi. Unda shoir ijodidan namunalar, Vatan haqidagi she’rlar aytildi.

Shuningdek, tashkil etilgan xalq о‘yinlari, yosh rassomlar kо‘rgazmalari ham tadbirga о‘zgacha ruh bag‘ishladi.

S.ALLAYOROVA

J.NORQOBILOV olgan suratlar.

            qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

26-03-2019 |
Foto galereya