Qarshi shahrida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bayram dasturxoni yozilib, tantanali ravishda nishonlandi. Unda, o‘zlarining mashaqqatli va fidokorona mehnatlari bilan viloyat ahlining farovon hayoti yo‘lida xizmat qilayotgan qishloq xo‘jaligi fidoyilari va qator soha vakillari ishtirok etishdi.
 
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan viloyat hokimi Murodjon Azimov Prezidentning soha vakillariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va ko‘ngli paxtasidek oq, chehrasi oftobdanda nurli dehqon va fermerlarni hamda barcha soha jonkuyarlarini bayram bilan samimiy muborakbod etdi.


Shuningdek, Eshmatov Shuhrat Ochilovich, Jo‘rayev Diyor Turdiqulovich, Hazratov Bahtiyor va Xaydarov Gʻanisher Ahmadovichlarga Qishloq xo‘jaligi vazirligining "O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fidoyisi" ko‘krak nishonlari topshirildi. Shu bilan birga, viloyatimiz agrar soha rivoji yo'lida qo‘shgan samarali hissasi uchun soha fidoyilari, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari xodimlari ham e’tirof etilib, faxriy yorliq va qimmatbaho estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bayram davomida san’atkorlar tomonidan aytilgan kuy-qo‘shiqlar barcha ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashib, o‘yin-kulgular bilan davom etdi.
 
 
 

Ma’lumot uchun, joriy yilda viloyatimiz bo‘yicha 669,2 ming tonna g‘alla, 393,5 ming tonna paxta va 2141,6 tonna pilla, shuningdek, 399,7 ming tonna sabzavot, 147,1 ming tonna kartoshka hamda 157,9 ming tonna poliz va 139,6 ming tonnaga yaqin meva mahsulotlari kabi jami 26 trln 76 mlrd.so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilgan.
13-12-2021 |
Foto galereya