Joriy yilda viloyatimizda qariyb 70 ming tonna sabzavot, 174 ming tonnadan ziyod poliz mahsuloti yetishtirish prognoz qilinmoqda. Ushbu davrda hududdagi bog‘ va tok qator oralaridan ham maqsadli foydalanishga e’tibor qaratiladi. Shu orqali iste’mol bozoriga qо‘shimcha 54 ming 541 tonna noz-ne’mat yetkazib beriladi. Shuningdek, g‘alladan bо‘shaydigan maydonlarda ham takroriy ekin sifatida ekilgan ekinlardan 815 ming tonnadan kо‘p hosil olish kо‘zda tutilayapti.  Mazkur mahsulotlar aholi, qayta ishlovchi korxonalar ehtiyojini qoplashga xizmat qiladi, bir qismi eksportga chiqariladi, zaxiraga va urug‘likka qoldiriladi.

 Kо‘rinib turibdi, marra yuqori olingan. Demak, vohamiz sohibkorlari zimmasida katta mas’uliyat bor. Xо‘sh, ushbu maqsadlar rо‘yobiga qay tariqa erishiladi, buning uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan? Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 29 martdagi "2019 yil hosili uchun qishloq xо‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari tо‘g‘risida"gi qarorida bunga tо‘liq javob berilgan.

Qayd etilishicha, ushbu hujjat bilan agrar jabhadagi ayrim muammolarni ham tizimli bartaraf etish, ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga tatbiq etish evaziga yuqori hosildorlikka erishish nazarda tutilgan. Jumladan, sabzavot, poliz va dukkakli ekinlarni har bir hududning iqlim-sharoiti, suv ta’minoti, tashqi bozorning mahsulot turi va yetkazib berish muddatlariga bо‘lgan talablari asosida joylashtirish ustuvorlik kasb etadi. Qishloq xо‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning moddiy resurslar, xususan, mineral о‘g‘it, yonilg‘i-moylash materiallari va kimyoviy vositalar bilan о‘z vaqtida va yetarli darajada ta’minlanishi chorasi kо‘riladi.

 Hukumat qarorida aynan qancha maydonda mahsulot parvarishlanishi, mavsumda qancha hajmda hosil yetishtirish taxmin qilinayotgani, kelgusida ularni realizatsiya qilish choralari, dehqonchilik uchun ishlatiladigan asosiy vositalar sarf-xarajati hududlar kesimida aniq kо‘rsatib о‘tilgan. Shu ma’lumotlarning viloyatimizga taalluqli qismiga tо‘xtalib о‘tsak.

 Keltirilishicha, vohamizda bu yil sabzavot yetishtirishga 4 ming 75 gektar, poliz mahsuloti parvarishiga 10 ming 200 gektardan oshiq, kartoshka uchun 1237 gektar, dukkakli va moyli ekinlarga esa mos ravishda 7359 va 2100 gektar maydon ajratilgan. Bu boradagi salmoq о‘tgan yillarda paxta maydonlari qisqartirilishi natijasida yanada oshgani ahamiyatli.

 Sabzavotchilik uchun mо‘ljallanayotgan maydonlardagi eng katta ulush achchiq qalampirga tegishli - bu turdagi ekin 2100 gektar joyni egallaydi. Piyoz (441 gektar), pomidor (392 gektar), sabzi (248 gektar), sarimsoq piyoz (163 gektar) ekilish kо‘lami bо‘yicha achchiq qalampirdan keyingi о‘rinda turadi. Baqlajon, bodring, gulkaramning har qaysisi uchun ajratilgan yer 100 gektarga yetmaydi.

 Tarvuz yetishtirishda Qashqadaryo respublikada eng yirik ta’minotchi bо‘lishi kutilayapti. Chunki ushbu poliz mahsuloti uchun mamlakat bо‘yicha ajratilgan eng kо‘p maydon (8634 gektar) aynan viloyatimizda.  Polizchilikka ixtisoslashgan boshqa xо‘jaliklar esa 302 gektarda qovun, 1268 gektar joyda qovoq parvarishi bilan mashg‘ul bо‘ladi. Dukkaklilardan mosh va loviya asosiy ekin sifatida yetishtirilmaydi. Biroq nо‘xat (6138 gektar) va yeryong‘oq (1120 gektar)dan olinadigan hosil salmoqli bо‘lishini aytish mumkin. 1600 gektarda parvarishlanajak soya hamda 500 gektarda о‘stirilajak kungaboqar о‘simligi hududdagi mavjud qayta ishlash korxonalarini xom ashyo bilan ta’minlashga kifoya qiladi.

 Shuningdek, joriy yilda viloyatimizda 36 ming gektardan ziyod maydonga ozuqa ekinlari joylashtiriladi. Beda (21 ming 30 gektar), don va silos uchun makka (qariyb 14,5 ming gektar), xashaki lavlagi shular jumlasidan. Qolaversa, 700 gektar joyda intensiv bog‘, 487 gektar maydonda yangi tokzor, 869 gektar hududda yangi tutzor barpo etilishi belgilangan.

 Tegishli qarorda ushbu davrda asosiy ekinlardan olinajak hosilning prognoz hajmlari ham tasdiqlangan. Xususan, sabzavotchilikda 10 ming tonnadan ortiq pomidor, 11 ming tonna atrofida piyoz, 29 ming tonna achchiq qalampir, 5,5 ming tonna sabzi hosili olish mо‘ljallanayapti. Rejadagi  144 ming tonna tarvuz, 27 ming 633 tonna kartoshka, 24 ming tonna qovoq, 7,5 ming tonna nо‘xat, 5 ming 660 tonna qovun ham bozorlarimiz tо‘kinligini ta’minlashi tayin.

