2019-2020 yillar davomida Dehqonobod, Kitob, Qamashi, Qumdaryo davlat о‘rmon xо‘jaliklari hamda Shahrisabz ixtisoslashtirilgan davlat о‘rmon xо‘jaligi tomonidan 7 ming gektar maydonda pista, achchiq bodom, yong‘oq va chakanda plantatsiyalari barpo etiladi.

Jumladan, 5 ming gektar maydonda pista ekilsa, 1000 gektar yerda achchiq bodom, 500 gektarda yong‘oq va 500 gektarda chakanda ekiladi.

Bu Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 martdagi "Qashqadaryo viloyatida о‘rmon xо‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qarori bilan tasdiqlandi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan Qamashi davlat о‘rmon xо‘jaligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bо‘lmagan Pistachilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba xо‘jaligi hamda Chiroqchi tumani hududida Qumdaryo davlat о‘rmon xо‘jaligi tashkil etildi. Endilikda Qumdaryo davlat о‘rmon xо‘jaligiga tuman hududidagi tabiiy о‘rmonzorlar hamda samarasiz foydalanilayotgan yerlardan 28 ming 552 gektar yer maydoni ajratib beriladi.

Eslatib о‘tamiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 13-14 dekabr kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida viloyatdagi о‘rmon xо‘jaliklari imkoniyatlaridan samarali foydalanib, dorivor va eksportbop mahsulotlar yetishtirish kо‘lamini oshirish bо‘yicha qator topshiriq va kо‘rsatmalar bergan edi.

Jahongir BOYMURODOV

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

18-03-2019 |
Foto galereya