Kecha Shahrisabz tumani “Xontepa” mahallasi hududidagi mahalliy aeroport o‘z faoliyatini qayta boshladi. Soat 13:10 da ilk aviaqatnov Toshkent shahridan kelib qo‘ndi.
Aeroportning ochilish marosimida Shahrisabz tuman hokimi, aeroport mutasaddilari, faol nuroniylar va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Mazkur aviaqatnovning qayta yo‘lga qo‘yilishidan shahrisabzliklarning quvonchi cheksiz.
“Men Toshkent shahridan bugun Shahrisabzga samolyotda kelgan ilk yo‘lovchilardan biri bo‘ldim. Bundan juda xursandman. Shahrisabz shahri, Kitob, Yakkabog‘ tumanlarida qarindoshlarimiz bor. Bu qatnovning yo‘lga qo‘yilishi ularning holidan xabar olishimiz uchun qulaylik yaratadi. Qolaversa, Shahrisabz tumanida sayyohlarning ko‘payishiga turtki beradi”, — deydi Nargiza Akbarova.
Ma’lumot o‘rnida, chiptalar narxi 267 ming so‘mdan boshlanadi. Qatnovlar esa chorshanba va shanba kunlari 11:40 da Toshkent–Shahrisabz, 13:50 da esa Shahrisabz–Toshkent yo‘nalishida muntazam yo‘lga qo‘yildi.