 Vohamizdagi 16 ming 183 gektar bog‘ hamda 6 ming 529 gektar tokzorlardagi qator oralari ham rizqimiz mо‘l bо‘lishida muhim omil sanaladi. Ushbu joylarda ham dehqonchilik bilan shug‘ullanish, mahsulot yetishtirish har jihatdan samarali, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur. Albatta, joriy mavsumda vohamizda bu imkoniyat tо‘laqonli ishga solinishi kerak. Shu maqsadda 4 ming gektardan kо‘p qator orasiga qishloq xо‘jaligi ekini joylashtiriladi. Shuning 2476 gektari sabzavotga, 1411 ming gektari dukkakli ekinlarga, 130 gektari poliz mahsulotlari yetishtirishga ajratiladi. Kо‘tarilajak hosilning asosiy ulushi sabzavot (50 ming tonna) hissasiga tо‘g‘ri kelishi reja qilingan.

 * * *

 2019 yilda g‘alla hosilidan bо‘shaydigan 141 ming 800 gektar yerning 38 ming gektaridan ham samarali foydalaniladi. Takroriy ekin sifatida tanlangan mahsulotlar orasida sabzavot, kartoshka, poliz, kungaboqar, dukkakli va ozuqa ekinlarini sanab о‘tish mumkin. Natijada viloyatda sabzavot hosili 60 ming, kartoshka 33 ming, poliz mahsuloti 5,6 ming, dukkaklilar 5,6 ming tonnaga kо‘payadi. Chorva uchun 710 ming tonna qо‘shimcha ozuqa tayyorlashga zamin yaratiladi. 

 Qashqadaryoda bu boradagi ishlarni kо‘ngildagidek amalga oshirish uchun esa deyarli 10 ming tonna yonilg‘i-moylash materiali, 13 ming 331 tonna mineral о‘g‘it, 12 ming tonnadan ziyod urug‘lik ajratiladi. Umumiy xarajatlar summasi 251 milliard 500 million sо‘mga baholangan.

 Albatta, yetishtirilajak mahsulot о‘z bozorini, iste’molchisini topadi. Hukumat qarorida shu masalaga ham e’tibor qaratilgan. Tegishli     prognozga kо‘ra, viloyatimizda ishlab chiqariladigan 640 ming tonnadan ortiq qishloq xо‘jaligi mahsulotining 75 ming 481 tonnasi xorijiy mamlakatlarga eksport qilinadi. 66 ming 137 tonna noz-ne’mat qayta ishlash korxonalari barqaror faoliyatini ta’minlaydi. Zaxiraga 30 ming 532 tonna, urug‘lik uchun 9 ming tonna hosil qoldiriladi. 27 ming 446 tonna mahsulot esa Toshkent shahri va boshqa yerlarda tashkil etiladigan yarmarkalarga yetkazib beriladi. Qolgan 432 ming tonna qishloq xо‘jaligi mahsuloti ichki iste’molni qanoatlantirishi kо‘zda tutilgan.

 Hujjatda 2019 yil hosili realizatsiyasining agrar jabha tarmoqlari bо‘yicha taqsimoti ham berilgan. Kо‘rish mumkinki, vohamiz mirishkorlari yetishtirgan 31 ming tonna poliz mahsuloti, 14 ming tonna sabzavot, 9 ming 500 tonna dukkakli tashqi bozorga yо‘llanadi. Kartoshka esa ichki iste’moldan ortmaydi.

 Viloyatda barcha xо‘jaliklar tomonidan yetishtiriladigan meva hajmi 135 ming 685 tonnani tashkil etishi taxmin qilingan. Shuning 7 ming 256 tonnasidan chet elliklar bahramand bо‘ladi. Meva-chevani qayta ishlash kо‘lami (28 ming 356 tonna) Qashqadaryoda boshqa hududlarga nisbatan kо‘p bо‘lishi ham ahamiyatli. Shuningdek, vohamizda 5,5 ming tonna mahsulotni qish-bahor mavsumi uchun saqlash imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, uzumchilik tarmog‘ining mahsuldorligi ham sezilarli oshishi kutilmoqda. Vohamizda mavsumda qariyb 60 ming tonna hosil jamg‘arish maqsad qilingan. 13 ming tonnadan ortig‘i eksportga jо‘natilsa, 18 ming tonnasi sanoat korxonalarida qayta ishlanadi.

 Avval - boshda aytganimizdek, joriy yilda vohamizda qishloq xо‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bо‘yicha belgilangan prognoz kо‘rsatkichlari salmoqli. Endi esa hamma gap raqamlarni hayotga ham kо‘chirishda, amalda rо‘yobga chiqarishda qoldi. Asosiysi, natijaga erishish uchun barcha resurs va shart-sharoit bor, yil ham barakali keldi. Viloyatda bozorlar tо‘kinligini, noz-ne’matlar narxlari barqarorligini  ta’minlash shu yо‘lda bajariladigan say-harakatlarga bog‘liq.

 M.SHUHRATOV

qashqadaryogz.uz  ma’lumotlari asosida

13-04-2019 |
Foto galereya